21 oktyabr – o'zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan mamlakatimiz bo'ylab turli ma'naviy-ma'rifiy anjumanlar tashkil etilmoqda. Shunday tadbirlardan biri Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazida bo'lib o'tdi.
Markaz direktorining birinchi o'rinbosari Mirzatilla Tillaboev, “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharriri o'rinbosari, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Erkin Ernazarov va boshqalar o'zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganidan keyingi 30 yillik davrda til bayrami ilk bor shu qadar yuksak darajada, katta ehtirom va obro'-e'tibor bilan o'tkazilayotganini ta'kidladilar. Bunda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 4 oktyabrda qabul qilingan «O'zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o'ttiz yilligini keng nishonlash to'g'risida»gi qaroridan qarori dasturilamal bo'lmoqda.
Ma'lumki, davlat tili siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda xalqni birlashtiruvchi qudratli vosita sanaladi. Ona tilimiz so'zlashuvchilar soni ko'pligiga ko'ra, sayyoramizda eng keng tarqalgan 40 ta tildan biri ekani ham quvonarlidir.
Davlatimiiz rahbari ta'biri bilan aytganda, “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo'lgan o'zbek tili xalqimiz uchun milliy o'zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma'naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma'naviy-ma'rifiy taraqqiyotida g'oyat muhim o'rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir”.
Tadbirda O'zbekiston taraqqiyotining bugungi yangi bosqichi – milliy yuksalish davri talablaridan kelib chiqib, ona tilimizning jamiyatdagi o'rni va nufuzini oshirish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirilayotgani e'tirof etildi. Hozirgi kunda o'zbek tili hayotimizning barcha jabhalarida – davlat va jamiyat boshqaruvi, davlatlararo munosabatlar, ilm-fan, ta'lim-tarbiya, tibbiyot, madaniyat va san'at sohalarida faol qo'llanilmoqda, xalqaro minbarlardan baralla yangramoqda.
Shu bilan birnga, Vatanimiz mustaqilligining ma'naviy asoslarini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda o'zbek tilining ahamiyati tobora ortib borayotganini hisobga olib, kelgusida ona tilimizning tarixiy ildizlarini chuqur o'rganish, uni ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish va qo'llanish doirasini yanada kengaytirish zarurligiga e'tibor qaratildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 21.10.2019
- Ko'rishlar: 5581
- Chop etish