Inson huquqlari to'la himoyalangan, xalq xohish-irodasi davlat faoliyatining bosh mezoniga aylangan Yangi O'zbekistonni bunyod etishga qaratilgan demokratik islohotlar davlatimizning barqaror rivojlanishi va xalqaro nufuzi yuksalishida beqiyos ahamiyat kasb etmoqda. Buni BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasining yuqori darajadagi segmenti ham yana bir bor tasdiqladi. 160dan ortiq mamlakat Prezidentlari, Hukumatlar hamda yirik xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etgan BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasida davlatimiz rahbari birinchi bo'lib so'zga chiqdi hamda o'zbek tilida nutq so'zladi.
Prezidentimiz nutqida ta'kidlangan fikr-mulohazalar, taklif va tashabbuslarning batafsil tahlili bilan “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining yaqinda nashrdan chiqqan joriy yildagi 1-soni orqali tanishishingiz mumkin.
Xususan, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboevaning “Inson huquqlari – eng oliy qadriyat” nomli maqolasida davlatimiz rahbarining nutqida ilgari surilgan olti muhim masala – mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, gender siyosati, yoshlarni qo'llab-quvvatlash, korruptsiyaga qarshi kurashish, imkoniyati cheklangan shaxslarga ko'mak berish, bolalar mehnati va majburiy mehnatni bartaraf etish masalalari aniq faktlar, mantiqiy mulohazalar va amaliy misollar orqali keng va teran tahlil qilingan.
Shuningdek, jurnalning o'zbek, ingliz va rus tilidagi sahifalaridan “2021 yil – Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, “Jamiyat va huquq”, “Tarix sahifalarida” kabi ruknlar ostida ko'plab qiziqarli va dolzarb mavzulardagi maqolalar hamda interv`yular o'rin olgan.
Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo'yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo'mitasi a'zosi El`mira Bositxonovaning “Sog'liqni saqlash sohasida mutlaqo yangi tizim yaratiladi” nomli maqolasida 2021 yilda mamlakatimiz tibbiyot tizimida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan islohotlar, koronavirus pandemiyasiga barham berish, aholi salomatligini mustahkamlash maqsadida bajarilayotgan chora-tadbirlar atroflicha tahlil qilingan.
Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo'yicha vakili Tat`yana Moskal`kovaning “Deyatel`nost` Upolnomochennogo po pravam cheloveka v Rossiyskoy Federatsii” nomli maqolasi ham diqqatga sazovor. Unda mamlakatimizning strategik sheriklaridan biri Rossiya Federatsiyasida inson huquqlarini, shu jumladan yoshlar huquqlarini himoya qilish va kafolatlashning ustuvor tamoyillari va o'ziga xos jihatlari atroflicha yoritib berilgan.
O'zbekiston fan arbobi Halim Boboevning “Inson huquqlariga oid faoliyatning ilmiy asoslari mustahkamlanmoqda” sarlavhali interv`yusida esa “Inson huquqlari” (yuridik fanlar, sotsiologiya fanlari) ixtisosligining, ushbu ixtisoslik bo'yicha ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashning tashkil etilishi to'g'risida qiziqarli fikrlar bildirilgan.
Shuningdek, jurnal sahifalaridan o'rin olgan “Yangi O'zbekiston va saylov qonunchiligi” interv`yusi, “Parlament diplomatiyasi: ahamiyati va tushunchasi”, “O'zbekistonda ta'lim siyosati va modernizatsion bosqich”, “O'zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining huquqiy asoslari”, “Fuqarolik jamiyati rivojlanishining global indikatorlari” va boshqa dolzarb mavzulardagi maqolalar ham Siz – qadrli jurnalxonlarni bee'tibor qoldirmasligiga aminmiz.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali xodimi
- Qo'shildi: 25.03.2021
- Ko'rishlar: 4445
- Chop etish