«Istanbul protokoliga muvofiq qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazoni samarali tergov qilish va hujjatlashtirish» mavzuida trening

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Xalqaro inson huquqlari kuni munosabati bilan e'lon qilingan Inson huquqlari oyligi doirasida  2020 yil 14 dekabrdan jazoni ijro etish tizimining tibbiyot xodimlari uchun «Istanbul protokoliga muvofiq qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazoni samarali tergov qilish va hujjatlashtirish»  mavzuida uch kunlik trening boshlandi.

Trening mashg'ulotlari Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi va YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisining "O'zbekistonda inson huquqlarini himoya qilishning milliy tizimini barqaror rivojlantirishga ko'maklashish bo'yicha qo'shma loyiha"si doirasida o'tkazilmoqda.

Ushbu tadbir tashkilotchilari Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi va BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy vakolatxonasi hisoblanadi.

Instanbul  protokoli - Qiynoqlarni va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazoni samarali tergov qilish va hujjatlashtirish bo'yicha qo'llanma qiynoqqa solinganlik holatlarini tergov qilish va bunday baholash va tergov natijalarini sud yoki boshqa tergov organiga taqdim etish uchun xalqaro ko'rsatmalar sifatida xizmat qiladi.

Ko'rsatma qiynoqlarni va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazoni samarali tergov qilish va hujjatlashtirish tamoyillarini o'z ichiga oladi. Ushbu tamoyillar qiynoqlarning samarali hujjatlarini ta'minlash uchun davlatlar amal qilishi lozim bo'lgan minimal standartlarning qisqacha tavsifini beradi.

Ko'rsatmalar majburiy xarakterga emas. Ular yuqorida qayd etilgan tamoyillarga asoslangan minimal standartlardir va mavjud imkoniyatlarga muvofiq qo'llanilishi kerak.

Treningdan ko'zlangan maqsad – O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi tizimidagi penitentsiar muassasalar tibbiy xodimlarini Istanbul protokolining asosiy qoidalari bilan tanishtirishdan iborat.

Trening ilk kunida ishtirokchilar tomonidan quyidagi masalalar muhokama qilindi:

- qiynoqlarni tergov qilish, hujjatlashtirish va jinoiy javobgarlikka tortish sohasidagi davlatlar majburiyatlari;

- Istanbul protokolining asosiy qoidalari va tamoyillari;

- "jabr qilma" tamoyili majburiyatlari bilan tanishish»;

- qiynoqlarni hujjatlashtirishda o'zaro hamkorlik qilish.

Trening ishida O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi penitentsiar muassasalarining tibbiy xodimlari, shuningdek Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari ishtirok etdi.

Trening davomida tibbiy-huquqiy hujjatlar haqida axborotlar taqdim etildi. Ishtirokchilar Istanbul protokolining asosiy qoidalari, qiynoqlarning jismoniy va psixologik oqibatlari va qiynoqlar qurbonlarini reabilitatsiya qilishning asosiy tamoyillari bilan ham tanishtirildi.

Maxsus taklif etilgan xalqaro ekspertlar qiynoqlarni tergov qilish va hujjatlashtirish, Istanbul protokoli bo'yicha qiynoqlarni tergov qilishning xalqaro standartlari, qiynoqlarni tergov qilishda mutaxassislarning o'zaro hamkorligi, qiynoqlarning jismoniy va psixologik dalillari to'g'risida ma'lumot berdilar.

Trening doirasida «Qiynoqlarni va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazoni samarali tergov qilish va hujjatlashtirish  (Instanbul  protokoli)» qo'llanmasining o'zbek tilidagi nashri  taqdimoti bo'lib o'tdi.

Tadbir so'ngida trening ishtirokchilari qiynoqlarning oldini olish masalalari bo'yicha o'zaro hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi
Xalqaro hamkorlik bo'limi

Powered by GSpeech