Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yangi tahrirda qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
– Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 28-moddasida jinoyat sud ishlarini yuritish sohasida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilishning kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan yangi konstitutsiyaviy asoslar belgilandi, – dedi deputat Davron Aripov. – Bu esa, o‘z navbatida, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini, shuningdek, qonuniy manfaatlarini ifodalovchi normalarni boshqa qonun hujjatlarida ham aks ettirishni taqozo etmoqda. Shu maqsadda qonun loyihasi bilan Jinoyat-protsessual kodeks hamda “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanishi belgilanmoqda. Gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga va sudlanuvchiga o‘zini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar ta’minlanadi. Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerakligi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi o‘z aksini topmoqda.
Bundan tashqari, hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi, agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi ko‘zda tutilmoqda. Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emasligini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilyapti.
Muhokamalar davomida deputatlar ayrim normalar bo‘yicha aniqlashtiruvchi savollarni o‘rtaga tashladi va mas’ullardan tegishli javoblar oldi. Qayd etildiki, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning so‘zsiz va to‘liq amalga oshirilishiga, fuqarolarning sud orqali himoya qilinish huquqi kafolatlarini ta’minlashga xizmat qiladi. Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 21.01.2025
- Ko'rishlar: 35
- Chop etish