Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasi 2024 yil 6 oktyabr kuni atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha respublika referendumi o‘tkazilishi bo‘yicha qaror chiqardi. Bu haqda maxsus matbuot anjumanida ma’lum qilindi. Referendumga tayyorgarlik 35 kun davom etadi.
– Saylovchilar ro‘yxati shakllantirilmoqda, – dedi MSK raisi o‘rinbosari Konstantin Petrov. – So‘ngra qayerda va qanday ovoz berish bo‘yicha axborot kampaniyasi boshlanadi. Byulletenlar tadbirdan bir kun oldin saylov uchastkalariga yetkaziladi.
“Kazinform” agentligi axborotida mahalliy ijro hokimiyati idoralariga alohida e’tibor qaratish lozimligi, bunday organlar fuqarolarga o‘z saylov uchastkasi to‘g‘risidagi ma’lumotni turli xizmatlar orqali yetkazishi shartligi ta’kidlangan. Odamlar tegishli saytni oson topishi uchun qo‘ng‘iroq markazlarini ishga tushirish, chat-botlar yaratish tavsiya etilgan.
Ovoz berish soat 7:00 dan 20:00 gacha bo‘lib o‘tadi. Ayrim uchastkalardagi alohida holatlarda ovoz bu vaqt o‘zgartirilishi mumkin.
AES qurilishi bo‘yicha referendum uchun 15,5 milliard tenge sarflanishi kutilyapti.
2 sentyabr kuni Prezident Qosim-Jomart Toqayev Qozog‘iston xalqiga murojaat yo‘llab, referendumning aniq sanasini aytdi. Bu haqda davlat rahbarining “2024 yil 6 oktyabrda respublika referendumini o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoni imzolangan.
O‘zA
- Qo'shildi: 04.09.2024
- Ko'rishlar: 805
- Chop etish