Noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda bandmisiz?

Huquqiy munosabat

Bugun jamiyatimizda inson huquqlari va uning qadri haqida qanchalik ko‘p gapirilmasin, normativ huquqiy hujjatlar qabul qilinmasin, ayrim holatlarda oddiy ishchilarning mehnat huquqlari buzilayotgan vaziyatlarning guvohi bo‘lamiz. Bu kabi holatlarga nafaqat ish beruvchilar, balki ishchilarning o‘z huquq va erkinliklarini yetarlicha bilmasliklari va ulardan to‘laqonli foydalana olmasliklari ham sabab bo‘lyapti.

Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bu borada quyidagi huquqiy tushunchalarni berdi:

– Asosiy qonunimizning 42-moddasida: ”Har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek, ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega”, deya ta’kidlab qo‘yilganligi mamlakatimizda hech bir shaxsning noqulay mehnat sharoitlarida xodimlarni ishga jalb qilish huquqi yo‘q ekanligini bildiradi.

Qolaversa, mamlakatimizdagi mehnat munosabatlarini tartibga solib turuvchi asosiy qonunimiz ya’ni mehnat kodeksida ham “Har kim mehnat huquqlarini amalga oshirish va himoya qilishda teng imkoniyatlarga ega. Mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitish taqiqlanadi“, deyilgan.

Shu bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash, biron-bir shakldagi majburiy mehnatdan foydalanish holatlarini o‘z vaqtida aniqlash hamda bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi normalari amalga oshirilishini nazorat qilish choralarini kuchaytirish maqsadida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Xalqaro qonunchilikda ham bu turdagi holatlar uchun tegishli normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Jumladan, 1930 yilning 10 iyunida Jenevada qabul qilingan “Majburiy mehnat to‘g‘risi”dagi xalqaro konvensiyaning 16-moddasida quyidagilar belgilab qo‘yilgan. Jumladan, zo‘raki yoki majburiy mehnatga jalb qilingan shaxslar, favqulodda zarurat hollaridan tashqari, ovqatlanish sharoiti va iqlim sharoiti odatdagi hayot sharoitidan sog‘likka xavf soladigan darajada ajralib turadigan hududlarga o‘tkazilmasligi kerak. Mehnatkashlar sharoitga moslashishi uchun va ular sog‘lig‘ini muhofaza qilish uchun zarur bo‘lgan gigiyena va uy-joy sharoitiga nisbatan barcha chora-tadbirlar qat’iy amalga oshirilmagunicha mehnatkashlarni bunday o‘tkazishga hech qanday holda ruxsat berilmasligi kerak. Agar shunday o‘tkazishning oldini olish mumkin bo‘lmasa, vakolatli tibbiyot muassasasi maslahati asosida mehnatkashlarning yangi ovqatlanish va iqlim sharoitiga asta-sekin moslashuvini ta’minlovchi chora-tadbirlar ko‘rilishi kerakligi to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan.

Yuqorida keltirilgan inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro va mahalliy hujjatlarga tayangan holda shuni ayta olamizki, mamlakatimizdagi barcha ishchilarning mehnat sharoitiga bo‘lgan huquqlari davlat siyosati darajasida himoya qilinmoqda.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA

Powered by GSpeech