Buryatiyada huquq himoyachisi Nadejda Nizovkina Rossiya Federatsiyasida «nomaqbul tashkilot» deb e’lon qilingan «Dojd» telekanalida fikr bildirgani uchun jarimaga tortildi.
Buryatiyaning Oktyabrskiy sudi buryat huquq himoyachisi Nadejda Nizovkinaga nisbatan ma’muriy ish bo‘yicha qaror chiqardi. U «nomaqbul tashkilot» faoliyatida ishtirok etish moddasi bo‘yicha aybdor deb topildi va 5 ming rubl miqdorida jarimaga tortildi, deb xabar berdi «Mediazona» 25 yanvar, payshanba kuni sud saytida e’lon qilingan qarorga tayanib.
«Nomaqbul» OAVga izoh berganlik uchun jarima bo‘yicha birinchi holat
Hujjatga ko‘ra, Nizovkina «nomaqbul tashkilot» faoliyatida ishtirok etib, «Dojd» telekanalida buryat faoli Natalya Filonovaning asrab olingan o‘g‘li bolalar uyida kaltaklangani haqida izoh bergan. «Mediazona» ta’kidlaganidek, bu Rossiya rasmiylari tomonidan «nomaqbul» deb e’lon qilingan OAVga izoh berish uchun ushbu modda bo‘yicha bayonnoma tuzish yuzasidan birinchi holatdir.
Nadejda Nizovkina hali ham Rossiyada. O‘tgan yilning dekabr oyida u «nomaqbul tashkilot» deb e’lon qilingan «PostRossiya erkin davlatlar forumi»da nutq so‘zlagani uchun xuddi shu modda bo‘yicha jarimaga tortilgan edi. Jarima 5 ming rublni tashkil etdi.
«Dojd» telekanali Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan so‘ng, Rossiya Federatsiyasidagi faoliyatini to‘xtatib, avval Rigadan, so‘ng Latviyada litsenziyasini yo‘qotganidan keyin - Amsterdamdan efirga chiqishga majbur bo‘ldi. U 2023 yil iyul oyida Rossiyada «nomaqbul tashkilot» deb e’lon qilingan edi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 26.01.2024
- Ko'rishlar: 2303
- Chop etish