Nogironligi bo‘lgan shaxslarga mehnat qonunchiligida qanday imtiyozlar mavjud?

Huquqiy munosabat

Bugungi kunda mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish, ularning haq-huquqlarini himoya qilish, jamiyat va davlatning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hayotida boshqalar bilan birga teng, to‘liq va samarali ishtirok etishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. 

Xo‘sh, ular uchun mehnat qonunchiligida qanday imtiyozlar belgilangan?  

Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bu borada huquqiy tushunchalar berdi:    

–O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi 183-moddasiga muvofiq ayrim toifadagi xodimlar uchun ularning yoshi, sog‘lig‘ining holati, mehnat shartlari, mehnat vazifalarining o‘ziga xos xususiyatlari va boshqa holatlar hisobga olingan holda qonunchilikka hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, shuningdek, mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq mehnatga to‘lanadigan haqni kamaytirmasdan ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilanadi.  

Ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi quyidagilarga majburiy tartibda belgilanadi.   

Jumladan, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan xodimlarga, I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga, noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlarga, ishi yuqori darajadagi ruhiy, aqliy, asabiy zo‘riqish bilan bog‘liq bo‘lgan tibbiyot xodimlariga, pedagoglar va boshqa toifadagi xodimlarga, uch yoshgacha bo‘lgan bolaning byudjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda ishlaydigan ota-onasidan biriga ish vaqti qisqartirib beriladi.  

O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi 427-moddasida I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlar uchun ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilab o‘tilgan. Unga ko‘ra, I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlar uchun ish vaqtining davomiyligi haftasiga o‘ttiz olti soatdan oshmaydigan qilib belgilanadi. 

I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlar uchun kunlik ishning (smenaning) davomiyligi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining tavsiyalariga muvofiq belgilanadi, lekin olti kunlik ish haftasida — olti soatdan, besh kunlik ish haftasida — yetti soatu o‘ttiz daqiqadan ortib ketmasligi kerak. Ushbu imtiyoz hozirda ham mavjud.  

Qo‘shimcha ma’lumot sifatida Mehnat kodeksining 428-moddasini keltirishimiz mumkin. Nogironligi bo‘lgan xodimlarni xizmat safariga yuborishga, tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga hamda dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilishga faqat ularning roziligi bilan, agar ushbu xodimlar uchun bunday ishlar tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tavsiyalarida taqiqlanmagan bo‘lsa, yo‘l qo‘yiladi.  

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA

Powered by GSpeech