Inson huquqlari bo'yicha maxsus o'quv moduli mashg'ulotlari boshlandi

18 noyabr kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Inson qadr-qimmati – eng oliy qadriyat” maxsus o'quv moduli mashg'ulotlari boshlandi. O'quv moduli mamlakatimiz sudlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlari rahbar xodimlari uchun mo'ljallangan.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov barcha ishtirokchilarni qutladi. Ushbu maxsus o'quv moduli mashg'ulotlarini tashkil etishning xalqaro va milliy huquqiy asoslari haqida to'xtaldi.

Xalqaro asoslar haqida so'z borganda, maxsus o'quv moduli mashg'ulotlari O'zbekistonning inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlari ijrosi doirasida tashkil etilganini alohida ta'kidlash lozim. Jumladan, bu BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi hamda Sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi tavsiyalari taqozosidir.

Shu ma'noda, o'quv kursini tashkil etishda xalqaro hamkorlarimizning munosib hissasi borligi e'tirofga sazovor. Bu o'rinda, birinchi navbatda, BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy ofisi, Xalqaro migratsiya tashkiloti, BMTning O'zbekistondagi jamoasi hamda YEXHTning Loyihalari muvofiqlashtiruvchisining ko'magi haqida so'z bormoqda.

Maxsus o'quv moduli mashg'ulotlarini tashkil etishning milliy asoslariga kelsak, bu boradagi sa'y-harakatlar zamirida davlatimiz rahbari tomonidan 2020 yil 22 iyunda qabul qilingan “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmonida belgilangan vazifalar to'la bajarilishini ta'minlash maqsadi mujassamdir.

Ushbu o'quv kursini tashkil etish tashabbusi joriy yil 30 iyun` kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida kengaytirilgan tarzda o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida ilgari surilgandi. Shu asosda o'tgan qisqa davrda maxsus o'quv moduli ishlab chiqildi.

O'quv kursida barcha sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbar xodimlarini ikki bosqichda o'qitish ko'zda tutilmoqda. Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya, Ichki ishlar va Mudofaa vazirliklari, Milliy gvardiya, Davlat bojxona qo'mitasi, Davlat xavfsizlik xizmati rahbar xodimlari - jami 2 ming 300 dan ziyod tinglovchini maxsus o'quv moduli mashg'ulotlariga jalb etish rejalashtirilgan.

Mashg'ulotlar ikki bosqichda o'tkaziladi. Birinchi bosqichda – vazirlik va idoralarning markaziy apparati hamda  Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri darajasidagi rahbarlar; ikkinchi bosqichda – shahar va tuman sudlari rahbarlari o'qitiladi. 

O'quv moduli sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlarining inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro standartlar hamda milliy qonunchilikni sud-huquq tizimida qo'llashga oid amaliy ko'nikmalarini yanada oshirishga mo'ljallangan.

Ma'lumki, hozirgi vaqtda O'zbekiston inson huquqlari bo'yicha 80 dan ortiq xalqaro shartnomaga, jumladan, BMTning 6 ta asosiy shartnomasi va 4 ta fakul`tativ protokoliga qo'shilgan. Mamlakatimiz ushbu xalqaro-huquqiy hujjatlarning amalga oshirilishi yuzasidan BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi va shartnomaviy qo'mitalariga muntazam ravishda milliy ma'ruzalar taqdim etib kelmoqda.

Bu o'rinda milliy qonunchilikni inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro-huquqiy standartlar bilan uyg'unlashtirish bo'yicha amaliy chora-tadbirlar qabul qilinganini ham alohida qayd etish zarur.

O'quv moduli doirasida sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlarining:

– inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarning mazmun-mohiyati va mamlakat milliy huquqiy tizimi uchun ahamiyati;

– inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni huquqni qo'llash amaliyotiga joriy qilishning amaliy muammolari va istiqbollari;

– xalqaro tashkilotlarning inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha tavsiyalarini amalga oshirishga qaratilgan milliy harakat rejalari so'zsiz bajarilishini ta'minlash;

– BMTning inson huquqlari bo'yicha ustav organlari va shartnomaviy qo'mitalarining tavsiyalarini bajarishga to'sqinlik qilayotgan sabab va sharoitlarni aniqlash, tahlil etish va bartaraf qilish;

– sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan inson huquqlari buzilishi holatlarini, jumladan, qiynoq va noinsoniy muomala va jazo turlari qo'llanishining oldini olish hamda bartaraf etishga oid xalqaro standartlar, shuningdek milliy qonunchilik bo'yicha bilim va ko'nikmalarni oshirish;

– sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining jamiyatda inson huquqlari madaniyatini shakllantirishdagi faolligini kuchaytirish;

– O'zbekistonning xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlariga rioya qilish bo'yicha xodimlarning mas'ulligini oshirish bo'yicha ko'nikmalarini rivojlantirish ko'zda tutilgan.

Onlayn tarzdagi maxsus o'quv modulining birinchi kuni mashg'ulotlarida O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi markaziy apparati boshqarma boshliqlari, Qoraqalpog'iston Respublikasi adliya vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmasi boshliqlari ishtirok etdi.

Mashg'ulotlar BMTning shartnomaviy qo'mitalarida individual murojaatlarni ko'rib chiqish amaliyotini o'rganishdan boshlandi.

 

Ma'lumot uchun: “Inson qadr-qimmati – eng oliy qadriyat” maxsus o'quv moduli mashg'ulotlari bir-biri bilan o'zaro bog'liq quyidagi mavzularni qamragan:

Insonning shaxsiy huquq va erkinliklariga oid asosiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ulardan kelib chiqadigan majburiyatlar.

Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qmmatni kamsituvchi turlariga qarshi konventsiya va unga Fakul`tativ protokolning asosiy mazmun-mohiyati.

Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar hamda majburiy davolanishga jo'natilgan shaxslar huquqlariga oid xalqaro standartlar va ularni qo'llash.

Ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish borasida sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining vazifalari hamda majburiyatlari.

O'zbekiston Respublikasida chet el fuqarolari, fuqaroligi bo'lmagan shaxslar, migrantlar, odam savdosi va majburiy mehnat jabrdiydalarining huquqlarini himoya qilish masalalari.

BMTning shartnomaviy qo'mitalarida individual murojaatlarni ko'rib chiqish amaliyoti.

O'quv moduli jarayonlari muammoviy ma'ruzalar, amaliy mashg'ulot va mustaqil ta'lim shakllarida olib boriladi. Darslar masofadan turib o'qitish asosida amalga oshiriladi.

Mashg'ulotlar doirasida inson huquqlari sohasi bo'yicha yetakchi milliy va xorijiy ekspertlarning ma'ruzalari tinglanadi. Amaliy mashg'ulotlar va mustaqil ta'lim jarayonida taqdimotlar o'tkazish, test topshirish, kazuslar yechish, o'zaro muloqot, “aqliy hujum”, muammoviy dars kabi pedagogik texnologiyalardan foydalanish ko'zda tutilgan.

O'quv kursini muvaffaqiyatli bitirgan tinglovchilarga tashkilotchilar tomonidan sertifikatlar beriladi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech