15 may – Xalqaro oila kuni
Fuqarolar, oilalar manfaatini himoya qilish, aholining turmush darajasi va farovonligini oshirishga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosat mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. So‘nggi yillarda oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish, nikoh institutini mustahkamlash va rivojlantirish, yosh oilalar huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy manfaatini himoya qilish siyosatining asosiy tamoyili, ustuvor jihatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoit yaratildi.
“O‘zbekiston-2030” strategiyasini amalga oshirish doirasida oilalar moddiy resurslar,ijtimoiy, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatidan keng foydalanishi ta’minlanmoqda. Gender tenglik, oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish va bolalar huquqini himoya qilish choralari ko‘rilmoqda. Amalga oshirilayotgan siyosat jamiyatga, oila va nikoh institutini mustahkamlash, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, onalik va bolalik muhofazasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Jamiyatning barqarorligi va izchil rivojlanishi, ma’naviy qadriyatni saqlab qolish, baxtli va sog‘lom oilaviy hayot, bolalar tug‘ilishi va tarbiyasi uchun qulay shart-sharoit yaratish, oilalar huquqi va manfaatini himoya qilishga yordam bermoqda.
“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi (RJFO‘M) zamonaviy oilani rivojlantirishni har tomonlama o‘rganish doirasida har yili oilaviy ichki, shaxslar aro munosabat, umr yo‘ldoshi, ota-ona va bola, er-xotin va ularning ota-onalari o‘rtasidagi munosabat monitoringini olib boradi, oila va nikohni rivojlantirish institutini tavsiflovchi asosiy tendensiyalarni qayd etadi.
15 may – Xalqaro oila kuni munosabat bilan “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi “O‘zbekistonliklar oila to‘g‘risida: asosiy qarash va ustuvorlik” mavzusida tadqiqot o‘tkazdi. So‘rovda mamlakatimizning barcha mintaqalari aholisi ishtirok etdi.
Jamoatchilik so‘rovi oila bolalarning tug‘ilishi va tarbiyasi, qadriyatlar va xulq-atvor me’yorlari avloddan-avlodga o‘tishi amalga oshadigan asosiy ijtimoiy institut ekanini tasdiqlaydi.
Oila o‘zbekistonliklar fikricha, a’zolarning hissiy va moddiy ehtiyojini qondirish, barqarorlik va qo‘llab-quvvatlovni ta’minlash kabi qator vazifalarni bajaradi. Fuqarolarning oila va nikohga bo‘lgan munosabati so‘nggi vaqtda sezilarli o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda. Bu har bir shaxs, jamiyat va umuman davlat uchun oilaning roli va ahamiyati haqidagi tasavvur va fikrga ta’sir ko‘rsatmoqda.
So‘rov natijasiga ko‘ra, oilaning asosiy vazifalaridan biri mamlakatimiz aholisi tasavvurida farzandlarni dunyoga keltirish, ularga g‘amxo‘rlik qilish va tarbiya berish, nasl-nasab davomiyligini ta’minlash ekani oydinlashadi.
Oila yosh avlod tarbiyasida yetakchi rol o‘ynaydi, aynan shu makonda shaxsning shakllanishi, umume’tirof etilgan xulq-atvor me’yori, ma’naviy qadriyat va an’analar ota-onadan bolaga o‘tishi yuz beradi. Zarur ko‘nikmani rivojlantirish va hayotga moslashishga yordam beradigan oilada inson muloqotga, o‘zaro hamjihatlikka o‘rganadi.
Respondentlar fikricha, sog‘lom jamiyat avloddan-avlodga o‘tadigan yuksak ma’naviy-axloqiy tamoyil, qadriyat va an’anaga ega kuchli, baxtli, ma’naviy barqaror oilalardan tarkib topadi.
Oila bilan sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarni, oila a’zolarining o‘zaro munosabati modernizatsiya qilinayotganini fuqarolarning o‘zlari ham his qilmoqda. “So‘nggi 10 yilda oila ijtimoiy tuzilma sifatida o‘zgardimi?” degan savolga aksariyat - 65,2 foiz hamyurtimiz ijobiy javob berdi va zamonaviy oilalar mustahkam hamda barqaror bo‘lib borayotganiga ishonch bildirshdi. So‘ralganlarning har beshinchisi qarama-qarshi fikrda bo‘lib, davom etayotgan o‘zgarishlarni salbiy baholadi.
So‘rov davomida oila qurish uchun zarur bo‘lgan majburiy shartlar aniqlandi. Ishtirokchilar ta’kidlashicha, bo‘lajak umr yo‘ldoshiga nisbatan mehr-muhabbat oila qurish uchun eng muhim omil. Nikohga kirayotgan yoshlarning ruhiy-hissiy mutanosibligi oilani shakllantirishning zarur shartlari orasida ikkinchi o‘rinda turadi. Respondentlar fikricha, ruhiy xususiyat va fe’l-atvor mos kelishi er-xotinning uyg‘unligi va nikohdan qoniqishini ta’minlaydi, ko‘p yil davomida munosabatni saqlashga imkon beradi.
Shuningdek, ko‘pchilik zamonaviy dunyoda moddiy mustaqillik, barqaror, doimiy ish yoki daromad manbai oila qurish yoki yoshlar nikohga kirishining asosiy shartlaridan biri ekaniga ishonadilar.
2023-2024 yillarda o‘tkazilgan monitoring tasdiqlashicha, nikohga kirishning asosiy sharti barqarorlashmoqda. Umuman, juftliklar sevgi-muhabbat, ma’naviy yaqinlik va ruhiy mutanosiblik asosida oila qurishga e’tibor qaratmoqda. Ayni payt nikohga kirayotgan shaxslar uchun moddiy mustaqillik va barqaror daromad mavjudligi muvaffaqiyatli va farovon oilaviy hayotning muhim sharti hisoblanadi.
So‘rov erkak va ayollarning oila qurish uchun qanday sharoit zarurligi haqidagi fikrida mavjud farqlarni aniqladi.
Erkak uchun moddiy mustaqillik ustuvor, faqat barqaror, yaxshi haq to‘lanadigan ish yoki doimiy daromad mavjud bo‘lgan holdagina oila qurish mumkin. O‘zaro sevgi-muhabbat mavjudligi oila qurishning ikkinchi muhim sharti, busiz oila qurish mumkin emas.
Ayol uchun oila qurishda ikki yosh o‘rtasidagi muhabbat va hissiy rishtalar mavjudligi eng muhim shart. Umr yo‘ldoshi bilan ruhiy-hissiy mutanosiblik oila qurish uchun zarur tarkibiy qismning ikkinchisidir.
Tadqiqot O‘zbekiston jamiyatida oila qurish va nikoh ittifoqini tuzish borasidagi an’ana va urf-odat kuchli ekanini tasdiqladi. So‘ralganlarning aksariyati, ya’ni 43,9 foizi bo‘lajak er-xotin ota-onaning ushbu jarayonda bevosita va to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtiroki oilani yaratish uchun maqbul variant sifatida qayd etdi. Hayotiy tajribaga ega ota-ona o‘z farzandi fe’l-atvori va xususiyatini bilganligi uchun unga umr yo‘ldoshi tanlashda ijobiy o‘rin tutadi.
Ushbu murakkab masalada ideal munosabat haqidagi his-tuyg‘u va tasavvurga e’tibor qaratib, yoshlar o‘z oilasini mustaqil ravishda yaratishi kerakligiga amin bo‘lgan fuqarolar ulushi 41,8 foizni tashkil qildi. Ular ta’kidlashicha, faqat o‘z hayotiy tajribasi, qarori va hatti-harakati uchun mas’uliyat hissi yoshlar turmush o‘rtog‘i tanlash va oila qurishga ongli ravishda yondashuviga yordam beradi.
So‘rov shuni ko‘rsatdiki, yurtimizda oilaviy ajralishning eng keng tarqalgan sabablaridan biri – er-xotin fe’l-atvori mos kelmasligi va dunyoqarashi har xilligi. Bunday nomutanosiblik tushunmovchilik, kelishmovchilik, janjal yoki oilaviy nizoga olib keladi, deb hisoblanadi. Oilaviy ajralishlarning ikkinchi eng keng tarqalgan sababi sifatida respondentlar iqtisodiy vaziyat beqarorligi bilan bog‘liq muammo va o‘z moddiy ahvolidan qoniqmaslik hissini keltirgan. Eng ko‘p nikoh buzilishiga olib keladigan omillar orasida maishiy muammo uchinchi o‘rinda. Umr yo‘ldoshining xiyonati va er-xotin hayotiga qarindoshlar aralashuvi ham ajralishning muhim sabablari qatoriga kiritildi.
So‘rov natijasiga ko‘ra, farzand uchun asosiy mas’uliyat ota-ona zimmasida: 92 foiz o‘zbekistonlik farzandi tarbiyasi va kamoloti, uni mustaqil hayotga tayyorlash uchun mas’ul ekaniga ishonchi komil. Фарзанд ma’naviy-axloqiy kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilish, eng yaxshi insoniy fazilatlarni shakllantirish va jamiyatning munosib a’zosini tarbiyalashni o‘zbek ota-onalari asosiy majburiyat, deb biladi.
Fuqarolarimiz fikriga ko‘ra, ota-onaning farzand oldidagi ustuvor majburiyatларидан biri – ta’lim olish uchun qulay shart-sharoit yaratish, respondentlar ta’kidlashicha, farzand zamonaviy mehnat bozorida talabgir bo‘lgan munosib kasbga ega bo‘lishi uchun ota-ona barcha zarur chorani ko‘rishi zarur.
Умуман, telefon orqali o‘tkazilgan jamoatchilik fikri so‘rovi oila o‘zbekistonliklar uchun noyob va o‘zgarmas qadriyat ekanini isbotlamoqda. Fuqarolar o‘z hayotini oila, sevgi, farzand, nikoh va qarindoshlik munosabatisiz tasavvur qila olmaydi. Jamoatchilik fikriga ko‘ra, oila O‘zbekiston fuqarolarining asosiy hayotiy qadriyati, jamiyatning ma’naviy poydevori, ma’naviyat o‘chog‘i, milliy an’ana va urf-odatlar posboni, munosib avlod tarbiyasi va ijtimoiy tajriba avloddan-avlodga uzatilishini ta’minlovchi eng muhim ijtimoiy institut bo‘lib qolmoqda.
Maqola “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi bilan hamkorlikda tayyorlandi.
O‘zA
- Qo'shildi: 16.05.2024
- Ko'rishlar: 1767
- Chop etish