Yangi tadqiqot natijalariga ko‘ra, kuchli El Nino hodisasi Perm davridagi mavjudotlarning qirilib ketishida hal qiluvchi rol o‘ynagan.
Bristol universiteti va Xitoy geologiya fanlari universiteti olimlari El Nino mega hodisasi bundan taxminan 252 million yil oldin Yerda eng yirik ommaviy qirilishga sabab bo‘lganini aniqladi. Tadqiqotchilar qadimgi izotoplarni o‘rganib, iqlim modellaridan foydalangan holda iqlim o‘zgarishlarining oqibatlarini qayta tikladi.
Yer tarixidagi eng yirik falokatlardan biri hisoblangan Perm davri qirilishi dengiz turlarining qariyb 95 foizini, quruqlikdagi turlarning 70 foizini yo‘q qilib yuborgan. Tadqiqotchilar bu hodisani keng ko‘lamli vulqon otilishlari bilan bog‘lab kelgan, ammo yangi tadqiqot natijalariga ko‘ra, halokat sababi El Nino hodisasining kuchayishi bo‘lib chiqdi.
Olimlar dengiz organizmlarining toshqoldiqlaridan olingan kislorod izotoplarini tahlil qilish orqali o‘sha davrdagi iqlim o‘zgarishlarini qayta tikladi. Ma’lum bo‘lishicha, butun sayyora bo‘ylab okean harorati ekstremal darajagacha ko‘tarilgan. Bu holat, vulkanizm bilan birgalikda, keskin iqlim o‘zgarishlariga, qurg‘oqchilik va toshqinlarga olib kelgan. Oqibatda tirik mavjudotlarning omon qolishi deyarli imkonsiz holga aylangan.
Okeanlardagi harorat Yer yuzida iqlim holatiga ta’sir qiladi. 2023 yilda o‘tkazilgan kuzatuvlarga ko‘ra, Atlantika va Tinch okeanlarida harorat kutilmagan tarzda ko‘tarilishni boshlagan. Va bu Yer yuzining ayrim hududlarida yomg‘irlarning keskin oshishiga yoki aksincha qurg‘oqchilik avj olishiga olib kelishi mumkin.
Tinch okeanining markaziy va sharqiy qismida suv yuzasining issiq yoki o‘rtachadan baland haroratda bo‘lishi El Nino hodisasi deb nomlanadi. Bu hududda sovuq havo oqimlari to‘planishi esa La Nino deyiladi. Iqlimshunoslar bu ikki jarayonni dunyo iqlimining “motori” deyishadi. Ya’ni ularga qarab fasllardagi haroratni taxmin qilish mumkin.
Kun.uz
- Qo'shildi: 17.09.2024
- Ko'rishlar: 916
- Chop etish