Mamlakatimizda joriy yilning 27 oktyabr kuni o‘tkazilgan muhim siyosiy jarayon – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga saylovlar jarayoni xorijiy nashrlarda ham keng yoritildi.
The Times of Central Asia: Mazkur onlayn nashr sahifasida chop etilgan maqolada O‘zbekistondagi saylov birinchi marta aralash tizim asosida o‘tkazilgani va elektron ovoz berish joriy qilingani alohida qayd etilgan.
“Bir oydan ko‘p vaqt davomida partiyalar o‘z saylov oldi dasturini jamoatchilikka faol targ‘ib qildi, teledebatlar orqali o‘zaro raqobatga kirishdi”, deyilgan maqola xulosasida.
United News of India: Hindistonning mazkur axborot agentligi ham saylov yuqori darajada o‘tganini yozgan. Xususan, caylov tizimi takomillashgani, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yuksak samara berayotgani, ayniqsa, fuqarolar huquqi, erkinligini ta’minlash doimo e’tibordaligi qayd etilgan.
Vengriyaning “Daily News Hungary” elektron nashrida e’lon qilingan “Yangi O‘zbekiston: siyosiy islohotlar va parlament saylovi – 2024” sarlavhali maqolada O‘zbekistonda inson huquqi himoyasi kuchaytirilgan yangi Konstitutsiya qabul qilgani va boshlangan muhim demokratik islohot davom etayotgani qayd etilgan. Shuningdek, bu galgi saylov majoritar va proporsional yondashuv uyg‘unlashtirilgan holda o‘tkazilgani ta’kidlangan.
Trend: Ozarbayjonning mazkur axborot agentligi sahifasida chop etilgan “O‘zbekistonda parlament saylovi xalqaro andozalar asosida o‘tdi” sarlavhali maqolada mazkur siyosiy tadbirda 800 dan ortiq xalqaro, shuningdek, siyosiy partiyalardan 55 ming, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish idoralaridan 10 mingdan ziyod kuzatuvchi ishtirok etgani haqida so‘z borgan. Ular saylovlarning demokratik tamoyillar asosida o‘tkazilishini bevosita kuzatgani qayd etilgan..
KazInform: Qozog‘istonning yetakchi xalqaro axborot agentligida “O‘zbekistondagi parlament saylovi o‘tdi deb hisoblandi” sarlavhali maqola e’lon qilingan. Muallif Elixan Asqar ba’zi saylov uchastkalarida elektron ovoz berish tizimi joriy etilganini bayon qilgan.
London Post: Buyuk Britaniyaning nufuzli axborot portali ayni mavzuga e’tibor qaratib, jumladan, shunday yozadi:
– O‘zbekiston islohotlar va xalqaro tashabbuslar yo‘lida qat’iy qadam tashlab, “Mamlakat taraqqiyoti, kelajak avlodlar hayoti, fuqarolar ijtimoiy-siyosiy huquqi har bir saylovchi ovozida mujassam” shioriga qat’iy amal qilmoqda.
CGTN: Xitoyning mashhur media korporatsiyasi ham mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan saylovlarni keng yoritdi.
Masalan, muallif Lyu Jiaxinning “O‘zbekiston ovoz berdi: Markaziy Osiyo davlatlarida parlament va mahalliy saylovlar o‘tkazilmoqda” nomli maqolasida mazkur saylov mamlakatimiz uchun muhim siyosiy jarayon ekaniga urg‘u bergan. Xulosa sifatida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev fikridan iqtibos keltirgan:
– Xitoyga mintaqa va dunyodagi eng yirik iqtisodiy sheriklardan biri sifatida qaraladi. O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarni faol rivojlantirish uchun ikki davlat rahbarlarida kuchli siyosiy iroda mavjud. Biz ushbu saylov natijasi o‘zaro munosabat kelajakda ham izchil rivojlanishiga munosib hissa qo‘shishiga ishonamiz.
Berliner Telegraph: Germaniyada chop etiladigan mazkur jurnalning onlayn sahifasida berilgan “Parlament islohoti O‘zbekiston Uchinchi Renessansining ajralmas qismidir” nomli maqolada “Joriy parlament sayloviga kiritilgan yangiliklar iqtisodiy rivojlangan, demokratik kuchli davlat qurishda muhim ahamiyat kasb etadi”, – deya qayd etilgan. Shuningdek, ikki bor uyg‘onish davri kuzatilgan O‘zbekictonda tarixan davlatchilik rivojlangani, ilm-fan, san’at va madaniyat gullab yashnagani haqidagi ma’lumotlar keltirilgan.
Bernama: Malayziyaning ushbu axborot agentligi maxsus maqola e’lon qilib, 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovida xalqaro kuzatuvchilarning ishtirokini yuqori baholagan. Jumladan, ularning ishtiroki saylov erkin va adolatli o‘tishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etgani e’tirof etilgan.
“Malayziya delegatsiyasining O‘zbekiston parlamenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi ikki davlat o‘rtasidagi mustahkam munosabatlardan dalolat”, – deya Elchi Ilhom Tua Ilyos fikrini keltirgan nashr.
Sinxua: Xitoyning mazkur yetakchi davlat axborot agentligida ham mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan saylovga bag‘ishlangan turkum materiallar e’lon qilindi.
A News: 2024 yil 27 oktyabrda bo‘lib o‘tgan O‘zbekistondagi parlament va mahalliy Kengashlarga deputatlik saylovi muvaffaqiyatli yakunlanganidan mamnunmiz, – deya bayonot bergan Turkiya TIV ushbu nashr orqali.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, saylovni kuzatayotgan xalqaro delegatsiyalar orasida Turkiyadan ham kuzatuvchilar ko‘pchilik bo‘lgan. Shuningdek, saylov natijalari “qardosh O‘zbekiston”ga foyda keltirishiga umid bildirilgan.
O‘tkir Alimov tayyorladi.
O‘zA
- Qo'shildi: 30.10.2024
- Ko'rishlar: 509
- Chop etish