"Hamma xalqlar uchun yozilgan Konstitutsiya hech bir xalqqa mos kelmaydi" deb yozgan ekan XVIII-XIX asrlarda yashab o‘tgan fransuz siyosatchisi, faylasuf Jozef de Mestr. Ushbu fikr qaysidir ma’noda har bir millatning o‘ziga xos tarixi, madaniyati hamda qadriyatlari borligini va u o‘z kelajagini ana shu milliy o‘zlikdan kelib chiqib qurishga haqli ekanini tasdiqlaydi. Dunyoda turli murakkab geosiyosiy jarayonlar kechayotgan bir paytda biz ham 2023 yilda Konstitutsiyamizga yangi mazmun bag‘ishlab, zamon talablariga javob beradigan hujjat yaratdik.
8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligi arafasida Asosiy qonunimiz ahamiyati haqida fikr yuritish ayniqsa muhim. Zero, Konstitutsiya faqatgina yuridik hujjat emas, balki xalqimizning umumiy maqsadlarini belgilab, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydigan poydevor hamdir.
Yangi O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga endigina bir yarim yildan oshdi. Esingizda bo‘lsa, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2023 yilning 8 may kuni Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar, sud va ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari hamda jamoatchilik faollari bilan muloqotida yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qabul qilish bo‘yicha 30 aprelda bo‘lib o‘tgan referendum yakunlari haqida gapirar ekan, jumladan, shunday degan edi: “Konstitutsiyamiz loyihasini muhokama qilishdan boshlab to uni qabul qilguncha bo‘lgan davrda o‘tkazilgan umumxalq muhokamalarida millionlab yurtdoshlarimiz faol ishtirok etdilar. Shu nuqtai nazardan qaraganda, yangilangan Konstitutsiyamizning chinakam muallifi xalqimiz bo‘ldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. Eng muhimi, endi islohotlarimiz yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz, “inson – jamiyat – davlat”, degan yangi tizim asosida faqat va faqat oldinga qarab boramiz”!
Ushbu yig‘ilishda men ham ishtirok etgan edim. Shavkat Miromonovichning qat’iy aytgan ushbu so‘zlari ko‘plar qatori meni ham hayajonga soldi. Zero, bu so‘zlar zamirida kelajakka, xalqimizga, uning cheksiz bunyodkorlik salohiyatiga qat’iy ishonch mujassam edi.
Darhaqiqat, mamlakatimiz Yangi O‘zbekiston poydevorini mustahkamlaydigan qonunlar va institutlar tizimini yanada takomillashtirib, dunyoda munosib o‘rin egallashga harakat qilmoqda. Bu jarayon yangi Konstitutsiyamizda o‘z ifodasini topdi. Unda nafaqat mamlakatning uch ming yillik tarixi va madaniyati, balki zamonaviy dunyo konstitutsionalizmi asoslari ham to‘liq aks etdi. Yangi Konstitutsiyaga muvofiq va xalqaro me’yorlar asosida inson huquqlari hamda erkinliklari mutlaq ustuvorlikka ega bo‘ldi. Fuqarolarning barcha zarur huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda ularni himoya qilish davlat siyosatining ustuvor vazifasiga aylandi. Albatta, amaldagi Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish referendumsiz ham Oliy Majlisning har ikki palatasi uchdan ikki qismi ovozi bilan amalga oshirilishi mumkin edi. Biroq, Prezident milliy referendum o‘tkazish taklifini ilgari surdi. Mamlakat aholisining ushbu jarayonga keng jalb etilishi davlatimiz rahbarining yurtimiz fuqarolariga, ularning fikr-mulohazalari va istaklariga alohida e’tibor bilan qarashini yana bir bor isbotladi. Millatimiz lideri aynan xalq bilan muloqotda ulkan va tub islohotlarni, jumladan, Konstitutsiyaga doir o‘zgartishlarni amalga oshirishda kuch va jasorat beradigan quvvat va ilhom manbaini topdi.
"Qonun kuchli, ammo ehtiyoj undan ham kuchliroq", degan edi Iogann Volfgang Gyote. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning yaratilish tarixi mamlakatimiz uchun muhim voqelikka aylandi, uning har bir moddasi xalq xohish-irodasini ifoda etdi va bu o‘zgarishlar yurtimizda keng ko‘lamli islohotlarga yo‘l ochadigan chinakam insonparvar siyosatning huquqiy bazasini mustahkamlash ehtiyojidan kelib chiqdi, desam, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, Konstitutsiya muhokamalarida millionlab yurtdoshlarimiz ishtirok etdi, 222 715 ta taklif kiritildi. Konstitutsiya loyihasidagi moddalar soni 128 tadan 155 tagacha oshirildi, normalar esa 275 tadan 434 taga yetkazildi. Bu jarayonda 2023 yil 30 aprelda o‘tkazilgan referendum hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Saylovchilarning 90,21 foizi yangi tahrirni qo‘llab-quvvatladi.
Shu o‘rinda Konstitutsiyaning adolatli va barqaror jamiyat qurishdagi ahamiyati qanday degan haqli savol tug‘iladi. Bu savolga javob berish oson emas. Chunki mukammal jamiyatni, “Fozil odamlar shahri”ni orzu qilish – irratsional utopiya mahsulidir. Vaholanki, dunyoda mukammal jamiyatning o‘zi yo‘q. Ammo insoniyatning eng qadimiy ehtiyojlaridan biri bo‘lgan adolatli, barchaga teng huquq va imkoniyatlar yaratib beradigan, shu bilan birga, teng majburiyatlar yuklaydigan jamiyat qurishning imkoni ham, zarurati ham bor. Konstitutsiya mana shu adolatni kafolatlaydi va ta’minlaydi. Buning uchun jamiyatning o‘zi ham o‘zgarishlarga tayyor bo‘lishi, uni istashi va qonunlarning haqiqiy mazmun-mohiyatini aslicha qabul qilishi kerak. Agar jamiyatning o‘zi o‘zgarishni istamasa, hech qanday natijaga erishib bo‘lmaydi. Davlatimiz rahbarining xalqimiz ruhiyati, ongu tafakkuri zamon bilan hamnafas o‘zgarishi kerakligini, bu esa, shak-shubhasiz, xalqimiz hayotini yaxshilashga xizmat qilishini bot-bot takrorlashida ham ayni shu haqiqatning in’ikosini ko‘rish mumkin.
Darhaqiqat, bugun zamon o‘zgaryapti. Bashariyat kelajagiga tahdidlar kuchaygan, turli mintaqalarda urush va o‘zaro nafrat urug‘i alanga olgan, nafaqat tamaddunlar, g‘oyalar, balki xalqlar, elatlar, urug‘lar o‘rtasida adovat bo‘y cho‘zgan bir zamonda yashayapmiz. Ko‘z o‘ngimizda dunyoning geosiyosiy xaritasi qayta bichilyapti, biz yaqin yuz yilda ko‘nikkan siyosat, falsafa, turli qonuniyatu dunyoqarashlar poydevoriga darz ketyapti.
Men bularni nima uchun tilga olyapman? Chunki Konstitutsiya davlatni davlat, xalqni xalq, millatni millat qiladigan, zamonning tahdidlariga qarshi birlashtiradigan, taraqqiyot sari yetaklaydigan, yaratuvchanlikka ilhomlantiradigan qadriyatlarimizdan biridir. Zero, Konstitutsiyamiz quruq orzu-niyatlar yig‘indisi, qog‘ozdan real hayotga ko‘chmagan utopik qarash emas, balki vatandoshlarimizning Vatanga muhabbati, hayotbaxsh islohotlarga daxldorlik hissi, o‘z taqdiri, kelajagiga munosabatini ham isloh etayotgan qudratini barchamiz bugungi hayotimiz misolida ko‘rib, bilib turibmiz.
Hayotimizda ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlar asnosida yana bir haqiqatni tan olish kerak. Tarixni shaxslar yaratadi. Shaxslar davlatning, xalqning u yoki bu burilish nuqtasida katta sahnaga chiqadi, uning taraqqiyoti uchun o‘zida inqilobiy qarorlar qabul qilishga shijoat va jasorat topa oladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xalqimiz tarixini yangi – nurli o‘zanga bura olgan ana shunday buyuk shaxs sifatida namoyon bo‘ldi.
Yaqin tariximizni hali hech kim unutgan emas. Bir eslang, qay ahvolda edik? Tashqi va ichki siyosatimiz, iqtisodiyotimiz, ma’naviyatimiz, ijtimoiy hayotimizda yig‘ilib qolgan muammolar zudlik bilan hal etilishi kerak edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ana shunday og‘ir bir vaziyatda iqtidorga keldi. U kishining xalqparvar, uzoqni ko‘zlagan siyosati, oddiy odamlar dardu tashvishi bilan yashashi, g‘ayrat-shijoati o‘sha davr qoliplariga sig‘mayotganini biz – uning atrofidagilar sezib turar, uning ilg‘or tafakkuri ortidan qolmaslikka harakat qilar edik. Shavkat Miromonovich O‘zbekiston Konstitutsiyasini yangilash – davr talabi ekanini takrorlar ekan, jamiyatga, xalqimizga Yangi O‘zbekiston g‘oyasini singdirdira oldi, mamlakatimizning har bir fuqarosida ko‘z o‘ngimizda ro‘y berayotgan olamshumul o‘zgarishlarga daxldorlik hissini uyg‘otdi. Bugungi bunyodkorlik, ham zohiriy, ham botiniy o‘zgarishlar, yangicha tafakkur, yangicha a’mollar... “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyilning faoliyatimiz asosiga aylangani xalqimiz hayotini tubdan o‘zgartirib yubordi.
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, bular mamlakatimizda “Uchinchi Renessans davri”ni boshlab berdi, xalqimiz qonida mudrab yotgan bunyodkorlik, tadbirkorlik, ilmu ma’rifatga bo‘lgan intilishni uyg‘otdi. Haqiqatan ham, bugungi O‘zbekiston – kechagi O‘zbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas.
Yangi O‘zbekistonning “Biz, O‘zbekistonning yagona xalqi...” deya boshlanadigan yangi Konstitutsiyasi esa mazkur islohotlar huquqiy asosini mustahkamladi.
Ba’zan o‘ylab qolaman, nega Yangi O‘zbekiston? Uning mazmun-mohiyati nimada? Axir, yangi iborasi jadid so‘zi bilan hamohang-ku! Millati savodli, o‘qimishli, yuksak orzu-niyatli, zaminimizni dunyoning ilg‘or mamlakatlari qatorida ko‘rishni istagan bobolarimiz orzusidagi davlat barpo etish g‘oyasi uzoq o‘tmish qa’ridan bugunimizga ko‘chmadimikin? Agar shunday bo‘lsa, davlatimiz rahbari atrofida jipslashganlar, O‘zbekistonni dunyoda tenglar ichra teng qilishga jiddu-jahd qilganlarni ham jadidlar deya olamizmi? Shubhasiz, shunday! Zero, shitob bilan o‘zgarayotgan dunyoda o‘zligimizni, kimligimizni topishga, ilmu irfonni rivojlantirishga, taraqqiyotimizga to‘siq bo‘layotgan illatu kamchiliklarimizdan qutilishga intilayotganimiz, yuksak marralarni ko‘zlayotganimiz jadid bobolarimiz orzu qilgan ma’vo edi.
Qolaversa, mana shu orzu-niyatlarga yetishish uchun nafaqat mustahkam huquqiy, balki falsafiy va ma’naviy asos kerak ediki, bu yangi tahrirdagi Konstitutsiya timsolida namoyon bo‘ldi. Xalqimiz uchun bu Konstitutsiya qandaydir abstrakt tushuncha emas. Konstitutsiya — qonun, to‘g‘ri. U qaysidir ma’noda moddiy ham emas. Biroq Konstitutsiyada mustahkamlangan qoidalardan kelib chiqadigan oqibatlarni biz bugun o‘z ko‘zimiz bilan ko‘ryapmiz, his qilyapmiz.
Shu o‘rinda yana adolat va ehtiyoj haqidagi fikrni takrorlashga to‘g‘ri keladi. Odamlar yaxshi yashashni, o‘z mehnatiga yarasha maosh olishni, haq-huquqlari himoyalanishini, qariganda munosib pensiya bilan ta’minlanishni istaydilar. Adolat odamlarda kelajakka bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi. Shu bois Yangi Konstitutsiyada adolat jamiyat va davlat munosabatlarining markaziy g‘oyasi sifatida belgilandi, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasi kafolatlandi, "davlat – jamiyat – shaxs" paradigmasi "inson – jamiyat – davlat" tamoyiliga o‘zgardi.
Konstitutsiyada inson huquqlariga bo‘lgan e’tibor sezilarli darajada oshdi. Dunyo mamlakatlari qonunlarida belgilangan 110 dan ortiq huquqdan 90 tasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mustahkamlandi. Ekologik masalalarga alohida ahamiyat berilib, tabiatni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish hamda Orolbo‘yi mintaqasini tiklash bo‘yicha davlat majburiyatlari mustahkamlandi.
O‘zbekistonning boy tarixi, ajdodlarimiz merosi va inson huquqlari haqidagi xalqaro standartlar Konstitutsiyaning ma’naviy asoslarini boyitdi. Xalqimizning qadriyatlari, jumladan, bag‘rikenglik va adolat kabi fazilatlar Asosiy qonunimiz ruhiyatiga singdirildi.
Shu bilan birga, Konstitutsiya yangi tashqi siyosiy yo‘nalishlarimizni ham aks ettirdi. Yangi O‘zbekiston dunyo mamlakatlari bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, global iqtisodiyotda faol ishtirok etish hamda barqaror rivojlanishga erishishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.
Ta’lim sohasida adolatli qoidalar joriy etildi. Maktabgacha ta’limdan boshlab, umumiy o‘rta ta’limgacha bo‘lgan bosqichlar bepul qilindi. Barcha bolalar uchun teng imkoniyat yaratishni nazarda tutuvchi inklyuziv ta’lim ta’minlandi.
Sog‘liqni saqlash sohasida davlat tibbiy yordamni kafolatlagan holda, raqamli texnologiyalarni joriy qilish, epidemiyalarga qarshi chora-tadbirlarni kuchaytirishga katta e’tibor qaratildi. Bu nafaqat tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, balki ularni barcha uchun birdek qo‘llashni nazarda tutadi.
Konstitutsiyada mehnat sohasida adolatli ish haqi, gender tenglik va ish joyida kamsitishlarga yo‘l qo‘ymaslik mustahkamlab qo‘yildi. Bu, ayniqsa, ayollar va yoshlarning mehnat huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, homiladorlik yoki bolali bo‘lgani bois ayollarni ishga qabul qilishdan bosh tortish yoki ularning maoshini kamaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Konstitutsiyada ijtimoiy davlat tamoyili joriy etildi. Bu davlat aholining ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish, qashshoqlikni kamaytirish va tenglikni ta’minlash yo‘lida faol harakat qiladi, deganidir.
Shu bilan birga, Konstitutsiya yoshlar uchun ta’lim, tadbirkorlik va ijtimoiy faollik sohalarida yangi imkoniyatlar eshigini ochib beradi. Asosiy qonunda oilaviy kafolatlar, uy-joy huquqi va ijtimoiy himoya masalalari ham aks ettirildi.
Konstitutsiyaning ahamiyati faqat qonunchilik bilan cheklanmaydi. U jamiyatning ma’naviy, madaniy va falsafiy tamoyillarini ham belgilaydi. Endi yangi O‘zbekiston Konstitutsiyaga muvofiq quyidagi o‘ziga xos xususiyatlarga ega:
O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida belgilandi. Ehtiyojmand shaxslar uchun kuchli ijtimoiy himoya va g‘amxo‘rlik davlat siyosati yo‘nalishining muhim qismiga aylandi. O‘zbekiston huquqiy davlat sifatida ta’riflandi. Inson huquqlari va erkinliklari konstitutsiyaviy darajada kafolatlandi.
Ta’lim olish huquqi kengaytirildi. O‘qituvchilarga konstitutsiyaviy maqom berildi, fuqarolarning davlat granti hisobidan oliy ta’lim olish huquqi kafolatlandi. Oilani to‘liq rivojlantirish uchun davlat ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy shart-sharoitlar yaratishni konstitutsiyaviy darajada mustahkamladi.
Hech qanday kamsitishlarsiz va eng kam ish haqidan kam bo‘lmagan adolatli mehnat haqi olish huquqi kafolatlandi. O‘lim jazosi konstitutsiyaviy darajada taqiqlandi. Davlat ham insonni hayotidan mahrum qilish huquqiga ega emasligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston hududida qonuniy ravishda bo‘lgan har bir shaxs uchun mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, istiqomat joyini tanlash huquqi mustahkamlandi.
Davlat fuqarolarning Internet tarmog‘idan foydalanishi uchun zarur sharoitlarni yaratishi kafolatlandi. Yoshlar huquqlari himoya qilinishi, jamiyat va davlat hayotida ularning faol ishtirokini rag‘batlantirish kafolatlandi. Milliy raqobatbardosh iqtisodiyot, xususiy tadbirkorlik va mulk huquqini himoya qilish konstitutsiyaviy kafolatga ega bo‘ldi.
Davlat boshqaruvining samarali, yaxlit va xalqparvar tizimini mustahkamlash, parlamentarizmni rivojlantirish orqali aholining farovonligi va davlatning barqaror rivojlanishi ta’minlanadi.
Qonunchilik palatasi va Senat vakolatlari sezilarli darajada kengaytirildi.
Advokatlarning faoliyati kafolatlarini mustahkamlash uchun Konstitutsiyaga advokatura institutiga bag‘ishlangan alohida bo‘lim kiritildi.
OAV va jurnalistlarning faoliyatini himoya qilish va ularning faoliyatini rag‘batlantirish uchun konstitutsiyaviy kafolatlar ta’minlandi.
Nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyati kafolatlarini belgilashga bag‘ishlangan fuqarolik jamiyati institutlari haqidagi alohida bo‘lim Konstitutsiyaga kiritildi.
Ijtimoiy yo‘naltirilgan yangilangan Konstitutsiyadan kelib chiqadigan maqsad va vazifalarni bajarish aholini qo‘llab-quvvatlash dasturlarini kengaytirishni va byudjetdan katta mablag‘ ajratishni talab qiladi. Bu esa nafaqat iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash, balki iqtisodiy tub o‘zgarishlarni amalga oshirish zaruratini yuzaga keltiradi.
Yangi O‘zbekiston rivojlanish strategiyasida 2030 yilga kelib odam boshiga YAIMni 1,6 baravarga, daromadlarni esa 4 ming dollardan oshirish va "o‘rta daromaddan yuqori mamlakatlar" qatoridan joy olish maqsadlari belgilangan. O‘zbekiston iqtisodiyoti 2023 yilda 6 foizga o‘sib, YAIM salkam 90,8 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 2468 dollarga o‘sdi.
Eksport o‘sish sur’atlarini va Konstitutsiyada belgilangan vazifalarni inobatga olgan holda, 2026 yilga kelib O‘zbekiston eksportini 40 milliard dollarga, 2030 yilga kelib esa 80 milliard dollarga yetkazish mumkin. Bu ijtimoiy ehtiyojlar uchun byudjetga mablag‘ oqimini sezilarli oshirishga, ish o‘rinlari yaratishga hamda O‘zbekistonning jahon eksport strukturasidagi ulushini oshirishga yordam beradi.
Shubhasiz, bu murakkab vazifa, ammo buni amalga oshirish uchun mamlakatimiz hamda xalqimizda yetarlicha imkoniyat ham, salohiyat ham bor. Strategiyaning boshqa maqsadli ko‘rsatkichlarini yangilash respublikaga iqtisodiyotda tub o‘zgarishlarni amalga oshirish va yangilangan Konstitutsiya asosida rivojlanishning yangi tarixiy bosqichiga qadam qo‘yish imkonini beradi.
Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – shunchaki huquqiy hujjat emas, balki xalqimizning azaliy qadriyatlari, orzu-umidlari va buyuk kelajakka ishonchining yorqin timsolidir. U inson huquqlari, milliy birlik va adolat tamoyillarini hayotga tatbiq etishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etib, jamiyat barqarorligi va farovonligining mustahkam asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbarining xalqparvar siyosati jamiyatda chuqur uyg‘onish, yangi tafakkur va ulkan islohotlarga ilhom bag‘ishlamoqda. Bugungi kun – nafaqat imtihon, balki xalqimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochuvchi davrdir. Konstitutsiya asosida shakllangan adolatli qonunlar, yuksak madaniyat va barqaror taraqqiyot yo‘lidagi birgalikdagi qadamlarimiz, shubhasiz, biz orzu qilayotgan farovon kelajakni barpo etishning asosiy garovi bo‘ladi.
Tanzila NORBOEVA,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati Raisi
O‘zA
- Qo'shildi: 05.12.2024
- Ko'rishlar: 391
- Chop etish