16 mart kuni Turkmaniston poytaxti — Ashxobod shahrida “Tinchlik, ishonch va xavfsizlikni ta'minlashda xotin-qizlarning roli” mavzuida Markaziy Osiyo mintaqaviy forumi bo'lib o'tdi. Onlayn anjuman Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Ashxoboddagi Markazi tomonidan Turkmaniston Hukumati bilan hamkorlikda, YEXHTning Gender masalalari bo'yicha kotibiyati Dasturi hamda Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi ko'magida tashkil etildi.
Mintaqaviy anjumanda YEXHTga a'zo mamlakatlar vakillari, shu jumladan, mintaqaning amaldagi va sobiq lider-ayollari, hamkorlik bo'yicha sheriklar, ijro etuvchi hokimiyat tuzilmalari rahbarlari, fuqarolik jamiyati faollari, ilmiy doiralar va xususiy sektor ekspertlari ishtirok etdi.
Forumdan ko'zlangan maqsad — Markaziy Osiyo mintaqasida gender tenglikka erishish borasidagi ilg'or tajribani o'rtoqlashish, bu borada mavjud muammo va tahdidlarni muhokama qilish hamda istiqboldagi maqsad-vazifalarni aniqlashtirib olishdan iborat.
Tadbirning ochilishida YEXHTning Amaldagi raisi Ann Linde, Turkmaniston Respublikasi Parlamenti Raisi Gulshat Mammedova, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, “Markaziy Osiyo lider-ayollari muloqoti” Raisi Tanzila Norboeva, YEXHT Bosh kotibi Xel`ga Shmidt, BMT Bosh kotibining Maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya mintaqaviy markazi rahbari elchi Nataliya German, Afg'oniston Islom Respublikasining YEXHTdagi Delegatsiyasi rahbari elchi Manija Baxtari, YEXHTning Milliy ozchiliklar bo'yicha oliy komissari elchi Kayrat Abdraxmanov, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi direktori Matteo Mekachchi, YEXHTning Ommaviy axborot vositalari erkinligi bo'yicha vakili Tereza Ribeyru ishtirokchilarni qutladilar.
Mintaqaviy forum ishiga YEXHTning Ashxoboddagi Markazi rahbari elchi Natal`ya Drozd moderatorlik qildi.
Forumda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etdi va so'zga chiqdi.
A. Saidov qayd etganidek, insonning har tomonlama tengligi — inson huquqlari sohasidagi muhim printsiplardan biridir. Jamiyat hayotining barcha sohalarida ayollar bilan erkaklar o'rtasida to'liq tenglikka erishish ushbu printsipning asosiy talabi hisoblanadi.
O'zbekiston istiqlolning dastlabki yillaridanoq Pekin Harakatlar platformasida muhim o'rin tutib kelmoqda. Pekin shahrida 1995 yili Xotin-qizlarning to'rtinchi butunjahon konferentsiyasi o'tkazilganidan buyon mamlakatimiz ayollar va erkaklar huquqlarining tengligi ta'minlangan jamiyat barpo etish yo'lida dadil odimlamoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasidagi nutqida mamlakatimizda gender siyosati qat'iy davom ettirilishini ta'kidlagani bejiz emas. Bu yil yurtimizda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqotini tashkil etish, shuningdek, xotin-qizlarning mintaqaviy biznes-forumini o'tkazish rejalashtirilgani ham biz ijtimoiy, siyosiy va tadbirkorlik sohalarida xotin-qizlarning o'rnini tubdan oshirishga qat'iy bel bog'laganimizdan dalolat beradi.
Bir kunlik mintaqaviy anjuman bir vaqtning o'zida to'rtta mavzu bo'yicha sho''balarda o'tkazildi. Har bir sho''bada mintaqadagi davlatlar hukumatlari, fuqarolik jamiyati institutlari, YEXHT va boshqa nohukumat tashkilotlar vakillari hamda ekspertlardan iborat ma'ruzachilar guruhi onlayn shaklda faoliyat olib bordi.
So'zga chiqqanlar ushbu forum gender tenglik bo'yicha YEXHT majburiyatlarini xavfsizlikning uchta ustuvor mezoni — tinchlik, ishonch va barqarorlik omillari bo'yicha yanada faol va izchil bajarishga ko'maklashishini ta'kidladilar. Binobarin, gender tenglik va xavfsizlik, demokratiya va farovonlik o'zaro chambarchas bog'liqdir.
BMT Bosh Assambleyasi qayd etganidek, “tinchlik — bu shunchaki mojarolarsiz hayotning o'zigina emas, balki ijobiy, jo'shqin va keng miqyosdagi daxldorlikni taqozo etadigan jarayon hamdir”. Forumda ana shu e'tirofni hayotga chuqur tatbiq etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Anjuman ishtirokchilari tomonidan pirovardida “Tinchlik, ishonch va xavfsizlikni ta'minlashda xotin-qizlarning roli” mavzuida Markaziy Osiyo mintaqaviy forumining Yakuniy bayonoti qabul qilindi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 16.03.2021
- Ko'rishlar: 3202
- Chop etish