“O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyatining Buxoro o‘quv-ishlab chiqarish korxonasi” MCHJ uzoq yillik tarixga ega. Korxona matras, ko‘rpa-yostiq jildlari, bo‘z-yopinchiqlar ishlab chiqaradi.
Korxonada mehnat qilayotgan 40 nafardan ortiq ishchining 25 nafarini nogironligi bo‘lgan shaxs, xususan, ko‘zi ojizlar, ko‘rish qobiliyati past bo‘lganlar tashkil etadi.
– Ushbu korxonada 1985-yildan buyon ishlab kelaman, – deydi o‘quv-ishlab chiqarish korxonasi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Adiz Saidov. – Korxonamizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati juda yuqori, xaridorgir. Sifat darajasi bo‘yicha sertifikatga ham ega. Ahil jamoamiz bilan birgalikda xalqimiz uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarishda hissamiz qo‘shilayotganidan juda xursandmiz.
Ayni damda 800 million so‘mga yaqin daromadga ega korxona jamoasi yirikroq shartnoma kelishuvlarini amalga oshirib, bu orqali ish o‘rinlarini ko‘paytirish, qolaversa, ishchilarning oylik maoshlarini oshirishni ham maqsad qilgan.
Zero, nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlab, ularning jamiyat hayotida faol bo‘lishiga ko‘maklashish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 03.05.2024
- Ko'rishlar: 1597
- Chop etish