Sudlar mustaqilligini ta’minlashning qiyosiy-huquqiy tahlili

Mamlakatimizda sudlar mustaqilligini ta’minlash muhim masala bo‘lib, korrupsiyaga qarshi kurash tizimining samarali ishlashi uchun zarur shartlardan biri hisoblanadi.

Prezidentimiz Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida ta’kidlaganidek, korrupsiya mamlakatning barqaror rivojlanishiga va xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi. Jahon iqtisodiyotiga korrupsiya tufayli kelib chiqayotgan zarar yiliga 3 trillion dollardan oshadi. Bu esa global xavfning ko‘lamini yaqqol ko‘rsatadi. Shu sababdan, korrupsiyaga qarshi samarali tizim yaratish va uning oldini olish choralari muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash tizimi yaratilgan bo‘lib, sud hokimiyati ham ushbu jarayonning markazida turadi. Xususan, amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari natijasida ochiq sud jarayonlarining onlayn translyatsiyasi yo‘lga qo‘yildi, sud qarorlari elektron shaklda e’lon qilinmoqda, shuningdek sudyalar korpusini shakllantirish ochiqlik va shaffoflik asosida amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, dunyoda sud hokimiyati mustaqilligining institutsional va individual jihatlarini joriy qilish, odil sudlovning axloqiy-etik jihatlari hamda sudyalar korpusini shakllantirish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazishga alohida ahamiyat berilmoqda.

Xususan, yetakchi ilmiy markazlarda, jumladan, Federal Judicial Center (AQSH), German Judicial Academy (Germaniya), The Legal Training and Research Institute of Japan (Yaponiya)da quyidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda: globallashayotgan va raqamlashayotgan dunyoda sud hokimiyatini isloh qilish; sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashning zamonaviy muammolari; odil sudlovning axloqiy-etik jihatlari va sudyalar intizomiy javobgarligini takomillashtirish; sud hokimiyatini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish; sud hokimiyati mustaqilligiga oid xalqaro standartlarni implementatsiya qilish shakllari va usullarni takomillashtirish.

O‘zbekistonda ham sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash, odil sudlov samaradorligini oshirish, xalqaro reytinglarda mamlakatimiz o‘rnini yaxshilash masalasiga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Binobarin sud mustaqilligi – bu odil sudlovning faqat sud organlari tomonidan, boshqa davlat organlaridan, ayniqsa, ijroiya va qonun chiqaruvchi organlardan, fuqarolik jamiyati institutlaridan mustaqil holda amalga oshirilishi tushuniladi. Shu o‘rinda sudyaning mustaqilligi deganda esa, uning faqat qonunga bo‘ysungan holda, hech qanday aralashuv va tazyiqlarsiz, kimlarningdir talablari yoki fikrlaridan mustaqil holda sudlov faoliyatini amalga oshirishi tushuniladi.

Ushbu farqlardan kelib chiqib, “mustaqillik” tushunchasi sud tizimida ikki xil mazmun kasb etadi: institutsional mustaqillik; individual mustaqillik. Institutsional mustaqillik shuni anglatadiki, sudyalar sud hokimiyatning har qanday boshqa tarmog‘idan mustaqil, ya’ni ular hech qanday boshqa davlat organlariga, jumladan, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatga bo‘ysunmaydi va ular oldida javob bermaydi. Barcha boshqa davlat muassasalari sud hokimiyati qarorlarini hurmat qilishi va ularga rioya qilishi kerak. Sud hokimiyatining individual mustaqilligi sudyalarning boshqa davlat va nodavlat tuzilmalar hamda ularning mansabdor shaxslaridan, oddiy fuqarolar va hattoki, bir sud doirasidagi sudyalar yoki yuqori instansiya sudyalaridan mustaqilligini anglatadi. Sudlov organlari mustaqilligining asosiy prinsiplarida, davlat organlari, boshqa institutlar va xususiy shaxslar sudyalarni majburlash yoki ularni muayyan qarorlar chiqarishiga og‘dirish yo‘lida bosim ko‘rsatishdan tiyilishlari shartligi ko‘rsatilgan. Sud ishlariga aralashishlar va tashqi bosimni bartaraf qilish bilan bog‘liq masalalar, sud raislarining vakolatini vakillik va ma’muriy funksiyalar bilan cheklashning tashkiliy-huquqiy masalalari, sud hokimiyatini faqat respublika byudjetining mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish zarurati kabi muammolar bugungi kunda dolzarb ahamiyatga ega.

Odil sudlovga oid xalqaro standartlarda ham sudyalarning mustaqilligini ta’minlashga oid asosiy mezon va qoidalar belgilangan. Birlashgan millatlar tashkiloti Bosh Assambleyasining 1985 yil 29 noyabrdagi va 1985 yil 13 dekabrdagi rezolyutsiyalari bilan tasdiqlangan “Sud organlari mustaqilligining asosiy prinsiplari”da ham mustaqillik alohida tamoyil sifatida o‘z aksini topgan bo‘lib, ushbu hujjatga ko‘ra, sud organlarining mustaqilligi davlat tomonidan kafolatlanishi va bu mamlakat konstitutsiyasi va qonunlarida mustahkamlab qo‘yilishi, barcha davlat organlari ularning mustaqilligini hurmat qilishlari va faoliyatiga g‘ayriqonuniy tarzda ta’sir ko‘rsatmasliklari lozimligi qat’iy belgilab berilgan. Xususan, sud hokimiyatining mustaqilligi deganda qarorlar qabul qilish uchun zarur bo‘lgan ham individual, ham institutsional mustaqillik tushunilishi, shuning uchun, sud hokimiyati mustaqilligi bu ham mentalitet, ham institutsional, hamda funksional mexanizmlar yig‘indisi hisoblanishi asoslab berilgan. Birinchisi, faktga nisbatan sudyaning mustaqilligini anglatsa, ikkinchisi esa sud organlari va boshqa sub’ektlar xususan, hokimiyatning boshqa tarmoqlari o‘rtasidagi munosabatlarni aniqlashga nisbatan qo‘llanilishi, bu sudning ham haqiqiy mustaqilligini, ham uni jamiyat tomonidan tushunilishini kafolatlaydi.

O‘zbekiston mazkur xalqaro hujjatga 1997 yil 30 avgustda qo‘shilgan, undagi sud hokimiyatining mustaqilligi va xolisligini ta’minlashga qaratilgan asosiy normalar Konstitutsiya va “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunda, shuningdek Sudyalar odob-axloq kodeksida o‘z ifodasini topgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunining 9-bobida sudyalar mustaqilligining amalga oshirish kafolatlari ko‘rsatilgan bo‘lib, unga ko‘ra sudyalarning mustaqilligini ta’minlash, sudyaning daxlsizligi, sudyaga hurmatsizlik qilganlik uchun javobgarlik, sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan. Ushbu qonun talablaridan kelib chiqib, Sudyalarning odob-axloq kodeksiga ushbu qoidaning dastlabki prinsip sifatida kiritilishi ham bejizga emas.  

Vaholanki, sudyalar mustaqilligi, daxlsizligi, ular faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligining davlat tomonidan kafolatlanishi, moddiy va ijtimoiy ta’minot darajalarining yuqori ekanligi odil sudlovga erishishda qonuniy, asoslangan va adolatli sud qarorlar chiqarilishining omilidir.

D.Anvarova,

Sudyalar oliy kengashi mas’ul xodimi.

O‘zA 

Powered by GSpeech