Samarqand shahrida davom etayotgan Osiyo xotin-qizlari forumida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yuksak siyosiy irodasi tufayli xotin-qizlarning manfaatlari, gender tenglikni ta’minlash va oilalar mustahkamligi masalalari siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani e’tirof etildi.
O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva mana shu siyosat tufayli ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hamda ma’naviy hayotda, muhim qarorlar qabul qilinishida xotin-qizlarning ishtiroki sezilarli ravishda kengayganini qayd etdi.
Sohaga doir xalqaro standartlarga mos milliy qonunchilik bazasi shakllantirildi, so‘nggi 5 yilda 80 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Gender tenglik siyosatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va uning to‘laqonli amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida 2030 yilga qadar mo‘ljallangan Gender strategiyasi qabul qilindi. Uni barcha soha va tarmoqlarga joriy qilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
– Qonun hujjatlarini gender ekspertizadan o‘tkazish, genderga asoslangan milliy byudjetni qabul qilish, gender audit kabi tushunchalar amaliyotga joriy qilinmoqda, – dedi T.Norboyeva. – Ayollarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi roli kuchaymoqda. O‘zbekiston parlamentida, ijro organlarida ayollar soni ortdi. Bugun ayol vazirlar, vazir o‘rinbosarlari, hokimlar va hokim o‘rinbosari, yirik nodavlat-notijorat tashkilot rahbari lavozimidagi xotin-qizlar sinfi paydo bo‘ldi va yil sayin ular soni ko‘paymoqda.
Ayol rahbar kadrlarning yangi avlodini shakllantirishda, avvalo, ularning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda xotin-qizlarga ta’lim, ilm-fan bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Ayollar uchun imtiyozli kreditlar, maxsus kvotalar ajratildi, magistraturada o‘qiydiganlarning kontrakt to‘lovlarini to‘liq davlat byudjetidan qoplashni davlat o‘z zimmasiga oldi.
Hozirda oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning yarmidan ko‘pini qizlar tashkil etmoqda. Agar oliy ta’limga qamrovning 2017 yildagi 9 foizni hozirgi
43 foiz qamrov bilan solishtirsak, oliy ta’limda qizlar ulushi keskin ortganini ko‘rishimiz mumkin.
Shuningdek, ayollar shu paytgacha an’anaviy bo‘lgan ta’lim, tibbiyot, tikuvchilik yo‘nalishlaridan tashqari raqamli iqtisodiyot, informatsion texnologiyalar kabi ilg‘or sohalarga faol kirib keldi. Albatta, kelajakda bu ishlar yanada faollashtiriladi va o‘zining ijobiy natijasini beradi.
Berilayotgan imkoniyatlar tufayli so‘nggi yillarda tadbirkor ayollar soni ikki borabarga ortib, 200 mingdan oshdi. Ayollarni kasb-hunarga o‘qitish, ularga imtiyozli shartlar asosida kreditlar ajratish bo‘yicha ishlar jadal olib borilmoqda.
– O‘zbekiston Prezidentining ayollar tadbirkorligi va bandligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan navbatdagi keng qamrovli qarori qabul qilindi. Joriy yilning o‘zida xotin-qizlar kichik biznes va tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish uchun 100 million dollar mablag‘ ajratildi, – dedi Senat Raisi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 13.05.2024
- Ko'rishlar: 1439
- Chop etish