Mazkur qonun davlat fuqarolik xizmatining siyosiy guruhiga kiruvchi lavozimlardan tashqari barcha davlat organlari, davlat muassasalari va unitar korxonalari, davlat maqsadli jamg‘armalari hamda ustav fondida davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari, shuningdek harbiy xizmatchilarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qaror bilan Bosh vazir raisligidagi qonuni ijrosini tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tashkil etildi. Idoralararo komissiyaga 2024 yil 1 iyulga qadar qonun tatbiq etiladigan davlat organlari va tashkilotlarining aniq ro‘yxati shakllantirilishini ta’minlash vazifasi yuklatildi.
Hujjat bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq, davlat fuqarolik xizmatini tashkil etish tizimini yo‘lga qo‘yiladi, shu jumladan, davlat fuqarolik xizmati tatbiq etiladigan davlat organlari va tashkilotlari ro‘yxati hamda Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestrini belgilanadi.
Shuningdek, Adliya vazirligi joriy yil avgustiga qadar tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxs davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilingandan so‘ng tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib turish tartibini belgilovchi hujjat loyihasini Hukumatga kiritadi.
Qarorda davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlash uchun sharoit yaratish maqsadida 2024 yil yakuniga qadar «E-anticor.uz» elektron platformasida manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlarni aniqlash va onlayn monitoring qilish imkonini beruvchi elektron modul ishga tushirilishi ham belgilangan.
Ma’lumot uchun, qonunning 15-moddasida davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi yaqin qarindoshlari bevosita xodimning bo‘ysunuvidagi ishga qabul qilingan bo‘lsa yoki xodimning ishiga fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida o‘ziga aloqador shaxslar jalb etilgan bo‘lsa bir ish kuni ichida mavjud manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi belgilangan shakldagi xabarnomani to‘ldirishi va o‘zining bevosita rahbariga yoki maxsus bo‘linmaga taqdim etishi shartligi belgilangan. Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining siyosiy guruhiga kiruvchi lavozimga ishga qabul qilingan hollar bundan mustasno hisoblanadi.
Avvalroq manfaatlar to‘qnashuvini aniqlashda yordam bergan shaxslar mukofotlanishi hamda manfaatlar to‘qnashuvi haqida xabar bermaganlik uchun jazo belgilangani xabar qilingandi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 08.06.2024
- Ko'rishlar: 1585
- Chop etish