23-24 sentyabr kunlari poytaxtimizda «O'zbekiston Respublikasi sudlari qarorlarida BMTning inson huquqlari to'g'risidagi xalqaro shartnomalari normalarining qo'llanilishi» mavzuidagi uch kunlik amaliy seminar o'z ishini davom ettirdi. Mashg'ulotlarda Toshkent va Sirdaryo viloyatlari ma'muriy sudlari, jinoyat va fuqarolik ishlari bo'yicha sudlari sud`yalari ishtirok etdi.
O'zbekistonda, dunyoning boshqa davlatlarida bo'lgani kabi, sud`yalar inson huquqlari himoyasining kafilidir. Ular fuqarolar oldida hisobdor bo'lib, tegishli milliy va xalqaro qonunchilik talablari, shuningdek axloq-adob mezonlari asosida o'z faoliyatida yuksak darajadagi shaffoflikni ta'minlashga majbur.
Mamlakat sud-huquq tizimidagi islohotlarning asosiy yo'nalishlari haqida O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi vakillari A.Mirzaev va S.Alimardonov ma'ruza qildi. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining o'rinbosari D. Muratova tadbir qatnashchilarini xalqaro tashkilotlar, BMT ustav va shartnomaviy organlarining sudlar faoliyatida xalqaro huquq normalarini qo'llashga doir tavsiyalari bilan tanishtirdi.
"O'zbekistonda huquq ustuvorligi sohasida sheriklik" loyihasi menejeri A.Salaev huquq ustuvorligi masalalari borasida Oliy sud bilan BMTTD o'rtasida yo'lga qo'yilgan hamkorlikning asosiy yo'nalishlari to'g'risida axborot berdi. YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisining loyihalar bo'yicha maslahatchisi M.Lemuan onlayn murojaatida seminar ishtirokchilarini YEXHTning odil sudlovni amalga oshirish sohasidagi standartlari bilan tanishtirdi.
Seminarda asosiy ma'ruzalarni BMT Taraqqiyot dasturi eksperti, inson huquqlari bo'yicha xalqaro maslahatchi Aleksandr Vashkevich va BMT Qiynoqlarga qarshi qo'mitasi a'zosi Georgiy Tugushi taqdim etdi. Ma'ruzachilar tomonidan odil sudlovni amalga oshirishning xalqaro me'yorlariga qisqacha tasnif berildi.
A.Vashkevich va G.Tugushi O'zbekiston Respublikasi sudlari tomonidan inson huquqlari to'g'risidagi xalqaro shartnomalar normalarini qo'llash zarurati haqida atroflicha to'xtaldi. Xususan, Qiynoqlarga qarshi konventsiya qoidalarini milliy sudlar qarorlarida qo'llash bo'yicha chet el tajribasi tahlil etildi.
Anjuman mashg'ulotlari doirasida sudlar tomonidan Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to'g'risidagi pakt hamda Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to'g'risidagi konventsiya normalarini qo'llash amaliyoti ham ko'rib chiqildi.
Ekspertlar moderatorligida sud`yalar uchun uchta guruhda amaliy mashg'ulotlar o'tkazildi. Mashg'ulotlar yakunida sud`yalardan tashkil topgan guruhlar «Ruxsat etilmagan tinch yig'ilishlar», «Jinoiy jazoni o'tagan chet el fuqarosini davlatdan chiqarib yuborish» va «Jinsga asoslangan bilvosita kamsitish» mavzulari bo'yicha o'z taqdimotlarini namoyish etdi.
Amaliy seminar O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturining «O'zbekistonda qonun ustuvorligi sohasida hamkorlik» qo'shma loyihasi doirasida hamda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi va YEXHTning O'zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan birgalikda tashkil etildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 28.09.2020
- Ko'rishlar: 4126
- Chop etish