Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining VIII bobi «Siyosiy huquqlar»ga bag‘ishlangan bo‘lib, uning 36-moddasi, birinchi qismida — «O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega. Bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda shakllantirish, shuningdek, davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati vositasida amalga oshiriladi», deb belgilab qo‘yilgan.
Mazkur konstitutsiyaviy norma joriy yilning 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga bo‘lib o‘tadigan saylovlar ahamiyati nechog‘lik muhimligini ko‘rsatadi. Qolaversa, har bir fuqaro parlament saylovlarida shaxsan ishtirok etar ekan, o‘zining konstitutsiyaviy huquqidan foydalanibgina qolmasdan, balki, ta’bir joiz bo‘lsa, farzandlarimiz oldidagi konstitutsiyaviy majburiyatini ham bajaradi. Biz bunga quyiroqda batafsil to‘xtalamiz.
Mulohaza uchun…
Sir emas, avvallari butun bir oila uchun oila boshlig‘i tomonidan ovoz berish holatlari norasmiy bo‘lsada «an’ana»ga aylanib qolgan edi. Afsuski, bunday ovoz berish tartibi eng yuqorida ham «o‘zbekchilik»ka yo‘g‘rildi. So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan turli darajadagi saylovlarda bunday holatlarga qat’iy chek qo‘yildi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Buning uchun hatto ma’muriy javobgarlik belgilangandi. Endilikda saylov (ovoz berish) byulletenlarini berish tartibini buzish holatlari sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, ko‘pchilik fuqarolar parlament saylovlarida ishtirok etar ekan, saylovlarga faqat deputatlikka nomzod (shaxsni)ni Oliy Majlisga «saylash tadbiri» deb qarashadi. Afsuslanarlisi, ko‘pchilik fuqarolar deputat saylangani bilan menga nima qilib beradi, degan, kayfiyatda bo‘lgan. Shu va boshqa sabablar o‘laroq parlament saylovlariga har doim ham jiddiy munosabatda bo‘lishmagan.
Aslida esa unday emas. Har bir fuqaro (saylovchi) parlament saylovlarida ishtirok etish orqali jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita ishtirok etadi va qonun chiqaruvchi hokimiyat — Oliy Majlisni shakllantiradi. Qolaversa, o‘zlarining Konstitutsiyada belgilab berilgan davlat ishlarini bilvosita boshqarishdagi vakolatlarini besh yil muddatga o‘zlari saylagan deputatlarga topshiradi. Albatta, avvallari buni to‘liq his etgan, deb aytolmaymiz.
Agar har bir fuqaro parlament saylovlarida shaxsan ishtirok etib, o‘zlari munosib deb bilgan nomzodga va siyosiy partiyaga ovoz berganida hamda eng munosib nomzodlarni parlamentga saylab olsalar, kelgusida butun bir ijro hokimiyatini, uning barcha bo‘g‘inlari faoliyati ustidan nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘lishardi. Bu aslo mubolag‘a emas.
Birgina misol qilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning quyidagi so‘zlarini keltirish o‘rinli deb bilamiz. «Hozirgi kunda Konstitutsiyaga muvofiq, parlament Bosh vazirni tasdiqlaydi. Lekin vazirlarni lavozimga qo‘yishda qatnashmaydi. Shuning uchun Hukumat a’zolari parlament oldida mas’uliyatni yetarli darajada his etayotgani yo‘q. Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi a’zolarini Oliy Majlis tomonidan tasdiqlash amaliyotini kiritishni taklif etaman».
Davlatimiz rahbarining ijro hokimiyatini shakllantirishda Oliy Majlis vakolatlarini yanada kengaytirish borasidagi takliflarni bejiz keltirmadik. Chunki parlament vakillik hokimiyati sifatida eng avvalo O‘zbekiston xalqi nomidan ish olib borish vakolatiga ega. Bu Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilgan. Demak, qolgan barcha davlat hokimiyati organlari parlament – xalq oldida hisobdor bo‘lishi shart. Shuning uchun ham parlamentning eng muhim funksiyalaridan biri — davlat hokimiyati lavozimlariga mansabdor shaxslarni tayinlash, ya’ni kadrlar siyosatini amalga oshirish, ularning vakolatlarini belgilashdir. Boshqacha aytganda, parlament Konstitutsiyada belgilangan davlat organlarini shakllantirish va mansabdor shaxslarni saylash, ularni lavozimidan ozod etish masalasini hal etadi.
To‘g‘ri, ko‘pchilik huquqshunoslar parlamentning ushbu funksiyasini mustaqil funksiya sifatida e’tirof etmaydilar, uni nazorat funksiyasi sifatida tasniflashadi. Shu bois parlamentning kadrlarga oid vakolatlari uning nazorat funksiyasining bilvosita amalga oshirilishini anglatadi, deb aytishadi. Bizningcha, parlament nazorati va davlat organlarini (mansabdor shaxslarini) shakllantirish (saylash)da parlamentning ishtiroki parlament faoliyatining keng va turlicha ekanligini — maqsadlari, shakllari va mazmunini ifodalaydi.
Demak, Oliy Majlis palatalarining davlat organlarini shakllantirish va ayrim mansabdor shaxslarni saylash vakolatlarini amalga oshirishi uning kadrlarga oid funksiyasini amalga oshirish sifatida tasniflanishi mumkin. Ayni vaqtda parlamentning funksiyalari bilan parlament tartiblari o‘rtasidagi chambarchas bog‘liqlik mavjudligini ham unutmaslik kerak. Bu parlamentning har bir funksiyasi tegishli tartib bilan ta’minlanishi, o‘z navbatida, parlamentning taomil-tartibini amalga oshirishga yordam berishi lozimligida, parlament vakolatlarini sifatli amalga oshirishga ko‘maklashishida namoyon bo‘ladi.
Yuridik adabiyotlarda parlamentning muayyan organlar yoki mansabdor shaxslarni saylash (tasdiqlash) vakolatlari «investiture» atamasi bilan belgilanadi. Bu — «vazifaga kirish», «vakolat berish» degan ma’noni anglatadi. Shunday qilib, parlamentar respublikalarda hukumatni shakllantirishda u parlamentdan, prezident respublikalarida esa davlat rahbaridan investitura (vakolat) oladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida parlamentning kadrlarga oid quyidagi funksiya va vakolatlari mustahkamlab qo‘yilgan: parlamentning har ikki palatasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining tuzilishi (93-modda), parlamentning har ikkala palatasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha Vakili va uning o‘rinbosarini saylash (93-modda), Prezident tomonidan taqdim etilgan Bosh vazir nomzodini quyi palata tomonidan tasdiqlash (94-modda birinchi qismi 3-bandi), davlat rahbari tomonidan taqdim etilgan hukumat a’zoligiga nomzodlarni quyi palata tomonidan tasdiqlash (94-modda birinchi qismining 5-bandi), parlamentning yuqori palatasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi tarkibini, Sudyalar oliy kengashi a’zolarini, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Raqobatni rivojlantirish va O‘zbekiston Respublikasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi rahbarlarini saylash (95-modda birinchi qismining 1-bandi), O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va Hisob palatasi raisi lavozimlariga davlat rahbari tomonidan taqdim etilgan nomzodlarni tasdiqlash (95-modda birinchi qismining 2-bandi); — parlamentning yuqori palatasi tomonidan mamlakatning xorijdagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari rahbarlarini tayinlash va lavozimidan ozod etish (95-modda birinchi qismi 4-bandi), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisini parlamentning yuqori palatasi tomonidan tayinlash va lavozimidan ozod etish (95-modda birinchi qismining 5-bandi).
Parlamentning kadrlarga oid ushbu funksiyasi davlat hokimiyati oliy organlarining ayrim lavozimlariga ko‘rsatilgan nomzodlarni saylash yoki tasdiqlash shaklida amalga oshiriladi. Bu yerda parlament palatasi nomzodlarni qonunda belgilangan lavozimlarga saylash yoki tayinlash masalalarini bevosita hal qilishini kuzatish mumkin.
Shu o‘rinda ijro hokimiyati boshlig‘ini tayinlash tartibiga e’tiboringizni qaratsak. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining mansabdor shaxslari saylangandan va organlari shakllangandan so‘ng bir oy ichida yoki O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimidan ozod etilganidan keyin yoxud O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining amaldagi tarkibi iste’foga chiqqanidan keyin bir oy ichida Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi va ma’qullashi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan barcha fraksiyalar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan so‘ng taqdim etiladi.
Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini taqdimnoma kiritilgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida ko‘rib chiqadi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga nomzod Qonunchilik palatasida uning nomzodi ko‘rib chiqilayotganda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturini taqdim etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturi Qonunchilik palatasining majlisida eshitiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturi, fraksiyalar vakillarining o‘z fikrlari va nuqtai nazarlari bayon etilgan chiqishlari eshitilganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ma’qullash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga nomzodni ma’qullash Qonunchilik palatasi tomonidan yashirin ovoz berish orqali amalga oshiriladi. Ovoz berish usuli to‘g‘risidagi qaror deputatlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi uning deputatlar umumiy sonining yarmidan ko‘pi tomonidan ovoz berilgan taqdirda ma’qullangan hisoblanadi.
Qonunchilik palatasining O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ma’qullash masalasi yuzasidan qarori mazkur qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi. Agar ovoz berish vaqtida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi deputatlar umumiy sonining yarmidan ko‘pining ovozini to‘play olmasa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti barcha fraksiyalar bilan qo‘shimcha maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan keyin Bosh vazir lavozimiga nomzodni yana ikki marta taqdim etish huquqiga ega.
Yangilangan Konstitutsiyamizning 118-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi va ma’qullashi uchun Prezident tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan so‘ng taqdim etiladi.
Fikrimizcha, yangilangan Konstitutsiyamizdagi mazkur tartib xorijiy davlat tajribasini o‘rganish negizida joriy etilgan. Ushbu konstitutsiyaviy qoidadagi muhim nuqta, bu — Bosh vazir nomzodi bo‘yicha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish institutining nazarda tutilganligidir.
Qonunchilik palatasining yana bir mutlaq vakolati avvalgi vakolat bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlarni ko‘rib chiqish va tasdiqlash huquqida ifodalanadi. Xususan, Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlar avvalo Prezident tomonidan parlament quyi palatasiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi. So‘ngra palata tomonidan olingan tasdig‘idan so‘ng ular davlat rahbari tomonidan tayinlanadi.
Palataning roziligi bu holda hukumat a’zolarini tayinlash mexanizmining ajralmas elementi hisoblanadi. Hukumat a’zoligiga nomzod o‘z nomzodini Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqishda Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan chora-tadbirlar rejasini taqdim etadi. O‘zbekiston Respublikasining huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy-texnikaviy chora-tadbirlarini nazarda tutadi va istiqboldagi maqsad va vazifalarga erishishni nazarda tutadi.
Bizningcha, hukumat a’zolarini tayinlashning yangi modeli hukumatni shakllantirishning Germaniya va Fransiya modellari bilan bir qator o‘xshashliklarga ega. Misol uchun, Fransiyada agar uning partiyasi Milliy Assambleyada ko‘pchilik bo‘lsa, Respublika Prezidenti hukumatni tuzadi. Agar bunday bo‘lmasa, u parlamentdagi ko‘pchilik partiya rahbariga o‘z nomzodini parlamentga qo‘yish va uni Bosh vazir lavozimiga tasdiqlash uchun hukumat tuzishni taklif qilishga majbur. Nemis modeli hukumat a’zolarini kansler tavsiyasiga ko‘ra, Bundestag ma’qullagan holda Prezident tomonidan tayinlanishini nazarda tutadi.
Oliy Majlis palatalari bir qator davlat organlarini shakllantirish jarayonida bevosita davlat rahbari bilan birgalikda tuzadi yoki ishtirok etadi. Parlament palatalarining kadrlarga oid vakolatlari hukumat rahbari va a’zolarini, Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud sudyalarini, Ombudsmanni va uning o‘rinbosarini, Markaziy saylov komissiyasini, Hisob palatasini, diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini saylash yoki tayinlash va boshqa masalalarni qamrab oladi.
Parlamentning davlat organlarini shakllantirish bo‘yicha funksiyasi va vakolatlari uning faoliyatida alohida o‘rin tutadi hamda Oliy Majlis palatalarining vakillik, qonunchilik va nazorat funksiyalari bilan bir qatorda muhim o‘rin egallaydi. Davlat organlarining butun tizimi faoliyatining izchilligi bu vakolatlarning samarali amalga oshirilishiga bog‘liq. Davlat organlarini shakllantirishda parlament ishtirokining shakl va usullari xilma-xilligi bu jarayonning murakkabligidan hamda mas’uliyatliligidan dalolat beradi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, joriy yilning 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarda fuqarolarimiz ertangi kunimiz qanday bo‘lishi va dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallashimizni ta’minlashda muhim siyosiy qarorlar qabul qilishga qodir bo‘lgan milliy parlamentimiz — Oliy Majlis Qonunchilik palatasini shakllantirishda ishtirok etadilar. Shuni unutmaslik lozimki, Davlatimiz rahbari haqli ravishda ta’kidlaganlaridek, «Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!»
Abdumannob RAHIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi
sudyasi
- Qo'shildi: 12.09.2024
- Ko'rishlar: 816
- Chop etish