10 fevral kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo'mitasi tomonidan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan hamkorlikda “Parlamentlar va barqaror rivojlanish maqsadlari” nomli ilmiy to'plamning o'zbekcha nashri taqdimoti o'tkazildi.
To'plam Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMTTDning O'zbekistondagi vakolatxonasi va BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy vakolatxonasi moliyaviy ko'magida chop etilgan. Nashr mas'ul muharriri – akademik Akmal Saidov, tarjimon – Qonunchilik palatasi deputati Eldor Tulyakov.
Taqdimotda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralarning mas'ul xodimlari, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillari, olimlar, mutaxassislar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
So'zga chiqqanlar mazkur ilmiy to'plamda O'zbekiston mustaqil xalqaro huquq sub'ekti sifatida jahon hamjamiyati sifatida mustahkam o'rin egallagani o'z ifodasini topganini qayd etdilar. O'zbekiston o'tgan davrda ko'plab nufuzli xalqaro tashkilotlarning teng huquqli a'zosi bo'ldi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, YUNESKO, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil davlatlar hamdo'stligi kabi xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar bilan faol hamkorlik yo'lga qo'yilgan.
Ma'lumki, 2030 yilgacha bo'lgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi “Kun tartibi”da bayon etilgan Barqaror rivojlanish sohasidagi 17 maqsad (BRM) 2016 yilda rasman kuchga kirdi. BRM barcha mamlakatlarni inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishni ta'minlash bilan biryo'la ravnaq topish uchun ko'maklashishga da'vat etadi.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2017 yil 7 fevralda tasdiqlangan 2017 — 2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi keyingi davrda, o'zining tub mohiyatiga ko'ra, O'zbekistonda siyosiy, huquqiy, ijtimoiy hamda iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy islohotlarning strategik dasturiga aylandi.
Harakatlar strategiyasi BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish bo'yicha O'zbekistonning milliy “yo'l xaritasi” sifatida xizmat qilmoqda. Ushbu dasturilamal hujjat va uning ustuvor yo'nalishlari barqaror taraqqiyotni milliy darajada muvaffaqiyatli ro'yobga chiqarishga qaratilgan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Oliy Majlis Qonunchilik palatasi birinchi yig'ilishidagi nutqida Qonunchilik palatasi bundan buyon Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish bo'yicha vazirlar hisobotlarini eshitishni yo'lga qo'yishi lozimligini ta'kidladi.
Davlat rahbari yana bir muhim masala – O'zbekiston inson huquqlariga oid 70 dan ortiq xalqaro shartnomaga qo'shilgani, mazkur yo'nalishda BMTning ustav organlarida Hukumatimiz muntazam ravishda milliy hisobotlar berib kelayotganiga e'tiborni qaratdi. Shu bilan birga, inson huquqlarini himoya qilishda Qonunchilik palatasi rolini oshirish, xalqaro tashkilotlar tavsiyalari ijrosini tashkil etish,
“yo'l xaritalari”ni ishlab chiqish va ijro etish ham quyi palataning diqqat markazida bo'lishi kerakligini qayd etdi.
Shu ma'noda, taqdimot marosimida ta'kidlanganidek, mazkur to'plamda O'zbekiston Hukumati tomonidan 2030 yilgacha bo'lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalar qabul qilinib, ularni amalga oshirish bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etilgani hamda “Yo'l xaritasi” tasdiqlangani alohida ko'rsatilgan.
Milliy barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yuzasidan O'zbekistonning yillik hisobotini tayyorlash, uni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga hamda BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashiga taqdim qilish ko'zda tutilgan.
Davra suhbatida O'zbekiston xalqaro munosabatlarning teng huquqli sub`ekti sifatida bundan buyon ham BMTning ustav va shartnomaviy organlari, maxsus mexanizmlar bilan inson huquqlari va erkinliklari sohasida xalqaro standartlarni joriy qilish masalalari bo'yicha xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, O'zbekistonda hamda BMTga a'zo bo'lgan boshqa davlatlarda inson huquqlari sohasidagi vaziyatning xalqaro va milliy monitoringini takomillashtirishda faol ishtirok etishi e'tirof etildi.
“Parlamentlar va Barqaror rivojlanish maqsadlari: o'zini baholash uchun vositalar to'plami” milliy parlament a'zolari, huquqshunos mutaxassislar va talabalar, umuman, keng kitobxonlar ommasiga mo'ljallangan bo'lib, unda “Barqaror rivojlanish maqsadlari nima?” degan savolga aniq va qiziqarli ma'lumotlar orqali atroflicha javob berilgan.
Tadbir doirasida ushbu ilmiy to'plamni vazirlik, idora va tashkilotlar hamda keng jamoatchilik orasida targ'ib etish zarurligiga e'tibor qaratildi. Shu bilan birga, O'zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlari dasturi ijrosining nazorati yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.02.2020
- Ko'rishlar: 4760
- Chop etish