O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 2020 yil 10 iyun` kuni “BMTning Inson huquqlari kengashi va Inson huquqlari bo'yicha qo'mitasi misolida BMTning ustav va shartnomaviy organlari tavsiyalarini amalga oshirishda parlamentning roli” mavzuida xalqaro parlament forumi videokonferentsaloqa tarzida bo'lib o'tdi. Bunday tadbir O'zbekiston parlamentarizmi tarixida ilk marta tashkil etildi.
Onlay-anjuman O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati, shuningdek dunyo parlamentlarining xalqaro nufuzli tashkiloti — Parlamentlararo ittifoq, BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi, BMTning O'zbekistondagi vakolatxonasi va Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan o'tkazildi.
Anjumanda inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlarni bajarishda O'zbekiston parlamenti rolini oshirish mavzusi muhokama qilindi. Unga O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Parlamentlararo ittifoq Ijroiya qo'mitasi raisining o'rinbosari Akmal Saidov moderatorlik qildi.
Xalqaro parlament forumida Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong, BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari vakili Janni Magazeni, O'zbekiston parlamenti palatalari rahbarlari, Islom hamkorlik tashkiloti, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijlik ekspertlar, deputatlar, Senat a'zolari ishtirok etdi.
Ta'kidlanganidek, milliy parlamentlar xalqaro munosabatlar, farovonlikni ta'minlash, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, ham milliy, ham xalqaro darajalarda qonun ustuvorligini mustahkamlashda muhim rol` o'ynaydi.
Tadbir parlament a'zolari uchun amaliy muloqotning onlayn-maydoniga aylandi. Unda Parlamentlararo ittifoq va BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi namoyandalari hamda O'zbekiston parlamenti palatalari rahbarlarining ma'ruzalari tinglandi.
– O'zbekistonning BMT, Parlamentlararo ittifoq bilan tobora mustahkamlanib borayotgan hamkorligi e'tiborga molikdir, – dedi O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboeva. – Bugungi kunda mamlakatda sud hokimiyati, siyosiy partiyalar va parlamentning roli o'zgarganini alohida qayd etish joiz. O'zbekiston parlamenti qonunchilik ishlari bilan bir qatorda, hayotiy muhim masalalarni amalga oshirish bo'yicha monitoring funktsiyalarini kuchaytirdi. Shu bilan birga, Gender tenglik masalalari bo'yicha komissiya, Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo'yicha milliy komissiya, shuningdek, parlament yuqori palatasida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo'mitasi tuzildi.
Qolaversa, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili, Bosh prokuratura, ichki ishlar, adliya va tashqi ishlar vazirliklarining hisobotlari eshitilishi tizimi yo'lga qo'yilgan. Binobarin, “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyili amalda ishlashini ta'minlashga e'tibor qaratilmoqda. Shuning uchun ham xalq bilan muloqot va jamoatchilik bilan aloqalarni yanada mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratib kelinmoqda. Zotan, inson huquqlarini ta'minlash – bosh maqsadimizdir, deya qayd etdi Oliy Majlis Senati Raisi.
Tadbirda so'zga chiqqan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov mamlakatda qonunchilik-huquqiy baza takomillashtirib borilayotgani, O'zbekistonda milliy parlament qadriyatlari vujudga kelgani, bu borada xalqaro va eng yaxshi xorij tajribasidan foydalanilayotganini ta'kidladi. Bu esa davlatning huquqiy poydevorini mustahkamlash, qonun ijodkorligi sifatini oshirish, parlament nazoratini kuchaytirish, fuqarolar hayotini yaxshilashga xizmat qiladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi inson huquqlarini ta'minlash masalasini faol ilgari surmoqda. Bu faoliyat xalqaro majburiyatlarni bajarish va ularni milliy qonunchilikka tatbiq etish, qabul qilingan qonunlar samaradorligini monitoringdan o'tkazish, BMTning ustav va shartnomaviy organlari tavsiyalari ijrosi va boshqa yo'nalishlar bo'yicha “yo'l xaritalari” ishlab chiqish yo'li bilan olib borilyapti.
— O'zbekiston parlamenti xalqaro parlament jamoatchiligining teng huquqli a'zosidir va Parlamentlararo ittifoq hamda boshqa xalqaro parlamentlar forumlarida faol ishtirok etyapti, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov. — O'zbekiston Parlamentlararo ittifoq va BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari boshqarmasining “Parlament va inson huquqlari printsiplari”ni qabul qilish, BMTning 75 yilligi bo'yicha Deklaratsiyaga bugungi xalqaro munosabatlarda milliy parlamentlar va Parlamentlararo ittifoqning roli to'g'risidagi qoidalarni kiritish bo'yicha tashabbuslarini qo'llab-quvvatlaydi.
Videokonferentsiyada, shuningdek O'zbekiston parlamentining inson huquqlarini ta'minlashdagi roli va mexanizmlari bo'yicha BMT Inson huquqlari kengashi tavsiyalarini bajarishga doir ishlar istiqbollari borasida so'z yuritildi.
Muloqot yakunida ishtirokchilar Parlament forumi parlament a'zolarining amaliy muloqotini davom ettirish, inson huquqlari, barqaror taraqqiyot va hamkorlik yo'nalishlaridagi parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini e'tirof etdilar.
Ushbu forum 30 iyun – Xalqaro parlament kuniga bag'ishlandi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 11.06.2020
- Ko'rishlar: 4188
- Chop etish