Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiyaning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva boshqargan majlisda Milliy komissiya va hududiy komissiyalar a’zolari, mutasaddi vazirlik va idoralar, NNT vakillari ishtirok etdi. Unda mazkur sohada amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar hamda kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, sohaga doir qonunchilik asoslarini mustahkamlash, qonunchilik bazasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, Xalqaro mehnat tashkilotining konvensiyalarini ratifikatsiya qilish ishlari izchil davom ettirildi.
Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mehnat munosabatlarini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish borasida ijobiy natijalarga erishilgani qayd etildi.
Bunga yorqin misol sifatida joriy yil iyun oyida Jeneva shahrida Xalqaro mehnat konferensiyasining 112-sessiyasi doirasida Xalqaro mehnat tashkilotining Ma’muriy kengashi a’zoligiga bo‘lib o‘tgan saylovlarda O‘zbekiston XMT Yevropa mintaqaviy guruhida 194 ta ovoz bilan birinchi o‘rinni egallagani alohida ta’kidlandi.
Majlisda amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, sohada jiddiy e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Mehnat munosabatlarini xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda yanada takomillashtirish, norasmiy bandlikni qisqartirish, xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, qolaversa, mehnat sohasida gender tenglikni ta’minlash yo‘nalishlaridagi ishlarni yanada takomillashtirish lozimligi ta’kidlandi.
Tadbirda erishilgan natijalardan kelib chiqib, odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat tamoyillarini ilgari surish borasidagi kelgusida amalga oshiriladigan vazifalar, XMTning O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan konvensiyalari yuzasidan chora-tadbirlar rejasi hamda XMT bilan hamkorlikdagi “2021-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha Mamlakat dasturi”ni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Majlisda odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi, munosib mehnat masalalari bo‘yicha Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi rahbarlari, hududiy komissiyalar vakillarining hisobotlari ham eshitildi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan Milliy komissiyaning tegishli qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 03.07.2024
- Ko'rishlar: 1301
- Chop etish