Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta'lim dasturini amalga oshirish bo'yicha Milliy komissiya tuzildi

Inson huquqlari sohasidagi ta'lim barchaning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag'batlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini ta'minlashda fundamental ahamiyat kasb etadi. U demokratik jamiyat qurish maqsadida huquqlar, erkinliklarni anglab yetish va ulardan faol foydalanish, majburiyatlarga amal qilishni nazarda tutuvchi inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari inson huquqlari sohasidagi ta'lim insonlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jabhalarda, umuman, o'z hayotiga daxldor bo'lgan qarorlarni qabul qilishning barcha jarayonlarida to'laqonli ishtirokini ta'minlash, shuningdek huquqbuzarliklar, zo'ravonlik va nizolarning oldini olishda muhimdir.

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2004 yil 10 dekabrda barcha sektorlarda inson huquqlari sohasidagi ta'lim dasturlarini amalga oshirishga ko'maklashish maqsadida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta'lim dasturi e'lon qilingandi. 2011 yil dekabrida esa BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta'lim va tayyorgarlik to'g'risidagi deklaratsiyasi qabul qilindi.

Ma'lumki, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta'lim dasturi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2004 yilda e'lon qilingan. Hozirgi vaqtgacha ushbu Dasturning quyidagi uchta bosqichi amalga oshirildi:

birinchi bosqich: 2005-2009 yillar – maktablarda inson huquqlari sohasidagi ta'lim jarayonlarini qamradi;

ikkinchi bosqich: 2010-2014 yillar – oliy ta'lim tizimi, shuningdek o'qituvchi-murabbiylar va davlat xizmatchilari uchun inson huquqlari sohasidagi ta'limga bag'ishlandi;

uchinchi bosqich: 2015-2019 yillar – ommaviy axborot vositalari vakillariga inson huquqlari sohasida ta'lim berildi.

O'z navbatida, 2020-2024 yillarda Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta'lim dasturining to'rtinchi bosqichi amalga oshirilmoqda. Yangi bosqich inson huquqlari sohasida ta'lim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Keyingi yillarda O'zbekistonda inson huquqlari sohasida, shu jumladan bu yo'nalishdagi ta'limni takomillashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Inson huquqlari sohasidagi ta'lim O'zbekiston Respublikasida inson huquqlari madaniyatini shakllantirishga oid davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biridir.

Oliy Majlis tomonidan 2019 yilda BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta'lim va tayyorgarlik to'g'risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo'yicha Milliy harakatlar dasturi qabul qilingan. O'zbekiston Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi Farmoni bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi tasdiqlandi. Milliy strategiya ijrosi doirasida oliy o'quv yurtlari uchun inson huquqlari bo'yicha o'quv kurslari joriy etish vazifasi belgilab berilgan.

2020 yil avgustida BMT shafeligida yoshlar huquqlariga bag'ishlangan Samarqand xalqaro forumi muvaffaqiyatli o'tkazildi. O'zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida ilgari surgan BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini qabul qilish tashabbusi xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo'llab-quvvatlandi.

Inson huquqlari sohasida erishgan shu kabi izchil natijalari tufayli O'zbekiston 2021-2023 yillarga BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga saylandi.

Barcha uchun universal bo'lgan huquqni himoya qilish normalari va tamoyillari, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilishning xalqaro kafolatlari to'g'risidagi xabardorlikni, shuningdek ushbu yo'nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida O'zbekiston Prezidentining 2021 yil 7 iyundagi Farmoyishiga muvofiq, O'zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Jahon ta'lim dasturining to'rtinchi bosqichini amalga oshirish bo'yicha Milliy komissiya tashkil etildi.

Milliy komissiyaga O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov rahbar etib tayinlandi. Komissiya a'zolari safida Oliy Majlis Senati, Tashqi ishlar, Adliya, Oliy va o'rta maxsus ta'lim, Xalq ta'limi, Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi, Ombudsman, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi, NNT va OAV vakillari, shuningdek hududlardagi rahbarlar bor.

Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta'lim dasturini ishlab chiqish vazifasi ham belgilab berilgan. Uni tayyorlashda xalqaro shartnomalar normalari va andozalariga, BMTning inson huquqlari sohasiga mas'ul tuzilmalari tavsiyalariga, shuningdek jamiyatimizning tarixiy, milliy va madaniy qadriyatlariga tayaniladi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
Matbuot xizmati

Powered by GSpeech