Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumi munosabati bilan “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining maxsus soni nashr etildi.
Avval xabar berilganidek, joriy yilning 12-13 avgust kunlari Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumi o'tkaziladi. Unda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Parlamentlararo ittifoq, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Islom Hamkorlik Tashkiloti kabi xalqaro munosabatlarda muhim ahamiyatga ega nufuzli tashkilotlar ekspertlari, ko'plab xorijiy davlatlar vakillari, shuningdek mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan yoshlar huquqlari masalalariga daxldor muassasalar mutasaddilari ishtirok etishi ko'zda tutilgan. Koronavirus pandemiyasi sababli videokonferentsiya shaklida tashkil etilayotgan mazkur nufuzli xalqaro anjumanda yoshlar huquqlarini himoya qilish masalalari ko'rib chiqilishi rejalashtirilgan.
Veb-forum mavzusidan kelib chiqqan holda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining ushbu maxsus sonidan yoshlar huquqlariga oid dolzarb muammolar tahliliga bag'ishlangan qiziqarli maqolalar o'rin oldi. Ayniqsa, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboeva, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Baxtiyor Mirboboev, BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy vakili Rishard Komenda, mazkur boshqarmaning Yoshlar huquqlari bo'yicha guruh rahbari Charonis Jorj-Konstantinos, IHT Yoshlar anjumanining bosh direktori Rasul Omarovning maqolalari o'quvchini befarq qoldirmasligiga aminmiz.
Jumladan, xalqaro ekspert Rishard Komendaning maqolasida yoshlar bandligini ta'minlash, ularga sifatli ta'lim berish, yoshlar tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash bilan bog'liq qator global muammolar atroflicha tahlil qilinib, dunyo bo'yicha 71 millionga yaqin yoshlar ish bilan band emasligi, 263 million bolalar va yoshlar maktab ta'limidan mahrum ekani qayd etilgan. Bu kabi muammolarni bartaraf etish bo'yicha BMT hamda unga a'zo davlatlar amalga oshirayotgan chora-tadbirlar atroflicha tahlil qilingan. “Yoshlar shunchaki kelajagimiz emas, ular hozirgi kunimiz hamdir. Agar biz barqaror rivojlanishga erishmoqchi bo'lsak, yoshlarning jamiyatimizdagi o'rni va mavqeini yanada yuqori darajaga ko'tarishimiz kerak”, deya xulosa chiqarilgan maqola so'ngida.
O'zbek, rus va ingliz tilidagi jurnal sahifalarida yana ko'plab qiziqarli maqolalar taqdim etilgan. “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining ushbu maxsus sonini, albatta, mutolaa qilishni tavsiya etamiz. Vaqtingiz mazmunli o'tishiga aminmiz.
Azizbek Ramazonov,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali katta muharriri
- Qo'shildi: 08.08.2020
- Ko'rishlar: 4036
- Chop etish