XIX asr oxiri- XX asrning boshlarida siyosiy, madaniy, iqtisodiy jixatdan inqiroz xolatiga tushib qolgan mustamlaka tufayli rivojlanish past darajada bo‘lgan o‘lkada Turkiston ziyolilari chor Rossiyasining mustamlakachilik zulmidan qutulish, o‘z milliy davlatchiligini tuzish, iqtisodiy va madaniy taraqqiyotga yo‘l ochish, xalqqa ziyo tarqatish choralarini ko‘rdi. Bu borada jadidchilik harakati katta rol o‘ynadi.
Jadidchilik rus mustamlakachiligiga qarshi milliy demokratik xarakat bo‘lib, u o‘sha davr Turkistondagi qoloq iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sharoitda yashayotgan xalqlarni ma’rifatlashtirish, jamiyat xayotida ijtimoiy va madaniy islohotlar o‘tkazish, pirovardida milliy mustaqillik g‘oyalarini xayotga tadbiq etish maqsadini o‘z oldiga qo‘ygan edi.
I. Gasprali 1893 yilda Toshkent, Samarqand va Buxoroda bo‘lib, Buxoroda amir Abdulaxadni jadid maktabi ochishga ko‘ndiradi. Bu maktabga "Muzaffariya" nomi beriladi. 1898 yilda To‘qmoqda (Qirg‘iziston) xam shunday maktab ochildi. 1899 yilda Andijonda Shamsuddin domla, 1901 yilda Qo‘qonda Salohiddin domla, Toshkentda Munavvarqori Abdurashidxonov va Samarqandda Abduqodir Shakuriylar birinchi bo‘lib jadid maktablarini ochadilar.
Jadidchilik xarakatining yirik namoyandalari jadid maktablari uchun darsliklar xam yaratganlar. Xususan, Saidrasul Aziziyning "Ustozi avval" (1903), Munavvarqorining "Adibi avval" (1907), Abdulla Avloniyning "Birinchi muallim", "Ikkinchi muallim" (1912) darsliklari alohida e’tiborga molikdir.
Jadidlarning xalq ma’rifati uchun kurash dasturi uch asosiy yo‘nalishdan iborat bo‘lgan:
1. Yangi usul maktablari tarmog‘ini kengaytirish.
2. Umidli, iqtidorli yoshlarni chet elga o‘qishga yuborish.
3. Turli ma’rifiy jamiyatlar tuzish hamda ziyolilarning kuchli firqasini tashkil etishga qaratilgan gazetalarni chop etish.
Shu dasturni amalga oshirish borasida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Munavvarqori Abdurashidxonov, Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev, Abdulla Avloniy, Abdulhamid Cho‘lpon va boshqa ziyolilar jonbozlik ko‘rsatishdi.
Yangicha o‘qitish musulmon bolalariga qisqa vaqt ichida dunyoviy, diniy ta’lim berish dasturi asosida olib borildi. Bu dasturga ko‘ra maktablarda o‘qitish tizimi ikki bosqichdan iborat bo‘lgan. Birinchi bosqich ibtidoiy qism deb atalib, uning tahsil muddati 4 yil bo‘lgan. Birinchi bosqichni tugatgan shogird eski maktabda 10 yil o‘qigandan ko‘ra yaxshiroq savod chiqargan. Ikkinchi bosqichni muvaffaqiyatli tugatgan shogird arabcha, forscha, turkiy tilda bemalol so‘zlashib, ruschada erkin so‘zlasha olganlar.
Turkiston jadidlarining xayriya jamiyatlari, yangi usul maktablari haqida O‘zbekiston fanlar akademiyasi Tarix instituti tayanch doktoranti Asadullo Hasanov bilan suhbatlashdik.
M.Turdaliyeva, N.Abduvoitov, A.Ahmedov (video), O‘zA
- Qo'shildi: 05.02.2024
- Ko'rishlar: 2618
- Chop etish