Hozirda respublika aholisining 77,1 foiziga ichimlik suvi ta’minoti ko‘rsatilayotgan bo‘lib, 10 foiz (3,6 mln) aholi transportlarda yetkazib beriladigan ichimlik suvi bilan ta’minlanyapti.
O‘zbekistonda ichimlik suvini transportda yetkazib berish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi hujjat loyihasi e’lon qilindi.
Hujjatda aytilishicha, hozirda respublika aholisining 77,1 foiziga ichimlik suvi ta’minoti ko‘rsatilayotgan bo‘lib, 10 foiz (3,6 mln) aholi transportlarda yetkazib beriladigan ichimlik suvi bilan ta’minlanmoqda.
Lekin transport vositasida ichimlik suvini yetkazish va realizatsiya qilish jarayonlari tartibga solinmaganligi sababli bugungi kunda har xil turdagi transportlarda, rasmiy faoliyat yuritmagan holda, sifati kafolatlanmagan va yetkazish vaqtlari belgilanmagan ichimlik suvini iste’molchilarga yetkazish holatlari kuzatilmoqda.
Yetkazib berilayotgan ichimlik suvining manbasi va transport vositasi, undagi suv sig‘imining sanitar talablarga javob berishi noaniq bo‘lib, bu holatda aholiga yetkazib berilayotgan ichimlik suvi davlat standartlariga javob berishi masalasi noaniqligicha qolmoqda.
Bundan tashqari, ushbu masala tartibga solinmaganligi sababli bir qator fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan davlat ro‘yxatidan o‘tmagan holda har xil sig‘imlarda ichimlik suvi yetkazib sotish ishlari amalga oshirilib, «soyadagi iqtisodiyot» vujudga kelmoqda.
Yuqoridagi salbiy holatlarni bartaraf etish maqsadida, transportda ichimlik suv yetkazishning asosiy talablari 2022 yil 24 oktyabrda kuchga kirgan «Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarish to‘g‘risida»gi qonun 10-bobida yoritilgan bo‘lib, qarorni qabul qilish orqali transportda suv yetkazib realizatsiya qilishning barcha bosqichlari tartibga solinishi belgilanmoqda.
Xususan, ichimlik suvini transportda yetkazish va realizatsiya qilish faoliyatini yuritish, transportlarga va faoliyat yurituvchi xodimlarga qo‘yiladigan talablar, ichimlik suvi quyish shoxobchalari faoliyati va ularda transportlarga ichimlik suvi quyish, ichimlik suvini transportda yetkazish va realizatsiya qilish, ichimlik suvini transportda yetkazish kafolatlari, xizmat ko‘rsatuvchi va xaridorlar huquq va majburiyatlari belgilanmoqda.
Loyihani qabul qilish orqali erishiladigan natijalar:
- qarorni qabul qilish orqali aholiga transport vositalarida xavfsiz va sifatli ichimlik suvini yetkazib berish kafolatlari yaratiladi;
- ushbu faoliyat turini amalga oshirish uchun tadbirkorlik sub’yektlariga imkoniyatlar yaratiladi va o‘zboshimchalik bilan davlat ro‘yxatidan o‘tmagan holda har xil sig‘imlarda ichimlik suvi yetkazib sotish holatlariga chek qo‘yiladi;
- ichimlik suvi transportda yetkazib beriladigan 3 mlndan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanadi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 07.03.2024
- Ko'rishlar: 1849
- Chop etish