Joriy yil 29 avgustda kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun nima maqsadda qabul qilindi? Qonunda nimalar nazarda tutilgan?
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov shu kabi savollarga javob berdi:
– Aholi manfaatlari, xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘rganish ishlarini olib borish qo‘mitamizning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
O‘rganishlarimizdan birida pirotexnika vositalari bilan bog‘liq holat tahlil qilindi. Xususan, 2021 - 2023 yillarda mamlakatimiz hududiga 300 mingdan ortiq (qiymati qariyb 2 milliard so‘mlik) pirotexnika vositalarini noqonuniy olib kirish holatlari aniqlandi.
Ushbu davr mobaynida ichki ishlar organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-profilaktik tadbirlar va reydlar davomida 42 milliondan ortiq pirotexnika buyumlari olib qo‘yilgan.
Sir emaski, pirotexnika vositalari ishlatilganda inson salomatligiga xavf tug‘diradi. Ya’ni, pirotexnika portlashidan chiqadigan qattiq shovqin katta yoshli kishilarning asab tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatsa, bolalarning jarohat olishiga sabab bo‘ladi.
O‘rganishdan keyin pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasining oldini olish, bunday vositalardan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga ehtiyoj borligi ma’lum bo‘ldi.
To‘g‘ri, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 185-1-moddasida pirotexnika buyumlarining qonunga xilof ravishdagi muomalasi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilangan.
Lekin shunday bo‘lsa-da, mazkur moddaning dispozitsiyasida pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasini tashkil etuvchi ijtimoiy xavfli qilmish uchun bir xil javobgarlik belgilangan. Ya’ni, pirotexnika buyumlaridan noqonuniy foydalanish, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan joylarda saqlash, ishlab chiqarish, tayyorlash yoxud O‘zbekiston hududiga olib kirish yoki olib chiqish yoxud o‘tkazish uchun bir xil jarima belgilangan.
Holbuki, ushbu huquqbuzarliklarning oqibatlari turlicha. Shuning uchun ham ko‘rilayotgan choralar kutilgan natijalarni bermagan.
Yangi qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, kodeksning Pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi deb nomlanuvchi 185-1-moddasida belgilangan huquqbuzarlik belgilari amaldagisidan farqli ravishda alohida qismlarga ajratildi.
Endilikda har bir qilmish uchun alohida sanksiyalar belgilandi. Ya’ni, mazkur moddaning birinchi qismida pirotexnika buyumlaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun, ikkinchi qismida ularni noqonuniy ishlab chiqarganlik, tayyorlaganlik, saqlaganlik, tashiganlik, jo‘natganlik, olib chiqqanlik uchun, uchinchi qismida esa pirotexnika buyumlarini o‘tkazganlik va mamlakat hududiga olib kirganlik uchun javobgarlik alohida ajratildi va kuchaytirildi.
Bundan tashqari, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunda hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlarida ichki ishlar organlari tomonidan pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasiga oid holatlarni aniqlash, ularni olib qo‘yish va aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish vazifalari yuklangani bois, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 248-moddasiga ham qo‘shimcha kiritildi. Unga ko‘ra, pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasiga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma’muriy bayonnomalarni rasmiylashtirish vakolati Milliy gvardiya bo‘linmalari bilan bir qatorda, ichki ishlar organlariga ham berildi.
Bir so‘z bilan aytganda, qonun bilan pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasiga oid huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun profilaktik ta’sir choralari kuchaytirildi. Bunday holatlarga qarshi kurashish tizimi esa yanada mustahkamlandi. Bu esa aholining xavfsizligiga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 16.09.2024
- Ko'rishlar: 841
- Chop etish