21 va 22 iyul kunlari dunyo miqyosidagi o‘rtacha haroratning balandligi tarixiy maksimumlarni qayd etdi. Bundan avvalgi rekord 2016 yilda kuzatilgandi.
Yevropa iqlim o‘zgarishi xizmati 22 iyul, dushanbani rekord darajadagi eng issiq kun deb atadi. U bir kun avval o‘rnatilgan rekordni yangiladi, deb xabar berdi AP.
Kuzatishlar shuni ko‘rsatdiki, 21 iyul kuni sayyorada o‘rtacha harorat Tselsiy bo‘yicha 17,09 darajani, 22 iyulda esa 17,15 darajani tashkil qildi. Avvalgi rekord 16,08 daraja 2016 yilda o‘rnatilgan edi.
Klimatologlarning ta’kidlashicha, antropogen iqlim o‘zgarishi tufayli Yer hozir 125 ming yil avvalgidek issiq. Haroratning ko‘tarilishi issiqxona gazlari chiqindilarining ko‘payishiga asoslangan bashoratlarga mos keladi.
Yevropada ob-havo ko‘rsatkichlarini muntazam qayd etish 1940 yilda boshlangan. Ammo olimlar avvalgi ma’lumotlar bilan ham ishlashi mumkin. AQSh va Buyuk Britaniyada 1880 yillardan boshlab tegishli tadqiqotlar olib borilgan. Tarixiy iqlim sharoitini daraxt halqalari va muz qavatlari orqali ham tiklash mumkin. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil so‘nggi 120 ming yildagi eng issiq yil bo‘lgan va 2024 yilning birinchi olti oyida ko‘rsatkichlar yana oshgan.
Olimlarning ta’kidlashicha, inson faoliyati iqlimga bevosita ta’sir qiladi. Bu omil bo‘lmaganida, harorat rekordlari so‘nggi yillardagidek tez-tez yangilanmas edi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 25.07.2024
- Ko'rishlar: 1308
- Chop etish