2020 yil 12 avgust kuni Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumi o'z ishini boshladi. Uning ochilishi BMT tomonidan Xalqaro yoshlar kuni deb e'lon qilingan muhim sanaga to'g'ri kelganida o'ziga xos ramziy ma'no bor.

"Yoshlar 2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusidagi ushbu xalqaro anjuman aynan yoshlar huquqlarini targ'ib qilishning dolzarb masalalariga bag'ishlangan. Shu bilan birga, koronavirus pandemiyasi tufayli Samarqand forumi ilk bor yoshlarga mos zamonaviy axborot texnologiyalarini qo'llagan holda, on-layn tarzda o'tkazilmoqda.

Tadbir tashkilotchilari: O'zbekiston Hukumati nomidan – Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, BMTning O'zbekistondagi jamoasi, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Fridrix Ebert fondi hisoblanadi.

Samarqand forumi ishida Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa Kengashi, Islom Hamkorlik Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil davlatlar hamdo'stligi, Afrika Ittifoqi tizimidagi yoshlar tuzilmalari rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, inson huquqlari bo'yicha xalqaro, mintaqaviy va milliy institutlar, jahon yoshlar tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, olimlar va ekspertlar ishtirok etmoqda.

Samarqand forumida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentlari, Yoshlar ishlari bo'yicha agentlik, shuningdek mamlakatimizning barcha hududlaridan 30 dan ziyod yoshlar tashkiloti  vakillari va o'quvchi-talabalar ham qatnashmoqda. Samarqand veb-forumi ishtirokchilarining jami soni 1000 nafardan ortiq kishini tashkil etmoqda.

Samarqand forumining rasmiy ochilish marosimiga O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov bilan BMTning Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash bo'yicha boshqarmasi (YUNODS) mintaqaviy vakili, BMT Doimiy vakili vazifasini bajaruvchi Ashita Mittal moderatorlik qildi.

Dastlab O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi ishtirokchilariga tabrigini O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboeva o'qib eshittirdi.

Davlatimiz rahbari Murojaatnomasida ta'kidlanganidek,"Shu yilning boshidan buyon COVID-19 pandemiyasi bilan bog'liq vaziyat global hayot kun tartibidagi markaziy masala bo'lib kelmoqda. Yangi koronavirusning tarqalishi butun dunyoda jiddiy iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarga olib keldi. Aholi, birinchi galda yoshlar ana shu tahdidlarga javoban davlatlar hamda xalqaro hamjamiyat tomonidan keng ko'lamli chora-tadbirlar ko'rilishini talab etadigan ko'plab muammolarga to'qnash keldi. Bunday sharoitda yoshlarning ovoziga quloq tutish juda muhimdir. Ularning dolzarb ehtiyojlarini ta'minlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan milliy, mintaqaviy va global strategiya va dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda bevosita ishtirok etishlari uchun yoshlarga imkoniyat yaratib berish zarur".

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumi ishtirokchilariga murojaatini BMTning Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash bo'yicha boshqarmasi (YUNODS) mintaqaviy vakili, BMT Doimiy vakili vazifasini bajaruvchi Ashita Mittal o'qib eshittirdi.

Samarqand forumi ishtirokchilarini boshqa nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari hamda yuqori darajadagi vakillari qutladilar. Xususan:

BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Mishel Bachelet;

YUNESKO Bosh direktori Odri Azule;

Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong;

YEXHT Parlament Assambleyasi prezidenti Georgiy Sereteli;

Osiyo Parlament Assambleyasi Bosh kotibi Muhammad Rizo Majidiy;

MDH Ijroiya qo'mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev;

SHHT Bosh kotibi Vladimir Norov;

YEXHT Bosh kotibi vazifasini bajaruvchi, Nizolarning oldini olish markazi direktori Tuula Yuryolya;

YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi direktorining birinchi o'rinbosari Katarjina Gardapxadze;

BMTTDning Yevropa va MDH bo'yicha direktori o'rinbosari  Aji Veres;

BMT Aholishunoslik fondi (YUNFPA) Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy vakolatxonasi direktori Alanna Armitaj;

Qonun orqali demokratiya uchun Yevropa komissiyasi (Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi)  prezidenti Janni Bukikkio;

BMT Bosh kotibining Yoshlar bo'yicha vakili Jayatma Vikramanayakening rasmiy videotabriklari taqdim etildi.

Samarqand forumining birinchi yalpi majlisida yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro standartlarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi. YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi elchi Jon MakGregor bilan O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari elchi Sherzod Asadov moderatorlik qilgan ushbu sessiyada dastlab yoshlar huquqlari sohasidagi mavjud halqaro-huquqiy vositalar va mexanizmlar ko'rib chiqildi.

Bugun dunyoda yoshlar aholining misli ko'rilmagan darajada ko'pchiligini, ya'ni 2 milliarddan ziyod qismini tashkil qilmoqda. Bu aksariyat mamlakatlarda, jumladan O'zbekistonda ham, aholining o'sib boradigan katta qismi yoshlardan iborat,  deganidir. Shu ma'noda, yoshlarning barcha huquqlarini, xususan, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, fuqarolik va siyosiy huquqlarni himoya qilish va amalga oshirishni ta'minlash uchun yanada ko'proq harakat qilish lozim.

Ammo, ushbu sohada majburiy mazmunga ega muayyan xalqaro hujjat haligacha qabul qilinmagan. Bu esa yoshlarga oid davlat siyosatining zamonaviy qonunchilik bazasini shakllantirishni murakkablashtirmoqda. Shu bilan birga, aholining yoshlar qismiga kimlar mansubligini aniqlash bo'yicha xalqaro mezonlarni ishlab chiqish zaruriyati mavjud.

Xalqaro anjuman ishtirokchilari 2017 yil 19 sentyabrda O'zbekiston tomoni BMTning 72-sessiyasida taklif qilgan xalqaro tashabbuslar doirasida ishlab chiqilgan Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konventsiya loyihasini muhokama qildilar. Mazkur Konventsiya - tom ma'nodagi yangi hujjat bo'lib, unda yoshlarning hozirgi zamonda dunyo miqyosida e'tirof etilishi zarur bo'lgan huquqlari o'z aksini topgan.

Eng asosiysi, Konventsiyada "yoshlar siyosati" tushunchasi mohiyatiga hayotning turli soha va tarmoqlari: davlat va xususiy sektor, shuningdek nodavlat tashkilotlarning yoshlarga qaratilgan faol faoliyatiga doir siyosat sifatida keng ma'no singdirilgan.

Samarqand forumining ikkinchi yalpi majlisida yoshlar huquqlari va barqaror rivojlanish maqsadlari diqqat markazida bo'ldi. Ushbu sessiyaga BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska bilan "YUKSALISH" umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov moderatorlik qildi.

Qizg'in munozaralar doirasida BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda yoshlarning roli qanday bo'lishi kerak, degan savolga javoblar izlandi. Shuningdek, yoshlar huquqlarini amalga oshirishda uchrayotgan asosiy muammolar atroflicha tahlil qilindi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech