Avval xabar qilinganidek, 17 noyabr` kuni Moskvada bo'lib o'tgan Ombudsmanlarning 4-xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyasi «Yevroosiyo makonida inson huquqlarini himoya qilish muammolari: ombudsmanlar o'rtasida eng yaxshi amaliyotlar almashuvi» mavzusiga bag'ishlandi. U Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo'yicha vakili tashabbusi bilan tashkil etildi.
Onlayn forumda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etdi va ma'ruza qildi. Ushbu ma'ruza matni quyida maqola shaklida taqdim etilmoqda.
Kuni kecha, 16 noyabrda jahon jamoatchiligi Bag'rikenglik xalqaro kunini keng nishonladi. Bu sana, ayniqsa, hozirgi pandemiya davrida turli madaniyatlar va xalqlar o'rtasida o'zaro hamjihatlik hamda birdamlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishi bilan nihoyatda ahamiyatlidir.
2020 yil 13 oktyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida bo'lib o'tgan saylovlarda Rossiya BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga yana a'zo etib saylandi. Bu muhim yutuq bilan rossiyalik hamkasblarimni chin qalbdan samimiy tabriklayman.
O'zbekiston ham xuddi shu saylovlarda milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga 2021-2023 yillarga saylandi. Osiyo guruhidan nomzodi ko'rsatilgan mamlakatimiz uchun BMTga a'zo 193 davlatdan 169 tasi ovoz berdi. Bu saylovda eng ko'p ovoz berilgan davlat O'zbekiston bo'ldi.
Ombudsmanlarning 4-xalqaro forumi tashkilotchilarini alohida qutlayman. Ushbu xalqaro anjumanning geografik ko'lami va ishtirokchilari doirasi yildan-yilga kengayib borayotgani tahsinga loyiq.
Joriy yilda BMTning 75 yilligi, Inson huquqlari bo'yicha Yevropa konventsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi, Xelsinki jarayonining 45 yilligi, Pekin Harakatlar platformasining 25 yilligi kabi xalqaro sanalarni ham nishonlamoqdamiz.
Bu yilgi ana shunday muhim sanalarga qaramay, COVID-19 pandemiyasi 2020 yil davomida jahon miqyosidagi muhokamalar kun tartibida bosh mavzu bo'lib qolmoqda.
Koronavirus pandemiyasi butun dunyoda insonlar va jamoatlar uchun haddan ortiq salbiy oqibatlarni keltirib chiqardi hamda chiqarmoqda. Pandemiya bilan bog'liq cheklovlar sharoitida, ayniqsa, aholining zaif qatlamlari juda ko'plab qiyinchiliklarga duchor bo'lmoqda.
BMT Bosh kotibi Antoniu Gutterish o'zining «Pandemiya va inson huquqlari» mavzuidagi ma'ruzasida ta'kidlaganidek, "Bugungi kunda hukumatlarning harakatlari har qachongidan ham ochiq-oshkora, moslashuvchan va nazorat uchun qulay bo'lishi zarur. Fuqarolik jamiyati faoliyati va matbuot erkinligi uchun maqbul makon mavjudligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Jamoat tashkilotlari va xususiy sektor muhim o'rin tutadi".
Barchamiz yaxshi tushunamizki, biron-bir davlat yakka holda bu dahshatli pandemiyaga bas kela olmaydi. BMT Bosh Assambleyasining 2020 yil 2 aprelda qabul qilingan "2019 yilning koronavirus (COVID 19) kasalligi bilan kurashishda global birdamlik" maxsus rezolyutsiyasida ham ayni shu haqda so'z boradi.
Biz to'qnash kelgan pandemiya o'zining tarqalish sur'atlari va ko'lamlari bilan misli ko'rilmagan global inqiroz tusini oldi. Bu ofat butun insoniyat va jahon iqtisodiyoti uchun nihoyatda jiddiy tahdidga aylandi. Uning uchun chegara sarhadlari ahamiyatsiz; qaysi millat, din yoki irqqa mansublikning farqi yo'q.
Pandemiya sharoitida inson huquqlari himoyasi sohasida yuzaga kelayotgan masalalarni barchamiz birgalikda, tezkor va samarali hal etishimiz davr talabidir. Bugungi anjumanda bu borada yakdil yondashuvni shakllantirishimizga va sa'y-harakatlarimizni muvofiqlashtirib olishimizga ishonaman.
O'zbekiston, xalqaro hamjamiyatning barcha a'zolari qatori, insoniyatning hozirgi zamon tarixida eng jiddiy tahdidga aylangan COVID-19 pandemiyasiga qarshi qat'iy kurash olib bormoqda. Hukumat o'z vaqtida ko'rayotgan epidemiyaga qarshi ta'sirchan choralar tufayli mamlakatimizda pandemiyaning ziyonu zarari imkon qadar kamroq bo'lishiga erishilmoqda. Biz pandemiya muhitida yashashga o'rganayapmiz.
Epidemiologik vaziyat ustidan samarali nazorat o'rnatish maqsadida, xalqaro amaliyotga tayangan holda, barcha zarur chora-tadbirlarni izchillik bilan amalga oshirmoqdamiz.
Birinchidan, butun mamlakat miqyosida karantin tizimi joriy etildi. Bu boradagi masalalarda aholining mas'uliyatini oshirish uchun qisqa fursatda qonunchilikka tegishli o'zgartirishlar kiritildi, shuningdek noto'g'ri axborot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Ikkinchidan, koronavirus bilan samarali kurashish uchun yurtimizning barcha viloyatlarida maxsus tibbiyot muassasalari va karantin markazlari tashkil etildi.
Uchinchidan, kasallik tarqalishining o'z vaqtida oldini olish maqsadida aholi o'rtasida keng ko'lamda, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlar orqali tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
To'rtinchidan, ta'lim tizimining uzluksiz ishlashini ta'minlash uchun ushbu sohaga qarashli barcha muassasalar o'z faoliyatini masofadan, to'liq onlayn tizimda amalga oshirdi. Hozirgi vaqtda ta'lim jarayonining an'anaviy shakliga asta-sekin qaytilmoqda.
Beshinchidan, aholi oziq-ovqat, doir-darmon vositalari va tibbiy buyumlar, shu kabi boshqa hayotiy zarur mahsulotlar bilan uzluksiz ravishda ta'minlanmoqda. Imkoniyati cheklangan shaxslar, aholining kam ta'minlangan va zaif qatlamlariga manzilli asosda beg'araz yordam ko'rsatish tizimi yo'lga qo'yilgan.
Bu jarayonda nodavlat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari, keng jamoatchilik ham faol ishtirok etmoqda.
Oltinchidan, iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlarini har tomonlama qo'llab-quvvatlashning aniq mexanizmlari shakllantirilgan. Shu maqsadda Inqirozga qarshi jamg'arma tuzilgan.
Tadbirkorlik sub'ektlariga bank kreditlari bo'yicha foizlarni "muzlatib turish" va soliq "tanaffuslari" kabi imkoniyatlar taqdim etilgan. Import qilinadigan tovarlar uchun soliq va bojxona to'lovlari miqdori sezilarli darajada kamaytirilgan.
Yettinchidan, hujjatlar almashlash, sug'urta polislari va shu kabilarning muddati o'tganligi holati bilan bog'liq qoidabuzarliklar uchun javobgarlikka tortmaslik choralari ko'rilgan. Chet el fuqarolarining mamlakatimizda bo'lib turish muddatlari uzaytirilgan bo'lib, ushbu muddatlarga amal qilmaganlik uchun jarima jazosi belgilanmaydi.
Sakkizinchidan, xorijdagi O'zbekiston fuqarolarini qaytarib olib kelish bo'yicha zarur choralar ko'rilmoqda. O'tgan davrda xorijiy mamlakatlardan 100 ming nafardan ortiq fuqaromiz yurtimizga ko'chirib kelindi.
Fursatdan foydalanib, fuqarolarimizni Rossiyadan qaytarib olib kelishda yaqindan yordam ko'rsatgani uchun Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo'yicha vakili Tat`yana Nikolaevna Moskal`kovaga minnatdorchilik izhor etaman.
To'qqizinchidan, insonparvarlik sohasida izchil hamkorlik yo'lga qo'yilgan. O'zbekiston bir qator mamlakatlarga pandemiyaga qarshi kurashish borasida insonparvarlik yordami taqdim etdi.
O'ninchidan, ana shu chora-tadbirlarning barchasi O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga qat'iy rioya qilgan holda amalga oshirilmoqda. Keyingi oyda 30 dan ziyod normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan bo'lib, jumladan, ularda inson huquqlarini cheklashning aniq chegaralari belgilangan.
Bosh vazir rahbarligidagi Maxsus komissiya qaroriga muvofiq, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi pandemiya sharoitida BMT va boshqa tuzilmalar bilan inson huquqlari masalalari borasidagi hamkorlik uchun mas'ul hisoblanadi.
Markaz BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi, shartnomaviy qo'mitalar, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro mehnat tashkiloti, YUNISEF, YUNESKO kabi xalqaro tuzilmalarning pandemiya sharoitidagi inson huquqlari masalalari bo'yicha tavsiyalarini sinchiklab o'rganmoqda va ko'tarilgan muammolarga davlat organlarining e'tiborini qaratib kelmoqda.
O'tgan davrda mahbuslar huquqlarini himoya qilish, mehnat standartlariga rioya etish, advokatlar huquqlarini ro'yobga chiqarish yuzasidan murojaatlarimizni tegishli davlat tashkilotlariga yubordik.
Shuningdek, "Demokratlashtirish va inson huquqlari" jurnalining "Pandemiya va inson huquqlari" mavzusiga bag'ishlangan maxsus sonini nashrdan chiqardik. Jurnalning ushbu soni sahifalarida BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro mehnat tashkiloti rahbarlari hamda hamkasbimiz T.Moskal`kovaning maqolalari e'lon qilingan.
Bundan tashqari, “COVID-19 va inson huquqlari” to'plamini nashrga tayyorladik va chop ettirdik. To'plamdagi maqolalarda pandemiya sharoitida inson huquqlarini himoya qilish borasidagi tajriba atroflicha tahlil etilgan.
Shu yil iyul` oyida BMTning mamlakatimizdagi tuzilmalari va YEXHT ofisi bilan hamkorlikda Inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha milliy muloqot o'tkazdik. Muloqotda koronavirus pandemiyasi munosabati bilan joriy etilgan cheklovlar masalasi muhokama qilindi.
Milliy muloqot arafasida, ya'ni joriy yil 24 iyun` kuni BMT va YEXHT rasmiy shaxslari hamda bir guruh jurnalist va blogerlarning Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanidagi O'rtasaroy karantin markaziga tashrifi tashkil etilgandi. O'sha joyning o'zida Hukumatning karantin markazlari faoliyati uchun mas'ul shaxsi hisoblanuvchi Bosh vazir o'rinbosari bilan uchrashuv ham o'tkazildi.
Ushbu tashrif asnosida to'plangan amaliy dalillar karantin hududlarida inson huquqlariga amal qilinishi borasidagi O'zbekiston tajribasini tahlil qilish va matbuotda asosli ravishda yoritish imkonini berdi.
Milliy muloqot tadbirida BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi, BMT Qiynoqqa qarshi kichik qo'mitasi, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi hamda boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Muloqot yakunlari bo'yicha karantin markazlaridagi holatni, xalqaro tibbiy-sanitar normalar va inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlar nuqtai nazaridan, yaxshilash bo'yicha choralar ko'rishga qaratilgan "Yo'l xaritasi" ishlab chiqildi.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, keyingi yillarda O'zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish sohasida bir qancha muhim natijalarga erishildi.
Xususan, davlatimiz rahbarining joriy yil 22 iyundagi Farmoniga muvofiq, yurtimizda birinchi marta Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi hamda Milliy strategiyani amalga oshirish bo'yicha «yo'l xaritasi» tasdiqlandi. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markaziga Milliy strategiya va «Yo'l xaritasi»ning sifatli hamda o'z vaqtida amalga oshirilishi bo'yicha doimiy monitoring olib borish vazifasi yuklatildi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risidagi ma'lumotlar BMTning oltita tilida nashr etildi va Bosh Assambleyaning 74-sessiyasi rasmiy hujjati sifatida tarqatildi.
Milliy strategiyada jami 33 ta qonun loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Bu o'rinda 20 ta yangi qonun loyihalari, mavjud qonunlarga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish bo'yicha 4 ta qonun loyihasi va amaldagi 9 ta qonunning yangi tahrirdagi loyihalari haqida so'z bormoqda.
Hozirgi kungacha 6 ta qonun ishlab chiqildi, jamoatchilik ishtirokida keng muhokama etildi va qabul qilindi. Yangi tahrirda qabul qilingan "Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida", “Aholi bandligi to'g'risida” hamda “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Joriy yil 12-13 avgust kunlari yoshlar huquqlarini himoya qilishning dolzarb masalalariga bag'ishlab Samarqand veb-forumi o'tkazildi. Xalqaro anjumanda "Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari" nomli Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Samarqand rezolyutsiyasi BMT Bosh Assambleyasining 74-sessiyasi, shuningdek YEXHT Doimiy kengashi, Islom hamkorlik tashkilotining rasmiy hujjati sifatida taqdim etildi.
Sohadagi yana bir muhim natija: Prezidentimizning 2020 yil 22 iyundagi “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmoniga ko'ra, “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko'krak nishoni ta'sis etildi.
Ushbu ko'krak nishoni bilan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi xizmati, inson huquqlarini targ'ib qilishdagi faolligi, inson huquqlari sohasidagi ta'lim, yoshlar o'rtasida inson huquqlarini himoya qilish an'analarini rivojlantirishga qo'shgan hissasi, inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarni rivojlantirish va boshqarishdagi salmoqli yutuqlari, inson huquqlari sohasidagi samarali ilmiy faoliyati uchun O'zbekiston Respublikasi fuqarolari taqdirlanadi.
Ko'krak nishoni bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslar, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat olib borayotgan tashkilotlar ham taqdirlanishi mumkin.
Ayni paytda “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko'krak nishonining ilk sovrindorlarini 10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni taqdirlashga tayyorgarlik ko'rilmoqda.
Shunday qilib, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida ta'kidlaganidek, "Jamiyatni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilish bo'yicha keng ko'lamli chora-tadbirlarimiz natijasida yangi O'zbekiston shakllanmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizdagi demokratik o'zgarishlar ortga qaytmaydigan tus oldi".
Akmal SAIDOV,
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori
- Qo'shildi: 18.11.2020
- Ko'rishlar: 3993
- Chop etish