Yangi nashr
Kishi bugungi dunyoga, atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalarga teran nazar tashlar ekan, ko‘nglida bir xavotirli o‘y kechishi shubhasiz: insoniyatni yaqin istiqbolda nimalar kutadi, ertangi hayot qanday bo‘ladi?
Jahonda kundan kun avj olayotgan turli darajadagi nizolar, qonli to‘qnashuvlarning oxiri bormi? Buyuk tamaddunlar ijodkori, hayot gultoji bo‘lgan banibasharning kibr-u havosi va ko‘zdan pana turfa ambitsiyalari o‘z uyi – ona sayyoramizdagi hayotni oyoqlatib qo‘ymaydimi? Tinchlik, hamjihatlik va global farovonlik qachondir bir kun yer yuzida haqiqatga aylanadimi?..
Albatta, ushbu o‘ylar odamga og‘ir botadi, qalbini og‘ritadi. Ammo ayni paytda ko‘nglidan bunday kechinmalar kechayotgan odamni pessimist, deb ayblab ham bo‘lmaydi. Zotan, dunyoning bugungi manzarasi bunga izn beradi.
Uchinchi ming yillik – intellektual asr. Buni ayni damda zakiy olim ham, oddiy odamlar ham birdek tan oladi. Insoniyat aqlbovar qilmas ixtirolar, mo‘jizalar yaratuvchisi sifatida o‘zining eng yuksak kamolot nuqtasiga erishdi. Garchi bugun ham xalqaro vaziyatga nisbatan “notinch”, “qalqib turibdi”, “oldindan hech narsani taxmin qilib bo‘lmaydigan” sifatlari qo‘shib ishlatilayotgan bo‘lsa-da, harqalay o‘tgan ming yillik “sovuq urush asri”ga yakun yasadi: insoniyat ikki qutbli dunyo “qolipi”ni sindirib, global taraqqiyot sari yuzlandi. Xo‘sh, shu bilan olam guliston bo‘lib qoladimi?
Endi xotirjam yashash mumkinmi?
G‘arbdagi nufuzli aql markazlari, ko‘plab atoqli olimlarning kelajak haqidagi fikri shuki, endigi urushlar jang maydonlarida, qurol-yarog‘lar vositasida emas, balki tamaddunlararo to‘qnashuvlar fonida kechadi. Bu, shubhasiz, bilim, ilm-fan va texnika, innovatsiyalar rivoji bilan bog‘liq masaladir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ilm va ta’lim tarbiya haqida, farzandlarimizning kitob o‘qishi, zamonaviy ilm-fan, dunyo tillarini puxta o‘zlashtirishlari haqida ko‘p va kuyinib gapirishining asl sababini ayni shu omillardan qidirsak, to‘g‘ri bo‘ladi. Nihoyat millat lideri tomonidan ilgari surilgan tarixiy g‘oya – “Uchinchi Renessans” aynan shu – zamonaviy dunyoda kechadigan evrilishlar, yangilanishlarga moslashish bilan birga insoniyat hozirlik ko‘rayotgan global madaniyat – yangi umumtamaddunga integratsiya bo‘lish maqsadini ham o‘zida ifoda etadi.
Ilm-fan, millatning intellektual salohiyati, siyosiy va madaniy tafakkurini yuqori bosqichga ko‘tarish Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadi etib belgilanishining asosiy sababi ham shu aslida.
Bugun biz sizga taqdim etishga jazm qilayotgan “Vatan” jurnali muhtaram Prezidentimiz oldimizga qo‘ygan bu muqaddas g‘oyani amalga oshirishga baholi qudrat hissa qo‘shishda vosita vazifasini bajaradi, deya niyat qilamiz.
Zotan, ilmiy-ommabop, ijtimoiy-siyosiy formatdagi ushbu jurnal o‘z sahifalarida mamlakatimizdagi eng ilg‘or fikrli ziyolilar, olim va siyosatchilar uchun joy beradi.
Bundan tashqari, jurnalni tashkil etishdan ko‘zlangan yana bir muhim maqsad borki, buni aytish, albatta, bizning vazifamiz: barchamiz ko‘rib, bilib turibmiz, bugun davlatimiz o‘zgardi. Bugungi O‘zbekiston kechagisidan tubdan farq qiladi. Buni, eng avvalo, davlatning, jamiyatning ochiqligida, odamlarimizda erkin fikr va dunyoqarash shakllanayotganida ko‘rish mumkin.
Prezidentimiz boshlagan islohotlar bugun nafaqat siyosiy mazmunda, balki mafkuraviy ma’noda ham VATAN so‘ziga, tuyg‘usiga o‘zgacha, yangi ma’no baxsh eta oldi. Endilikda ilgari yopiq bo‘lgan chegaralar osha musofirlikda yoki taqdir taqozosi bilan boshqa ellarda yashayotgan vatandoshlarimiz, millatdoshlarimiz uchun ham O‘zbekiston ochildi. Ular endi bizga begona emas – vatandosh, millatdosh va maslakdoshdir.
Ayni damda ko‘nglimdan kechayotgan bir o‘yni aytmasam bo‘lmas, deb o‘ylayman. Vatanparvarlik, elparvarlik va millatparvarlik kabi tuyg‘ular garchi azaliy hodisa bo‘lsa-da, yuqorida aytganimizdek, bugun ularning mohiyati xiyla teranlashdi. Biz bu qutlug‘ tushunchalarni endilikda nafaqat minbarlardagi balandparvoz ma’ruzalar matnida, balki bir mo‘jiza o‘laroq o‘z hayotimizda ko‘ra va his qila boshladik.
Bunday tarixiy evrilish esa, shubhasiz, millatparvar Yurtboshimizning o‘z xalqiga, Vataniga bo‘lgan so‘nmas muhabbati ijobati, deb bilaman. Zero, Prezidentimizning “Yangi O‘zbekiston”ni qurish g‘oyasida xalqimizga farovon hayot yaratish, uning qadr-qimmati, g‘ururi va sha’nini ulug‘lashni asosiy maqsad qilib olgan, desam adashmayman.
Jurnal sahifalarida xorijdagi o‘zbekistonliklarning ijodiga, ilmiy o‘y-fikrlariga, Vatan haqidagi dil so‘zlariga ham keng o‘rin beramiz. Bir so‘z bilan aytganda, ushbu nashr aziz O‘zbekistonimizni o‘ziga Vatan bilgan, uning dardi bilan yashayotgan, quvonch-u yutuqlarini qalbidan o‘tkazib, shu aziz yurtga sadoqatini, mehr-u muhabbatini ko‘rsatishni istagan har bir Vatan o‘g‘loniga minbar beradi.
Zero, uni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad jonajon yurtimiz – Yangi O‘zbekiston imijini keng jamoatchilik va akademik doiralarda oshirishga hissa qo‘shish hamda o‘quvchilarni bugun dunyo ilm-fanida, siyosiy va ijtimoiy hayotida kechayotgan tendensiyalar bilan yaqindan tanishtirishdir.
Men ushbu fursatdan foydalanib, barcha ziyolilarimiz, olimlarimizni yangi nashr – “Vatan” bilan hamkorlik qilishga chaqirib qolaman.
Qudratilla RAFIQOV,
“Vatan” jurnali tahrir hayʼati raisi, loyiha rahbari
P/S: Vatan haqida aytiladigan har bir so‘zning zalvori bo‘ladi. Millat haqida yoziladigan har satrning yuki bor. Bugun bu mas’uliyatni yangi chop etilayotgan “Vatan” nomli jurnal tahririyati yelkasiga olibdi.
O‘zA jamoasi vatandoshlarni ana shu yangi, umidli nashr bilan qutlaydi!
O‘zA
- Qo'shildi: 06.03.2024
- Ko'rishlar: 2465
- Chop etish