30 mart kuni o'z ishini boshlagan uch kunlik onlayn seminarda O'zbekistonning xotin-qizlarni rag'batlantirish va himoya qilish borasidagi tajribasi taqdim etildi. "Ayollar, tinchlik va xavfsizlik" kun tartibini samarali amalga oshirishga bag'ishlangan anjuman YeXHT Kotibiyati tomonidan tashkil etildi.
Ushbu seminar O'zbekiston, Ozarbayjon, Qozog'iston, Mongoliya va Turkmaniston ekspertlari uchun o'tkazilmoqda. Anjumanda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining o'rinbosari Dilnoza Muratova ishtirok etdi va mamlakatimizning xotin-qizlarni rag'batlantirish va himoya qilish borasidagi tajribasi haqida ma'ruza qildi.
D.Muratova ta'kidlaganidek, xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda faol ishtirok etishlariga ko'maklashish muhim ahamiyatga ega. Ayollarning barcha darajalarda qarorlar qabul qilish jarayonlarida to'liq va sezilarli ishtirok etishi jamiyatlarning yanada tinch hamda farovon bo'lishiga xizmat qiladi. Shuning uchun xotin-qizlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida O'zbekistonda ayollar, tinchlik va xavfsizlik masalalari bo'yicha Milliy harakatlar rejasi ishlab chiqilmoqda.
"Ayollar, tinchlik va xavfsizlik" kun tartibini samarali amalga oshirishning vositalari va strategiyalari" mavzuidagi seminar doirasida ayni maqsadga, jumladan Milliy harakatlar rejalari vositasida erishish istiqbollari keng muhokama qilinmoqda. Shu ma'noda, tadbirga BMT Xavfsizlik kengashining 1325-Rezolyutsiyasini amalga oshirish bo'yicha Milliy harakatlar rejasini yoki gender tenglik va xotin-qizlar huquqlari masalalari bo'yicha boshqa milliy harakatlar rejalarini ishlab chiqish hamda tatbiq etishga mas'ul vazirlik va idoralar vakillari taklif etilgan. Ishtirokchilar orasida fuqarolik jamiyati vakillari va faol xotin-qizlar ham bor.
Anjumandan maqsad samarador Milliy harakatlar rejalari ishlab chiqish bo'yicha ko'nikmalarni oshirishdir. Tadbir ishtirokchilari xotin-qizlar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish, gender tenglikni ta'minlash, shuningdek BMT Xavfsizlik kengashining 1325-Rezolyutsiyasini gender tenglikka doir boshqa hujjatlar, xususan, Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to'g'risidagi konventsiya va BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga, shuningdek mamlakatning gender tenglikni ta'minlash bo'yicha strategiya va rejalariga uyg'unlashtirish borasida erishilgan yutuqlar hamda mavjud muammolarni ko'rib chiqmoqdalar.
Eng muhimi, seminarda YEXHTga a'zo davlatlarning BMT Xavfsizlik kengashi 1325-Rezolyutsiyasini implementatsiya qilish borasidagi tajribasi muhokama etildi. Bu mavzuda YEXHT Kotibiyatining gender masalalari bo'yicha katta maslahatchisi Amarsan Darisuren so'zga chiqdi. YEXHT Kotibiyatining vakili ayni sohada tegishli milliy harakatlar rejalari va strategiyalari ishlab chiqish masalasi juda muhim ekanini ta'kidladi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 01.04.2021
- Ko'rishlar: 3443
- Chop etish