Ma’lumki, mamlakatimizning boy tarixi, buyuk allomalarimiz dunyo sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissa butun dunyoda haqli ravishda e’tirof etiladi. Yaqinda yuz bergan tarixiy voqea – Beruniy nomidagi UNESCO-O‘zbekiston mukofoti ta’sis etilishi ham barchamizni quvontirdi. Buyuk ajdodimiz xotirasiga nisbatan bildirilgan yuksak hurmat O‘zbekiston va UNESCO aloqalari mustahkamlanib borayotgani tasdig‘idir. 2025 yil yana bir tarixiy voqeani kutyapmiz – mazkur nufuzli tuzilma Bosh konferensiyasi Samarqandda o‘tkaziladi.
Anglaganingizdek, O‘zA minbarida ushbu tashkilotning yurtimizdagi vakili Sara Noshadi xonim:
– So‘nggi yillarda UNESCO va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar tobora mustahkamlanmoqda. Bu jarayon Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan islohotlar bizning madaniy merosni himoya qilish, barcha uchun sifatli ta’limni ta’minlash, ommaviy axborot vositalari erkinligini qo‘llab-quvvatlash kabi tamoyillarimizga hamohangligi bilan bog‘liq.
Munosabatlarimiz 2025 yil navbatdagi bosqichga ko‘tariladi, desam adashmayman. Zero, UNESCO Bosh konferensiyasi Samarqandda, so‘nggi 40 yil ichida ilk bor Parijdan tashqarida o‘tadi.
Shu o‘rinda e’tirof etish joiz, Beruniy nomidagi YUNESKO- O‘zbekiston mukofoti juda muhim yo‘nalish – sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha yuksak e’tirof hisoblanadi. Bu sovrin ta’sis etilishi tashkilotimiz uchun ham alohida ahamiyat kasb etadi. UNESCO buning uchun minnatdor, chunki ayni mavzudagi takliflar bugungi kunda juda dolzarb. Ilk bor 2018 yil ilgari surilgan g‘oya asosida O‘zbekiston hukumati tashabbusi bilan ta’sis etilgan mukofot, nasib etsa, 2025 yil Samarqandda taqdim qilinadi.
Abu Rayhon Beruniyni yaxshi bilamiz, albatta. Ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirning nomi endi sun’iy intellekt va ushbu yo‘nalish etikasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan ham bog‘lanadi. Ahamiyati kun sayin ortib borayotgan sun’iy idrokni axloqiy jihatdan to‘g‘ri qo‘llanishini ta’minlash masalasi juda muhim.
Hukumatingiz o‘z madaniy merosi qadrini, ulug‘vorligini yaxshi anglab yetgan va bu borada juda faol, samarali ish olib bormoqda. O‘zbekiston mavjud ma’naviy boylikni muhofaza qilish turizm sohasidagi tashabbuslarni ilgari surish bilan ham chambarchas bog‘liqligini yaxshi biladi. Bu juda muhim. UNESCO ayni jarayonda maslahatchi vazifasini bajarishga tayyor. O‘zbekiston turli loyihalarni amalga oshirish uchun yetarli resurs, mablag‘ sarflamoqda. Biz esa xalqaro ekspertlarni jalb qilish, madaniy merosni xalqaro standart asosida qanday restavratsiya qilish kabi masalalar bo‘yicha tavsiya berishimiz mumkin.
Bundan tashqari malaka oshirish, yangi avlod restavratorlari, menejerlari hamda muzey mutaxassislarini tayyorlashga yordam beramiz. O‘zbekiston uchun ayni dam dunyoning ilg‘or tajribasini o‘zlashtirish yaxshi foyda beradi.
Ta’kidlash kerak, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda madaniy meros sifatida tasniflangan shaharlari bor yagona mamlakat. Aslida eski shaharlarni muhofaza qilish oson emas, chunki bir yo ikki yodgorlik emas, balki butun qal’alar madaniy meros sifatida saqlanishi talab etiladi. Masalan, Yevropada tarixiy manzillar asrlar davomida saqlab kelingan.
Men 2022 yil iyul oyidan Toshkentda ish boshladim. Qariyb ikki yarim yil mobaynida ishonch hosil qilganim – o‘lka gullab-yashnayapti. Bu zaminni yangidan ochilayotgan niholga o‘xshataman. Boshqa davlatlar bilan solishtirish asnosida ayta olamanki, O‘zbekistonda kelajakka nisbatan ishonch ruhi, umidbaxsh kayfiyat hukmron. Afsuski, bugun sayyoramizning ko‘plab hududlarida, ayniqsa, COVID pandemiyasidan keyin, odamlarda kelajakka umid yo‘qdek tuyuladi menga. Shu nuqtai nazardan islohotlar tufayli jadal rivojlanayotgan diyoringiz menga juda iliq taassurot qoldiradi.
Umuman, o‘zim sevgan, yaxshi biladigan mamlakat sifatida O‘zbekiston haqidagi tasavvurim ancha yil oldin shakllangan. 2007 yildan buyon bu yurtga sayohat yoki ish yuzasidan bir necha bor kelganman. Ya’ni respublikadagi ijobiy o‘zgarishlar haqidagi xulosalarim faqat his-tuyg‘ularim emas, balki ko‘zlarim bilan ko‘rganim hosilasidir.
Rivojlanayotgan, betakror O‘zbekistonda yashash men uchun maroqli, chunki bundan avval urush, vayrongarchilik hukm surgan Afg‘oniston va Iroqda ishlaganman. Tinch, osuda, taraqqiy etayotgan mamlakatda faoliyat olib borish juda ajoyib.
O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova suhbatlashdi.
Nishonboy Abduvoitov (video)
- Qo'shildi: 23.12.2024
- Ko'rishlar: 103
- Chop etish