BMT ma’lumotiga ko‘ra, 60 dan ortiq davlatdan 43 mingdan ziyod insonlar “Iroq va Shom islom davlati” (ISHID) va boshqa terrorchi guruhlar safiga qo‘shilish uchun Suriya va Iroqqa yo‘l olgan.
2019-yil ISHID mag‘lubiyatga uchragandan beri o‘n minglab erkaklar, ayollar va bolalar hamon Suriya shimoli-sharqidagi gumanitar, xavfsizlik va inson huquqi bilan bog‘liq vaziyat og‘irligicha qolayotgan lager va qamoqxonalarda saqlanmoqda.
Xorijiy terrorchi jangchilarning xalqaro tinchlikka tahdidiga javoban, BMT Xavfsizlik kengashi 2014-yil qabul qilgan 2178 va 2017-yil tasdiqlagan 2396-rezolyutsiya bilan a’zo davlatlar, xalqaro huquqqa muvofiq, vatanga qaytgan yoki u davlatdan bu davlatga ko‘chib o‘tgan xorijiy terrorchi jangchilar va ularning oila a’zolarini qonuniy sudlov yo‘li bilan ta’qib qilish, ularni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish bo‘yicha aniq, keng qamrovli maxsus va kompleks strategiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishga chaqirildi.
Ushbu yo‘nalishda, 2018-yilda Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi.
2018-yil 1-noyabrdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-sentyabrdagi PF – 5542-son farmoniga asosan terroristik, ekstremistik yoki boshqa ta’qiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Komissiya xulosasiga asosan jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibi joriy etildi.
Voyaga yetmaganlar va yoshlar orasida ekstremizm va terrorizm g‘oyalari tarqalishining oldini olish, uzoq muddat xorijda bo‘lgan fuqarolarni ekstremizm va terrorizm g‘oyalari ta’siridan himoya qilish, internet tarmog‘idan ekstremistik va terrorchilik maqsadlarda foydalanishga qarshi kurashish 2021 – 2026-yillarga mo‘ljallangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari etib belgiladi.
Mazkur yo‘nalishda normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqilishida Adliya vazirligi ham ishtirok etib, avvalo, har qanday vaziyatda ham O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish nuqtayi nazaridan yondashilgan.
Bu borada jabr ko‘rgan har bir fuqaroning kelgusi hayotida o‘z o‘rnini topishi hamda ularga barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratish maqsadida qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.
2019-yildan boshlab “Mehr” gumanitar operetsiyasining 5 bosqichi tashkil etilib, ularning doirasida mamlakatimizning turli hududlaridan Suriya, Iroq, Afg‘oniston va boshqa hududlarga chiqib ketib, jangovar harakatlarda ishtirok etgan 531 nafar ayollar va bolalar O‘zbekistonga qaytarildi.
Repatriatsiya qilingan shaxslar qaytib kelgach, birinchi navbatda, ayollar va bolalar reabilitatsiyadan o‘tkazildi, so‘ngra ularning oilalari va jamoalariga tinch (qayta) integratsiyalashuviga ko‘maklashish bo‘yicha aniq choralar ko‘rildi.
Mutaxassislarning fikricha, repatriantlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish murakkab jarayon hisoblanib, ushbu jarayonlarga bir qator soha vakillarini jalb etish zarur. Shuningdek, reabilitatsiya va reintegratsiya doimiy ravishda halqaro va mintaqaviy tajriba almashishni talab qiladi.
Bu, davlatlarining repatriatsiya bo‘yicha kelgusi sa’y-harakatlari, jumladan, jinoiy javobgarlikka tortiladigan shaxslar bilan bog‘liq murakkabroq holatlar inobatga olinganda juda muhim. Zero, ayni jarayonda tajriba almashish va halqaro va mintaqaviy ekspertlar faoliyatini muvofiqlashtirishni kuchaytirish ushbu yo‘nalishdagi qadamlarni takomillashtirishga xizmat qiladi.
Ushbu holatlarni inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentda bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi xalqaro konferensiya chog‘ida BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi shafeligida Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi mutaxassislari ishtirokida mintaqaviy ekspertlar kengashi tashkil etishni taklif qilgan edi.
Kengashning asosiy vazifasi qurolli to‘qnashuv hududlaridan qaytgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va reintegratsiyalash bo‘yicha mintaqaviy va milliy dasturlarni takomillashtirish, shuningdek, terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat.
Mazkur yo‘nalishda Markaziy Osiyo mamlakatlarida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish, ular o‘rtasida samarali mintaqaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va milliy dasturlarni takomillashtirish maqsadida joriy yilning 14-may kuni Toshkent shahrida harbiy mojaro zonalaridan qaytgan shaxslarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish bo‘yicha Markaziy Osiyo Mintaqaviy ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishi tashkillashtirilmoqda.
Tadbir davomida sog‘liqni saqlash, ijtimoiy ta’minot va ta’lim sohalarida reabilitatsiya va reintegratsiya masalalari bo‘yicha fuqarolik jamiyati tashkilotlari yondashuvlari, Markaziy Osiyoda BMT Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasining amalga oshirilishi, reabilitatsiya bo‘yicha keng qamrovli va maqsadli dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, shuningdek fuqarolik jamiyatining repatriantlar reintegratsiyasidagi barqaror ishtirokini ta’minlash masalalari muhokama qilinadi.
BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida taqdim etilgan va xorijiy hamkorlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangan mazkur tashabbus mintaqaviy hamkorlikni institutsionallashtirishning noyob tajribasini ifodalaydi va sohadagi qo‘shma faoliyat samaradorligini oshirishga ko‘maklashadi.
BMT shafeligida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar ishtirokida Mintaqaviy ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazilayotgani O‘zbekistonning ushbu yo‘nalishdagi siyosati jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilganidan dalolat beradi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonning qurolli mojaroli hududlardan o‘z fuqarolarini repatriatsiya qilish bo‘yicha tajribasi xalqaro jamiyatga namuna sifatida terrorizm va tahdidlarga qarshi kurashishda inson huquqlarini ta’minlashning amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qiladi.
Xudoyor Meliyev,
O‘zbekiston Respublikasi
adliya vaziri o‘rinbosari.
O‘zA
- Qo'shildi: 13.05.2024
- Ko'rishlar: 1490
- Chop etish