MUSTAQILLIK - INSON TAQDIRIDA

Har birimiz hayot yo'lida ota-onamiz, oilamiz va qon-qarindoshlardan tashqari bizga piru ustozlar va sodiq do'stlar bilan hamnafas bo'lamiz. Shu aziz insonlar tufayli hayotimiz sermazmun, turmushimiz qut-barakali va ilmu amalimiz samarador. Shayx Jaloliddin Rumiyning hikmatli so'zlari bilan aytganda: “Kimnikim ustodi yo'q, ham ishin bunyodi yo'q, Ma'ni yo'lida g'aribdir, kimnikim ustodi yo'q”.

 

Professor U.Tojixonov tarjimai holiga ayrim chizgilar

Shu ma'noda, yuridik fanlar doktori, professor, general-mayor Ubaydulla Tojixonovni oqibatli do'st, mehribon ustoz va salohiyatli hammualliflarimdan bo'lgan yaqin inson sifatida ehtirom bilan yodga olaman. U kishi bilan o'zaro samimiy va ishchan munosabatlarimizning tafsilotlari xususida so'z yuritishdan oldin Ubaydulla akamning tarjimai holiga muxtasar to'xtalmoqchiman.

Ubaydulla Tojixonov 1940 yil 1 sentyabrda Chimkent viloyatining Sayram tumanida, ziyolilar oilasida tavallud topgan. 1957-1959 yillarda Toshkent o'rta maxsus maktabida o'qigan, 1959-1965 yillarda esa Toshkent davlat universitetining (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti) yuridik fakul`tetida sirtdan tahsil olgan.

U kishi xizmat faoliyatini 1959 yili Toshkent shahridan boshlagan. 1982 yilgacha poytaxtimiz va Namangan shahar ichki ishlar organlari tizimida, shuningdek respublika miqyosidagi rahbarlik lavozimlarida ishlagan.

1982 yildan e'tiboran Ubaydulla aka pedagogik va ilmiy faoliyatga e'tiborini qaratgan. Ichki ishlar vazirligi Toshkent Oliy maktabining (hozirgi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining) ma'muriy huquq kafedrasida o'qituvchi, katta o'qituvchi, kafedra boshlig'ining o'rinbosari, sirtqi ta'lim fakul`teti boshlig'i kabi lavozimlar pog'onasi bo'ylab yuqorilab borgan.

Ammo, XX asrning oxirgi o'n yilliklarida "o'zbeklar ishi" degan noxush tamg'a bilan el-yurtimiz boshiga yog'ilgan baloyu ofatlar uni ham chetlab o'tmagan. Ubaydulla Tojixonov 1986 yili to'satdan qamoqqa olingan. O'sha mash'um balolarning boshida turgan, balki bevosita ijrochilari bo'lgan Gdlyan va Ivanovlar guruhi tomonidan Ubaydulla aka qattiq so'roqlarga tutilgan. Ular o'zlari kutgan ma'lumotlarni ololmagach,  uni qiynoqlarga duchor etishgan.

Adolatsizliklar oldida bosh egmagan va ruhi sinmagan ushbu mard inson roppa-rosa 3 yilu 23 kunlik qiyinchliklardan so'ng nihoyat ozodlikka chiqarilgan. Ubaydulla aka 1989 yilda to'la oqlanib, bekor qilingan unvonlari qaytarib berilgan. U kishi avvalgi ish joyi - Toshkent Oliy maktabi ma'muriy huquq kafedrasi boshlig'ining o'rinbosari lavozimiga tiklangan.

Bu haqda so'z borganda, albatta, sobiq ittifoqning so'nggi yillari bo'lgan o'sha davrda va O'zbekiston mustaqilligi qo'lga kiritilgan dastlabki yillarda Toshkent Oliy maktabining faoliyatida bir qator muammolar to'planib qolganiga to'xtalish kerak bo'ladi. Xususan:

birinchidan, Oliy maktabning o'quv binolari, sinfxonalar, yotoqxonalar, oshxonalar tamomila yaroqsiz va ayanchli holatda bo'lgan;

ikkinchidan, o'zbek xalqining milliy ruhiga begona darsliklar, o'quv qo'llanmalari va boshqa ilmiy adabiyotlar kommunistik mafkuradan meros bo'lib qolgan;

uchinchidan,  yoshlarga malakali bilim berishga qodir pedagoglar yetishmagan;

to'rtinchidan, huquqshunoslik sohasida mahalliy millatga mansub fan doktorlari va fan nomzodlari nihoyatda kam bo'lgan.

Bu salbiy omillarning barchasi, o'z navbatida, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qiladigan, yurtdoshlarimizning tinch-osuda yashashini ta'minlaydigan, Vatanimizni tajovuzkor ichki va tashqi g'animlardan, har xil jinoyatchi unsurlardan himoya qiladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlashga xalaqit berardi.

Binobarin, o'sha vaziyatlarda sohada qalbi qaynoq, vijdoni pok, iymon-e'tiqodli, xalqparvar, vatanparvar, bilimli, yuqori malakali yurt posbonlarini har tomonlama kamol toptirish dolzarb ahamiyat kasb etayotgandi.

Shu nuqtai nazardan, Ubaydulla Tojixonovning 1992 yildan Toshkent Oliy maktabi, 1994 yildan e'tiboran o'n yil davomida O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining boshlig'i lavozimida samarali faoliyat ko'rsatgani mamlakatimiz huquqni muhofaza qiluvchi organlari faoliyati tarixida muhim voqea bo'ldi.

Ubaydulla akaning bevosita rahbarligi davrida ushbu oliy o'quv yurti nafaqat shakllandi va dadil oyoqqa turdi, balki MDH makonidagi turdosh oliy ta'lim muassasalari orasida nufuzi va mavqei bo'yicha peshqadamlardan biriga aylandi.

Ubaydulla aka bilan yuzma-yuz tanishuvimiz Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining shakllanish davri bilan chambarchas bog'liq. Mazkur ma'rifat maskanida ko'p yillik amaliy, ilmiy, ijodiy va do'stona hamkorligimiz qaror topgan hamda mustahkamlangan.

Shu o'rinda Ubaydulla Tojixonovning Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida amalga oshirgan salmoqli ishlarini quyidagi mezonlar bo'yicha tahlil qilish maqsadga muvofiq, degan fikrdaman.

 

Birinchi mezon: yosh avlod ta'lim-tarbiyasi

Ubaydulla aka Akademiya rahbarligiga tayinlangach, oliy o'quv yurtidagi ta'lim mazmunini yangilash maqsadida o'quv jarayonining tuzilishi tubdan qayta ko'rib chiqilgan. Ta'lim dasturiga xalqimizning milliy ruhiyatiga mos keladigan va mustaqil davlatchilik talablariga javob beradigan, mutlaqo yangicha mazmundagi yangi avlod o'quv fanlari kiritilgan.

Mamlakatimizda jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida yetuk qadrlarni tayyorlashga qaratilgan namunaviy dasturlar asosida darsliklar, o'quv qo'llanmalari, ma'ruzalar kurslari va boshqa zaruriy o'quv-metodik materiallar ishlab chiqilgan. O'quv ishlarining izchilligini ta'minlaydigan normativ-huquqiy hujjatlar tizimi qabul qilingan.

Bu mas'uliyatli va sharafli vazifalar bilan shug'ullanish O'zbekiston mustaqilligining dastlabki yillariga to'g'ri kelgan. O'sha davrda mustaqillik, demokratiya, huquq kabi asosiy tushunchalarning mohiyatini, yangi davr talablaridan kelib chiqqan holda, keng jamoatchilikka atroflicha targ'ib etish taqozo qilinardi. Shu bois Ubaydulla Tojixonov matbuot sahifalarida ham faol chiqishlar qilgan.

Istiqlolning ilk davrida ichki ishlar organlari tizimida rahbar kadrlarga ehtiyoj kuchli edi. Shuning uchun 1998 yil 26 fevralda Akademiyada "Ichki ishlar organlari uchun rahbar kadrlar tayyorlash fakul`teti" tashkil etilgan. Bunda, albatta, Ubaydulla Tojixonovning yuksak ma'naviy va axloqiy talablarga javob beradigan, yuqori malakali rahbar kadrlar tayyorlash istiqbollari bilan bog'liq tashabbusi va amaliy taklifi muhim rol` o'ynagan.

Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida "Xalqaro huquq" kafedrasi tashkil etilgani ham katta ahamiyat kasb etganini ta'kidlash lozim. Chunki xalqaro huquqni teran va faol o'rganish yuqori malakali xalqaro yuristlarni tayyorlashning majburiy shartlaridandir.

E'tiborli jihati shundaki, yangi kafedraning faoliyatini yo'lga qo'yish ishlari "Xalqaro huquq" fanini o'qitish va o'rganish uchun darsliklar hamda o'quv qo'llanmalari yaratish jarayonlari bilan uyg'un kechgan.

"Adolat" nashriyotida 2011 yili chop etilgan "Xalqaro huquq" darsligim, shuningdek "Xalqaro huquq. Chizmalar va ta'riflarda" nomli o'quv qo'llanmamga professor U.Tojixonov mas'ul muharrirlik qilgan. Har ikkala kitob Akademiyada yaratilgan ilmiy-ijodiy muhitning mahsuli hisoblanadi.

 

Ikkinchi mezon: obodonchilik va me'moriy-bunyodkorlik ishlari

Ubaydulla Tojixonov boshchiligida Akademiya jamoasi ulkan bunyodkorlik ishlarini bajargan. Jumladan, o'quv binolari, zamonaviy auditoriyalar, yotoqxonalar, sanatoriy-sog'lomlashtirish markazi bunyod etilgan.

Madaniyat saroyi, sport majmuasi, oshxona kabi ko'plab inshootlar qayta qurilgan, mavjudlari esa tez fursatlarda va sifatli ta'mirlangan.

Shu tariqa o'quv yurti hududida yashil libosga burkangan chamanzor, shahar ahli tilida "archazor" deb e'zozlanadigan shinam go'sha yaratildi. 

Natijada Akademiya insonning bahri dili ochiladigan, bu yerga tashrif buyurganlar cheksiz zavq oladigan, hayratga tushadigan, ushbu ta'lim maskanida dars beradigan va saboq oladigan mutaxassislar esa haqli ravishda g'ururlanadigan ta'lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat va ma'rifat maskaniga aylandi.

 

Uchinchi mezon: huquqshunoslik fani va ilmiy tadqiqot ishlarini rivojlantirish

Bu borada amalga oshirilgan ishlar haqida aniq tasavvurga ega bo'lish uchun raqamlarga e'tibor beraylik. Akademiya professor-o'qituvchilari tomonidan qisqa davrda 30 dan ortiq darslik, 70 dan ziyod ma'ruzalar kursi, qariyb 200 ta o'quv qo'llanma, 250 tadan ortiq o'quv-metodik qo'llanma, 40 dan ortiq monografiya, 13 ta lug'at, 10 ta Kodeksga ilmiy-amaliy sharhlar, 10 dan ziyod ilmiy-ommabop risola, 9 ta xrestomatiya, 5 ta axborot byulleteni va 1 ta entsiklopediya tayyorlangan hamda nashr etilgan.

Ubaydulla aka tashkiliy-amaliy ishlardan ortib, ilmiy-nazariy faoliyatga ham vaqt ajratardi. Buning natijasida biz, ya'ni men, U.Tojixonov va J.Toshqulov o'zaro ilmiy hamkorlikda 1995 yili "Mustaqillik va huquqiy mafkura" o'quv qo'llanmasini yozdik. Xuddi shu yili J.Toshqulov bilan birga "O'zbekiston davlati va huquqi tarixi" o'quv qo'llanmasini tayyorladik. Har ikki qo'llanma  Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi tomonidan nashr etildi.

Bu boradagi ilmiy hamkorligimiz yanada izchil davom etdi. Xususan, 1998 yili kamina Ubaydulla aka bilan hammualliflikda yozgan "Huquqiy madaniyat nazariyasi" nomli 2 jilddan iborat darsligimiz chop etildi. O'z navbatida, 2001 yilda ikkimizning "Davlat va huquq nazariyasi" nomli 2 jildli kitobimiz nashrdan chiqdi.

Keyinchalik Ubaydulla aka bilan ilmiy-ijodiy hamkorlikda yana 2 ta darslik chop ettirdik. Bular - U.Tojixonov, A.Saidov, H.Odilqoriev muallifligida yozilgan va 2001 yili chop etilgan "O'zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy huquqi", shuningdek 2002 yili nashrdan chiqqan "Davlat va huquq asoslari" darsliklaridir.

 

To'rtinchi mezon: ilmiy-pedagogik kadrlar va iqtidorli yosh olimlarni yetishtirish

General Ubaydulla Tojixonovning o'zi ham 1978 yilda fan nomzodi, 1995 yili esa doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Shu nuqtai nazardan, u kishining ilm-fanga ishtiyoqi kuchli, olimlarga esa hamisha mehri baland edi.

Ubaydulla aka Akademiya boshlig'i sifatida ish boshlagan 1992 yilda ushbu ma'rifat dargohida atigi 12 nafar ilmiy darajali mutaxassis ishlagan. Shuning uchun Ustoz Akademiya huzurida Ixtisoslashgan ilmiy kengash faoliyati yo'lga qo'yilishiga bosh-qosh bo'lgan.

Buning natijasida Akademiyada fanning 13 ta yo'nalishi bo'yicha 36 nafar fan doktori, 112 nafar fan nomzodi, 6 nafar akademik, 5 nafar O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan fan arbobi, 4 nafar xizmat ko'rsatgan yurist, 1 nafar xalq yozuvchisi hamda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi faoliyat ko'rsatishiga erishildi.

Bu, o'z navbatida, ushbu oliy ta'lim muassasasining ilmiy salohiyati yuksalishiga hamda huquq, falsafa, siyosat, tarix va kasbiy sohalarni izchil rivojlantirishga keng yo'l ochdi.

 

Beshinchi mezon: tahririyat-noshirlik ishlari

1997 yili Akademiya professor-o'qituvchilari, qolaversa, yurtimizdagi turli soha olimlarining ilmiy izlanishlari natijalarini yoritish maqsadida har chorakda "O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining Axborotnomasi" ilmiy-yuridik nashrining faoliyati yo'lga qo'yilgan.

"Axborotnoma" sahifalarida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-huquqiy hayotiga hamda davlatchilik, qonuniylik, huquq-tartibot, ma'naviyat va ma'rifat, ta'lim-tarbiya masalalariga bag'ishlangan ilmiy maqolalar muntazam e'lon qilib borildi. Akademiya tomonidan "Huquq-Pravo-Law" yuridik jurnali ham uch tilda muayyan muddat nashr etilgandi.

Bu borada Ubaydulla aka doim shaxsan tashabbus ko'rsatar va hamisha barcha yangiliklarning tashabbuskori edi. Mamlakatimizda mualliflar jamoasi tomonidan "O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga sharh" tayyorlash jarayonlari ham ushbu fikrimni yaqqol tasdiqlaydi.

Ayniqsa, Ubaydulla Tojixonovning "Qonun. Inson. Davlat" ("Zakon. Chelovek. Gosudarstvo") nomli kitobi yurtimiz ilmiy jamoatchiligi tomonidan keng e'tirof etilgan. Bundan tashqari, Ubaydulla akaning bevosita sa'y-harakatlari tufayli Kodekslarga sharhlar tayyorlangan, "Yuridik entsiklopediya" nashr etilgan.

 

Xotima o'rnida

Ubaydulla Tojixonovning samarali faoliyati mezonlari haqida yana uzoq to'xtalish mumkin. Masalan, u kishining o'z xizmat jamoasi maishiy turmushini yaxshilash, Akademiya xodimlariga g'amxo'rlik qilish bobidagi yondashuvini ta'riflashga so'z ojiz.

Ubaydulla aka har bir ishni adolat mezoni bilan hal etardi. Qisqacha aytganda, u kishi general unvonida ham, professorlik ilmiy maqomida ham, oddiy inson sifatida ham xalqimizga va Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qildi.

Xulosa qilib aytganda, yapon halqining: "Oftob haq-nohaqni ajratmaydi, u kimnidir isitishni maqsad qilmasdan nur sochadi. O'zini topgan odam xuddi oftobga o'xshaydi", degan hikmati bejiz emas.

Ubaydulla Tojixonov ham o'zini topgan insonlardan bo'lib, u kishining tug'ilgan kuni - 1 sentyabr - Xalqaro bilimlar kuniga to'g'ri kelishida ham o'ziga xos ramziy ma'no bor, nazarimda. Chunki rahmatlik butun umr ilm-ma'rifatni o'rganish va o'rgatishdek ezgu amal bilan mashg'ul bo'ldi.

Ubaydulla akaning ma'rifat ziyosidan bahra olganlar orasida kamina ham bor. Ustoz bu yil qutlug' 80 yoshga to'lar edi. Ilohim, oxiratlari obod bo'lsin.

Akmal Saidov,
akademik 

("Hurriyat" gazetasi, 2020 yil 26 avgust)

Powered by GSpeech