Yangi imkoniyatlar va chaqiriqlar
Sun’iy aql (SA) avvalo, odamlarning og‘irini yengil qilishga, kundalik turmush sharoitini yanada osonlashtirish, ularning hayotini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatlari eshigini ochib bermoqda.
SA orqali hayotning turli jabhalari, xususan, zamonaviy xizmatlarning joriy etilishi, onlayn savdo-sotiq amaliyotlarini amalga oshirish, masofali ta’lim kurslarini tashkil qilish va hatto tibbiy davolash sohasida ham tarixda misli ko‘rilmagan darajada juda katta yutuqlarga erishilmoqda.
Inson sivilizatsiyasining eng muhim yangiliklaridan biri deb e’tirof etilayotgan “Sun’iy aql” vositasida internet uchun zamonaviy media kontent ishlab chiqish bo‘yicha jadal qadamlar tashlanmoqda. Nafaqat oddiy xabar matnlari, balki chuqur tahliliy hamda ilmiy maqolalar ham tayyorlanmoqda. Shuningdek, foto, video va audio materiallar, infografikalar, longridlar ham yaratilmoqda.
Shu bilan bir qatorda, SA vositasida she’r va dostonlar yozilmoqda, turli vizual shakldagi ertaknamo hikoyalar, multfilmlar, musiqa, ashula va qolaversa, ommabop kinoasarlar ham tayyorlanmoqda. O‘tgan davr mobaynida sun’iy aql yordamida ishlangan bir nechta media kontentlar milliy axborot makonimizga kirib keldi va unda mustahkam o‘rin egallayotgani hech kimga sir emas.
Sun’iy idrokning ijobiy va salbiy jihatlari
Bir eslaylik. Bundan qariyb 20-25 yil oldin internet endi paydo bo‘lgan davrda ham shu kabi savollar ko‘pchilikni o‘ylantirgan edi. Lekin oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan bu singari savollar o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘ldi. Demak, agar internet yaxshilik uchun ishlatilsa, u albatta yaxshilik olib keladi, mabodo yomonlik uchun foydalanilsa, so‘zsiz uning aksi bo‘lar ekan, degan xulosaga kelindi. Aslida sun’iy aql ham xuddi shunday. Ya’ni, u ijobiy maqsadda ishlatilsa juda ko‘p odamlarga bir paytning o‘zida yaxshiliklar olib keladi, g‘arazli maqsadlarda qo‘llanilsa, juda katta zarar keltirishi turgan gap. Bu qarash hozirgi axborot xavfsizligiga bevosita bog‘liq. Chunki sun’iy aql vositasida tayyorlangan katta yoki kichik yolg‘on xabar insonlarga nafaqat iqtisodiy, moliyaviy, balki ruhiy hamda salomatlik borasida ham jiddiy talafot yetkazishi mumkin.
Kelgusida Markaziy Osiyoni nima kutyapti?
Yaqin kelajakda sun’iy intellekt vositasida o‘smirlar auditoriyasiga qaratilgan, “miya yuvadigan” turli kontentlar, balki go‘daklarga, yosh bolalarga mo‘ljallangan ertaknoma hikoyalar, multfilmlarni ham ishlab chiqarish va ularni tarqatish urfga kirishi mumkin. Shu sababdan internet foydalanuvchilari orasida ehtimoldagi radikallashuv holatlarining oldini olish yoki radikallashgan aholi qatlamiga nisbatan deradikalizatsiya qilish ishlarini amalga oshirish zarurati mavjud. Bu borada media va axborot savodxonligini oshirish barcha uchun, jumladan, xalqimiz uchun ham eng samarali yo‘lni ochib beradi. Yuzaga kelayotgan yangi chelenjlardan aholining eng ta’sirchan qatlamlarini zudlik bilan himoya qilish choralarini ko‘rish kerak. Shu jumladan, to‘g‘ri va haqqoniy axborot olish bo‘yicha inson huquqlarini himoyalash masalasi yanada dolzarblashmoqda. Bu borada qonunchilikni mustahkamlash, ommaviy axborot almashinuvini boshqarish, tegishli tavsiyalar ishlab chiqish kabi chora-tadbirlarni aslo kechiktirib bo‘lmaydi. Shubhasiz, ayni jarayonda davlat va nodavlat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalarining hamkorligi kutilgan samarani berishi mumkin.
Endi SA tufayli ishsizlik ko‘payadimi?
Yo‘q. Sun’iy aql odamlarning o‘rnini to‘liq bosolmaydi. Shunisi aniqki, endilikda sun’iy aqldan “foydalana oladigan mutaxassislar” “foydalana olmaydiganlar”ning o‘rnini egallashi mumkin. Ya’ni, nafaqat AKT xodimi, balki oddiy jurnalist, shifokor, hatto o‘qituvchi ham SA imkoniyatlarini o‘zlashtirsagina unga o‘z sohasida, hozirgi ish joyida talab ortib boraveradi.
E’tiborli jihati, ommabop messenjerlarda, ochiq saytlarda, ijtimoiy tarmoqlarda radikallashuv bilan bog‘liq kontent mavjud yoki yo‘qligini aniqlash, tahlil qilish maqsadida yangi SA servislarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish zarur. Shu bilan birga, salbiy ta’sir kuchiga ega bo‘lgan axborot kanallarini aniqlab, ularning faoliyatini cheklash kerak. Ma’lum bo‘lishicha, hozirgi terroristik guruhlar generativ SAning asosan 3 ta yirik imkoniyatidan foydalanmoqda.
Birinchidan, SA yordamida yaratiladigan propaganda kontentini ommaviy ravishda yuzaga chiqarish.
Bu avvalo:
– Ishonchsiz xabarlar tayyorlash va tarqatishga ixtisoslashgan saytlar;
– Sun’iy yasalgan ijtimoiy tarmoq postlari;
– Feyk foto materiallar;
– Sun’iy tarzda klonlashtirilgan ovoz, ya’ni audio yozuvlar;
– Dip feyk videolar.
Ikkinchidan, alohida tanlab olingan shaxsni ekstremistik g‘oyalar va urf-odatlarga moyillashtirish orqali uni radikallashtirish.
Uchinchidan, zararli ma’lumotlarni istalgan mahalliy tilga tezlikda o‘girish va ularni ommaviy tarzda tarqatish.
Xo‘sh, bunday sharoitda nima qilmoq kerak?
SA tufayli yuzaga kelayotgan yangi muammolarni samarali hal etish uchun quyidagi takliflarni ilgari surish mumkin:
- YUNESKO tomonidan taqdim etilgan SAdan foydalanish bo‘yicha etika normalariga rioya etish;
- SAdan foydalanish jarayonida media kontent haqqoniyligini ta’minlash, demokratik qadriyatlarga e’tibor qaratish;
- Keng aholi qatlamlarida har qanday axborotga nisbatan, avvalambor, turli ijtimoiy tarmoqlar orqali kelayotgan axborotga nisbatan tanqidiy munosabatda bo‘lish, ya’ni oqni qoradan mustaqil ravishda ajrata olish;
- Oqibatda terrorizmga olib kelishi mumkin bo‘lgan, radikallashuv va ekstremizm motivlari bilan yo‘g‘rilgan axborotga nisbatan nihoyatda hushyor bo‘lish;
- Aholida media va axborot savodxonligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda ularni hayotga tatbiq etish.
Agar ushbu ishlarni yo‘lga qo‘ysak, sun’iy intellektning ijobiy taraflaridan bamaylixotir foyda ko‘rishimiz, hayotimizni yangi sifatli pog‘onaga birgalikda olib chiqishimiz mumkin.
Beruniy Alimov,
“Yangi media ta’lim markazi” NNT direktori
O‘zA
- Qo'shildi: 20.12.2024
- Ko'rishlar: 189
- Chop etish