Yangi tahrirdagi Konstitutsiyadan kelib chiqib, Uy-joy kodeksiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Ya’ni, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishiga yo‘l qo‘yilmasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati va u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi kafolatlanishi belgilanyapti.
Mazkur “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqildi.
Muhokamalarda so‘z olgan deputat Zafar Xudoyberdiyev loyihadagi ayrim kamchiliklar xususida to‘xtaldi:
– Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz normalarini qonunchiligimizga implementatsiya qilishda konstitutsiyaviy normalar qonunlarimizga aynan ko‘chirib qo‘yilyapti, normaning mohiyati ochib berilmayapti. Mazkur loyihada ham hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi belgilanyapti. Uy-joy kodeksiga uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi kiritilyapti. Ammo “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunda aks etmayapti.
Deputatlarning savol va e’tirozlariga javoblar qaytarildi va birinchi o‘qishda qabul qilindi.
M.Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 31.01.2024
- Ko'rishlar: 2422
- Chop etish