Joriy yil 14 may kuni Toshkentda Qurolli mojarolar hududidan qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
Mintaqaviy ekspertlar kengashi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2022-yil 3-4-mart kunlari Toshkentda tashkil etilgan yuqori darajadagi “BMT global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqaviy hamkorligi” xalqaro konferensiyasida ilgari surilgan va xalqaro sheriklar tomonidan keng ko‘lamda qo‘llab-quvvatlanayotgan tashabbus doirasida o‘tkazilmoqda.
Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI), Davlat xavfsizlik xizmati, Tashqi ishlar vazirligi, Bandlik va qashshoqlikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Oila va ayollar masalalari qo‘mitasi, shuningdek BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz (MOPDMM), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT)ning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi hamkorligida tashkil etildi.
Mintaqaviy ekspertlar kengashining ilk yig‘ilishida Markaziy Osiyo davlatlari hamda nufuzli xalqaro tashkilotlar – BMT va YEXHTning yuqori martabali mansabdor shaxslari, shuningdek qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish, hususan jinoiy harakat sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslarni javobgarlikka tortish sohasidagi mutaxassislar ishtirok etadi.
Anjumanning ochilish marosimida BMT Bosh kotibi o‘rinbosari –Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkov, Bosh kotibning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, MOPDMM rahbari Kaxa Imnadze, BMT Xavfsizlik Kengashi Aksilterror qo‘mitasi ijroiya direktorati rahbari vazifasini bajaruvchi Veysun Chen, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston delegatsiyalari rahbarlari nutq so‘zlashi kutilyapti.
Tadbirda ko‘plab xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan MDH Aksilterror markazi, SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi, OHICHK Kotibiyati, IHT Parlamentlararo ittifoqi, KXSHT va BMT tuzilmalari, xususan Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi, Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi yuqori darajali vakillari ishtiroki rejalashtirilgan.
Konferensiya qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish hamda mintaqadagi davlatlar hamkorligini institutsionallashtirish sohasida Markaziy Osiyo davlatlari o‘zaro tajriba almashishi uchun o‘ziga xos maydonga aylanadi. Davlatlarimizning mustahkam jipslashish, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlanish uchun mas’uliyatni birgalikda zimmasiga olishga tayyorligini yana bir bor namoyish etadi.
Dasturga muvofiq, “Repatriantlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilishga davlat tomonidan va umumiy ijtimoiy yondashuvning ahamiyati”, “Mahalliy jamoalar va jamoat tashkilotlarining sohadagi o‘rni” kabi muhim mavzularda seksiyalar tashkil etiladi.
G‘.Xonnazarov, O‘zA
- Qo'shildi: 10.05.2024
- Ko'rishlar: 1589
- Chop etish