Poyezdda yurishga oid imtiyozlar haqida har kim ham ma’lumotga ega emas. Ko‘p hollarda yo‘lovchilar bunday ma’lumotlarning ahamiyatini keyingi o‘rinlarga qo‘yishadi. Ammo buni bilib qo‘yish foydadan xoli bo‘lmaydi.
Ma’lumki, 2024 yil 20 yanvardan boshlab mamlakatimizda yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» elektropoyezdlari hamda «Sharq», «Nasaf» va «O‘zbekiston» tez yurar poyezdlarining chiptalar narxi 20 foizga oshishi e’lon qilindi. Xo‘sh, kimlar poyezdga navbatsiz chipta olishi mumkin? Bepul yurish huquqi kimlarga beriladi? Shu kabi savollar yuzasidan “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ bo‘lim boshlig‘i Fozilbek Masharipovning javoblarini oldik.
– Poyezdga chipta kassalarida quyidagi shaxslar navbatsiz chipta olish huquqiga ega: Sovet Ittifoqi Qahramonlari va uch darajadagi Shon-shuhrat, «O‘zbekiston Qahramoni», «Sog‘lom avlod uchun» ordenlari va «Shuhrat» medali bilan taqdirlanganlar, urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslar va urush qatnashchilari hamda ularga tenglashtirilgan shaxslar, Chernobil AESda avariya oqibatlarini bartaraf etish ishlarida qatnashgan shaxslar.
Bundan tashqari, Oliy Majlis senatorlari va deputatlari, Ichki ishlar vazirligi xodimlari, «Faxriy temiryo‘lchi» nishoni bilan taqdirlangan shaxslar ham navbatsiz chipta olish huquqiga ega.
Shuningdek, 10 yoshgacha (bu yoshga to‘lgan) bolali yo‘lovchilarga, yo‘llanma asosida sanatoriya-kurort davolanishiga borayotgan 10 yoshdan katta kasal bolalarni kuzatib borayotganlarga chipta olishda ustunlik huquqi beriladi.
– Bolalarni poyezdda bepul olib yurish mumkinmi?
– Ko‘p holda yo‘lovchilar sayohat safarlariga farzandlari bilan chiqishadi. Bunda esa yo‘lovchi o‘zi bilan 5 yoshgacha bitta bolani alohida joy berilmasdan bepul olib yurishi mumkin. Agar ota-ona birga ketayotgan bo‘lsa, ikkalasi bittadan jami 2 ta bolani o‘zi bilan aholida joy bermasdan bepul olib ketsa bo‘ladi.
Bitta yo‘lovchi bilan bittadan ko‘p 5 yoshgacha bola ketayotgan bo‘lsa, ulardan biri bepul ketadi, qolganlari esa chiptani 50 foiz chegirma bilan sotib olib, alohida joy band qilib ketadi. 5 yoshdan 10 yoshgacha bolalar uchun ham chipta 50 foiz chegirma bilan sotiladi. 10 yoshdan oshgan bolalar uchun chiptalar kattalar sifatida sotib olinadi.
– Poyezdda yiliga bir marta bepul yurish huquqi kimlarga beriladi?
– Darhaqiqat, poyezdda yiliga bir marta bepul yurish huquqi (borish va kelishga) quyidagi shaxslarga beriladi:
Sovet Ittifoqi Qahramonlari va “Shon-shuhrat” ordenining uchta darajasi bilan taqdirlangan shaxslarga, yarador bo‘lgan harbiy xizmatchilar, ishchilar va xizmatchilardan 1 va 2-guruh urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga tenglashtirilgan shaxslarga, Chernobil AESdagi avariyani bartaraf etuvchilari-nogironligi bo‘lgan shaxslarga shunday imkon beriladi.
Shuningdek, 3-guruh urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslar esa yiliga bir marta (borish va kelishga) poyezd chiptasini 50 foizli chegirma bilan xarid qilishlari mumkin.
Imtiyozli chipta olish uchun kassaga «Urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxs guvohnomasi», «Urush qatnashchisi guvohnomasi» yoki «Imtiyozga huquqi to‘g‘risida guvohnoma»laridan biri berilishi kerak.
«Faxriy temiryo‘lchi» nishoni bilan taqdirlangan xodimlar yil mobaynida MDH bo‘ylab bepul yurish huquqiga (borish va kelishga) ega.
– Poyezddan qolib ketganda, chiptani qaytarish mumkinmi?
– Chipta sotib olinib, undan foydalanilmaganda, ya’ni yo‘lovchi jo‘nab ketmaganda, chiptani kassaga yoki onlayn qaytarish mumkin. Chipta poyezd jo‘nashigacha 24 soatdan kechiktirmay topshirilganida, puli to‘liq qaytariladi. Foydalanilmagan chipta 24 soatdan kamroq, biroq poyezd jo‘nashigacha 6 soatdan kechiktirmasdan qaytarilganda, chipta qiymati va platskartaning 50 foiz qiymati qaytariladi.
Chiptaning to‘liq qiymati uchga bo‘linadi, ular tarif qiymati va platskarta qiymati, qo‘shimcha komissiya to‘lovlari, odatda komissiya qiymati ko‘p bo‘lmaydi, platskarta qiymati va tarif qiymati esa bosib o‘tiladigan yo‘l uchun asosiy haq bo‘ladi. Masalan, chipta 200 ming so‘m bo‘lsa, taxminan 40 ming so‘m komissiya qiymati, 70 ming platskarta qiymati va 90 ming tarif qiymati bo‘lishi mumkin.
Foydalanilmagan chipta 6 soatdan kamroq, biroq poyezd jo‘nagandan keyin 3 soatdan kechiktirmasdan qaytarilganda, chipta qiymati qaytariladi, platskartaning qiymati qaytarilmaydi. Har qanday holatda chipta qaytarilganda 15 ming so‘m qaytarish xizmati uchun to‘lov undirib qolinadi. Chipta qaytarilganda, uning puli 3 ish kunidan 15 ish kunigacha plastik kartaga o‘tkazib beriladi.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA
- Qo'shildi: 17.01.2024
- Ko'rishlar: 2654
- Chop etish