Shu bois, xalqimiz “Alp onadan, tulpor biyadan”, deydi. Yaʼni alplik onaga bogʻliq. Bola ayol vujudida shakllanadi. Shuning uchun jamiyatda ayolning oʻrni juda muhim.
Ayolning jamiyatimizdagi oʻrni
Jamiyatimizda ayollar hamisha alohida oʻrin tutgan. Mahallalarda erkaklar oqsoqol boʻlgan. Muhim qarorlarni ular qabul qilgan. Shu orqali insonlarni toʻgʻri yoʻlga boshlagan.
Ammo shunda ham ayollarning aqli birinchi oʻrinda turgan. Ular taʼsir koʻrsatish kuchiga ega boʻlgan. Masalan, Amir Temur faoliyatida Bibixonim hal qiluvchi quvvatga ega edi. Shunday vaqt boʻladiki, Amir Temur atrofidagi ayrim sarkardalar uning soʻzlariga toʻla amal qilmay qoladi. Sarkardalar yoʻlini topib, oʻz bilganicha ish tutaveradi. Bu Amir Temurni tashvishga soladi, qanday yoʻl tutish haqida oʻylaydi. Shunda u Bibixonimning yoniga ishonchli odam joʻnatadi. Maqsad shu vaziyatdan chiqish uchun maslahat soʻrash edi. Ammo Bibixonim choparga maslahat maʼnosida hech gap aytmaydi. Faqat uning gapini tinglab boʻlgach, boqqa olib kirib, qarigan daraxtlarni koʻrsatadi. Bular xizmatini oʻtab boʻlgan, oʻrniga boshqa daraxt ekish kerak, degan mazmunda gap aytadi.
Amir Temur chopardan boʻlgan hodisani eshitib, kutgan javobini bilib oladi va keksa sarkardalarni yoshlarga almashtiradi. Koʻryapsizmi, Bibixonim qanday zukko boʻlgan! U nafaqat toʻgʻri maslahat bergan, balki oʻsha gapni boshqalar bilmaydigan yoʻsinda Amir Temurga yetkaza olgan.
Oʻzbek ayollari doim shunday aqlli boʻlgan. Buni epos ham isbotlaydi. “Alpomish”da ham ayollar saltanat ishlarida muhim oʻrin tutishi bekorga emas. Oilada ham erkak tashqarining, ayol ichkarining odami, deyiladi. Yaʼni erkak tashqaridan hal boʻladigan ishlarni bajaradi, roʻzgʻorni butlaydi, boshqalar bilan toʻgʻri munosabat oʻrnatadi. Ayol esa ichkarida turib, tashqaridagi ishlarda erkakka yordam, maslahat beradi.
“Alpomish” dostonida ayol erning vaziri boʻlmaydimi, degan gap bor. Bu ayol erga maslahat beruvchi, qilayotgan ishining yaxshi-yomonini koʻrsatuvchi, degani. Chunki ayollarda intuitsiya yaxshiroq ishlaydi.
Bu gaplarni bugunimizga bogʻlasa boʻladimi, deb soʻrashingiz mumkin. Albatta, genofonddagi quvvat avlodlarga qon orqali oʻtib boradi. Oʻzan qancha katta boʻlsa, shuncha koʻp suvni sigʻdiradi.
Togʻlarga chiqsangiz, katta daralar bor. Sinchiklab oʻrgansangiz, bir zamonlar oʻsha yerda toʻlib suv oqqan boʻladi. Tabiat charxpalak kabi aylanishiga, kun kelib oʻsha oʻzan yana toʻlib oqishiga ishonaman.
Endi tasavvur qiling, kichik daraga katta sel kelsa nima boʻladi? Bunday oʻzan katta oqimni udda qila olmaydi. Oqqan daryo oqaveradi, degani shu. Millatning genofondidagi quvvat katta oʻzanga oʻxshaydi. U muayyan vaqtlarda qurib qolganday, oʻzligini yoʻqotganday koʻrinadi. Lekin charxpalak aylanib, choʻmichi yana suvga toʻlib chiqqani kabi millat ham yuksalish pallasini takrorlaydi. Oʻsha charxpalak tekis aylanishi uchun tashqi taʼsirlar unga xalal bermasligi kerak. Yaʼni millat oʻzligiga qaytishi uchun qulay sharoit ham muhim.
Masalan, Diyora Keldiyorova Parijdagi Olimpiadada oltin medalni qoʻlga kiritdi. Yana bir qizimiz Rayyona Ibrohimova nemis tili boʻyicha jahon olimpiadasida oltin medalni oldi. Umuman, bunday yutuqlarni juda koʻp sanash mumkin. Bu esa qizlarimizning genidagi quvvat uygʻonganini bildiradi. Diyoraning raqibiga vajohat bilan tashlanishi oʻz-oʻzidan sodir boʻlmadi deb oʻylayman. Unda genetik xotira uygʻondi. Qizlarimiz Bibixonim, Barchinoylarning avlodi ekanini koʻrsatdi.
Genetik xotira uygʻonishi qiziq hodisa. Uni mana shunday boʻlgani uchun uygʻondi, deb aniq aytish mushkul. Lekin muayyan sabablarni sanasa boʻladi. Masalan, genetik xotira mashq vaqtida ham uygʻonadi. Deylik, umrida otga yaqin kelmagan odam egardan oyoq oshirishi bilan otni bemalol minib ketaverishi mumkin.
Baʼzi ustalar hech kimdan hunar oʻrganmasdan, oʻzidan-oʻzi usta boʻlib ketadi. Gohida biz buni isteʼdod deb aytamiz. Aslida, bunday vaziyatda genida bor jihatlar uygʻongan boʻladi. Ilm ham, fikr ham xuddi shunday. Agar ota-bobolar ilmli boʻlsa, avlodlar muayyan muddat ilmdan uzoqlashsa ham baribir bir kuni asl oʻzanga qaytadi. Biz ana shunday katta oʻzanga ega xalqmiz. Shuning uchun turli sohada isteʼdodli odamlar koʻp.
Genetik xotira baʼzan tashqi taʼsir bilan uygʻonadi. Bular sunʼiy taʼsir. Ammo tabiiy uygʻonishida tarbiyaning, oʻqishning oʻrni muhim. Bu ikkisi jamiyatdagi muhitga bogʻliq. Bugun odamlarimiz oʻqib-oʻrganishning ahamiyatini tushunib yetdi. Yoshlarning ilm olishi uchun yetarlicha imkoniyat bor. Bular vaqti-soati bilan natijasini koʻrsatishi kerak. Chunki yuqorida aytganimizday, genetik xotira oʻqib-oʻrganish natijasida ochilib boradi.
Loyqa bosgan buloqning koʻzi ochib yuborilganida suv otilib chiqadi. Buning uchun yopiq buloqni tozalash kerak. Buloq koʻz ochishi uchun jamiyatda, mamlakatda shunga yarasha imkoniyat yaratilgan boʻlishi lozim. Toʻgʻri, ogʻir vaziyatdagi jamiyatlarda ham bir-bir isteʼdodlar boʻy koʻrsatadi. Ammo ular juda kam boʻladi.
Negaki bunday jamiyatda genetik xotira uygʻonishi uchun ozgina ragʻbat boʻlsa, oʻzini koʻrsata oladigan yuzlab yoshlarning quvvati havoga uchadi. Ulardan eng kuchlilarigina loyqa bosgan koʻzni ochib chiqa oladi. Shuning uchun tarbiyaga jiddiy qarash, barcha sohalarga birdek eʼtibor berish kerak. Oʻshandagina genetik xotira uygʻonishiga koʻproq imkon beriladi. Mamlakat hamma yoʻnalishda birdek rivojlanadi. Masalan, Diyora qizimiz ham mashq qilmaganida, quvvatini bir joyga yigʻib, niyat bilan Olimpiadaga bormaganida, undagi genetik xotira uygʻonmasligi mumkin edi. Demak, bu yerda jamiyatda yaratilgan sharoit ham muhim.
Oʻzbek ayollari boshqalardan qay jihatdan ajralib turadi?
Folklor taʼsirida oʻylashimcha, mentalitetdan kelib chiqib, xalqlar bir-biridan farqlanadi. Bizning xalq ochiq (beruvchi) hisoblanadi. Ayrim xalqlar esa yopiq (yutuvchi) boʻladi. Yutuvchilar mehrini tashqariga chiqaradi, gʻazabini ichiga yutadi. Beruvchi xalq esa qahrini chiqaradi, mehrini ichida saqlaydi. Shuning uchun oʻzbek oʻz yaqiniga muhabbatini izhor qilmaydi, lekin qahrini ochiq aytadi. Bu belgi, birinchi oʻrinda, ayollarda namoyon boʻladi. Oʻzbek ayoli sabrli, juda koʻp sinovlarga chidaydi. Lekin ogʻir tosh koʻchsa, togʻni oʻpirib ketadi. Shuning uchun bu sabrni tushunish, uni oxirgi choragacha olib bormaslik kerak.
Sabrni tobe boʻlish, shunchaki jim boʻlish sifatida tushunmaslik zarur. Sabr juda keng tushuncha, uning zamirida gohida mehr ham, urush ham boʻladi. Ayniqsa, u butun bir xalqning sabri boʻlsa. Shuning uchun jamiyat, xalq haqida gap ketganida, birdan xulosa qilib boʻlmaydi.
Masalan, ayrimlar bir paytlar yovqur boʻlgan millatimiz hozir passiv boʻlib qoldi, deydi. Bu xuddi qishni yomonlaganday gap. Qish — yigʻinish fasli. Odamlar yiqqanni emas, sarflaganni koʻradi. Biz hozir yigʻinishning oxirida turibmiz, sarflashga chiqyapmiz.
Turkiy xalqlarning birlashayotgani bekorga emas. Yuqorida aytganimiz, charxpalak aylanib, yana choʻmichimiz suvga toʻlib kelyapmiz. Diyora, Rayyona kabi qizlarimizning chiqishi buni isbotlaydi. Zero, yuqorida aytganimizday, jamiyat taqdiri uning axloqiga, axloq esa ayollarga bogʻliq. Ularning istiqbolini esa muayyan maʼnoda jamiyatning xotin-qizlarga eʼtibori belgilaydi.
Shomirza TURDIMOV,
filologiya fanlari doktori
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»