Bugun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi imzolanganiga roppa-rosa 75 yil to'ldi. Xalqaro huquq vositasi hisoblanuvchi mazkur hujjat 1945 yil 26 iyunda San-Frantsisko shahrida 50 ta davlat, jumladan, sobiq SSSR, Buyuk Britaniya, Xitoy, AQSH, Ukraina va Frantsiya tomonidan imzolangan.
1945 yil 24 oktyabrda kuchga kirgan BMT Nizomida tashkilotning tuzilmasi, mojarolarni hal qilish va tajovuzkor harakatlar, tinchlik va xavfsizlikka tahdidlarga javob berishning asosiy tamoyillari mustahkamlangan. Ushbu sana BMT tashkil topgan kun sifatida butun dunyoda keng nishonlanadi.
O'zbekiston Respublikasi BMT Bosh kotibi chaqirig'iga javoban, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil topganiga 75 yil to'lishi munosabati bilan «BMT 75 yoshda: kelajakka nigoh» mavzuidagi turkum global munozaralarni uyushtirmoqda.
Global munozaralarning dastlabkisi «O'zbekiston va BMT: Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo'lidagi hamkorlik» deb nomlandi. Anjuman O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari hamda BMTning O'zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etildi.
26 iyun kuni videokonferentsiya aloqasi shaklida o'tkazilgan ushbu xalqaro forum ishida:
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboeva;
O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov;
BMT Bosh kotibining o'rinbosari va Tashkilot tashkil topgan kunning 75 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko'rish bo'yicha Maxsus maslahatchisi Fabritsio Xoxshild;
BMT Bosh kotibining o'rinbosari, BMTning Jenevadagi Bo'limi Bosh direktori Tat`yana Valovaya;
BMT Bosh kotibining Maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German;
BMTning O'zbekistondagi Doimiy vakili Helena Freyzer, mamlakatimizdagi diplomatik korpus vakillari, elchilar, shuningdek O'zbekiston Hukumati a'zolari, vazirlar, parlament a'zolari, Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud rahbarlari ishtirok etdi.
Xalqaro anjumanning rasmiy ochilishida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Forum ishtirokchilariga tabrigini O'zbekiston parlamenti Senatining Raisi T.Norboeva o'qib eshittirdi.
Davlatimiz rahbari tabrigida ta'kidlanganidek, "O'zbekiston BMTning Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa xalqaro shartnomalarning maqsad va tamoyillariga sodiq hamda o'z zimmamizga olgan majburiyatlarimizni og'ishmasdan bajarib kelmoqdamiz. Bu biz amalga oshirayotgan, 2017-2021 yillarga mo'ljallangan Milliy harakatlar strategiyasining eng muhim yo'nalishlaridan biridir".
Anjuman ishtirokchilari e'tiboriga BMT Bosh kotibi Antonio Gutterishning video-murojaati namoyish etildi.
BMT Bosh kotibining o'rinbosari va Tashkilot tashkil topgan kunning 75 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko'rish bo'yicha Maxsus maslahatchisi F.Xoxshil`d hamda BMT Bosh kotibining o'rinbosari, BMTning Jenevadagi Bo'limi Bosh direktori T.Valovaya anjuman ishtirokchilarini qutladi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ta'kidlaganidek, ushbu xalqaro forum BMT Nizomi imzolangan tarixiy kunda o'tayotganida, uning ishida BMT va ushbu nufuzli Tashkilotning butun dunyodagi tuzilmalaridan oliy darajadagi vakillar ishtirok etayotganida hamda mazkur anjuman yer yuzidagi insonlarning hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikning muhimligini alohida ta'kidlashga xizmat qilishida o'ziga xos ramziy ma'no bor.
Bugungi kunda Birlashgan Millatlar Tashkiloti dunyodagi yagona, tom ma'noda universal xalqaro tashkilot hisoblanadi. BMT davlatlarning o'z sarhadlaridan tashqariga chiqadigan masalalarni hal etib kelmoqdaki, bu muammolarga bironta mamlakatning yolg'iz o'zi yechim topishi mumkin emas.
Bundan 28 yil oldin yangi demokratik davlat – O'zbekiston Respublikasi – Tashkilotning teng huquqli a'zosiga aylandi. Shundan buyon biz o'z masalalarimizni hal etishda har doim BMTning ko'magiga tayanib kelmoqdamiz.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish qayd etganidek, "Oldimizda turgan muammolarni hech bir mamlakat, hech qaysi jamiyat yakka holda hal eta olmaydi va shuning uchun barcha sa'y-harakatlarimizni birlashtirishimiz zarur. Biz nafaqat so'zlashimiz, balki tinglashimiz ham lozim".
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, «O'zbekiston BMT tuzilmalari bilan yaqin hamkorlikni davom ettiradi».
Ma'lumki, bundan besh yil avval BMTga a'zo-davlatlar 2030 yilgacha mo'ljallangan Barqaror rivojlanish kun tartibini qabul qilgandi. O'zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo'yicha Milliy indikatorlar muvaffaqiyat bilan amalda tatbiq etilmoqda. Mamlakatimiz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo'yicha o'zining birinchi Ixtiyoriy milliy sharhini keng jamoatchilik muhokamasidan o'tkazib, BMTning Iqtisodiy va Ijtimoiy kengashiga taqdim etdi.
Xalqaro forum munozaralari doirasida bugungi kunda BMT oldida turgan dolzarb da'vatlar va O'zbekistonning xalqaro maydonda ortib borayotgan roli atroflicha muhokama qilindi.
Onlayn-muloqot ishtirokchilari tomonidan ilgari surilgan g'oya va takliflar 2020 yil sentyabrida davlatlar boshliqlari va BMT rahbariyati muhokamasi uchun taqdim etilishi kutilmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 26.06.2020
- Ko'rishlar: 4091
- Chop etish