Yuksak taraqqiyot silsilasi

Har bir kun – taraqqiyot saridir. Muhimi, ishonch va harakat. Va yana – istak. Hayot esa har birimizdan fidoyilikni, uygʻoqlik ruhini talab qiladi. Ayniqsa, bugungi shiddatli zamon, tahlikaga toʻla davr shuni taqozo etyapti.

Baʼzan kishi bir maromda yashashga koʻnikib qoladi. Nega shunday, buni tushunish qiyin. Ammo vaqti kelib, atrofda boʻlayotgan oʻzgarishlardan sergak tortasiz. Shunda fikr ummonidagi shavqdan vujudingiz yayraydi. Hayotga sarxil tafakkur uhdasi bilan qaray boshlaysiz.

Agar bu tasvirni butun bir jamiyat makoniga mengzab tasavvur etsak, masala butkul jiddiylashadi. Aytmoqchimizki, tarixiy fursatlarning qimmatini har doim ham anglab yetavermaymiz. Koʻpincha toʻkis hayot tarzi ruhiyatimizga, fitratimizga “achchiq uyqu” ufurganini sezmay qolamiz.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatning saylovdan keyingi birinchi majlislarida soʻzlagan uch kunlik nutqi shu kunlarda barchamizga joʻshqinlik ulashib, katta maqsadlar sari chorlab turibdi. Xalqimiz islohotlarga toʻla hayotiga navbatdagi yorqin orzu-umidlar nishonlarini qadamoqda.

«Oldimizdagi yillar yangi Oʻzbekistonimiz jadal rivojlanadigan, yanada yuksak taraqqiyot choʻqqilarini zabt etadigan davr boʻladi», demoqdamiz.

Uygʻoq ruhli, azmu shijoatga toʻla bu gap bizni bugungi islohotlarni nuktadon zehn shodasiga terish, yangi davr oʻzgarishlari mo-hiyatini teran ilgʻab olishga chorlab turibdi.

OʻQ TOMIRLAR JOʻSHQINLIGI

Insoniyat oʻz yelkasida doim tirikchilik qaygʻusini koʻtarib keladi. Bu soʻz kundalik feʼlimizga shu qadar singib ketganki, hatto uni oʻzaro munosabatlarimizga yengil koʻchira-miz: “Tirikchilik, doʻstim, tirikchilik”, deya kulib qoʻyamiz.

Ammo mohiyat-mazmuniga koʻra, butun hayotimiz, milliy davlatchilik prinsiplari, foniy dunyochilik tashvishi, umuman, insoniylik ongi zamirida ana shu qaygʻu doim birlamchi ahamiyat kasb etgan, hayot sahnasida lov-lov yonib turgan. Va bu hamisha oʻzni, oʻzlikni anglash tolesi bilan yonma-yon yashagan.

Bundan aytar muddao shuki, tirikchilik — zamon bilan hamnafaslik, degani. Oʻzlikni anglash esa — tanadagi nafsni muqaddas tushunchalar va insonga xos xa-rakterlar bilan qurshab borishdir. Shunda tabiatda buyuk muvozanat hodisasi paydo boʻladi. Aks holda, jaholatga yoʻl ochiladi.

Davlatimiz rahbari kechagi majlisda «Bizning ikkita oʻq tomirimiz, ikkita tayanch ustunimiz bor: biri — iqtisodiyot, biri — maʼnaviyatdir. Maʼnaviy buyuk xalq — iqtisodiy tomondan ham buyuk boʻladi», dedi.

Bundoq oʻylab qarasak, biz yuqorida hayot mohiyatini izohlashga urinayotgan bar-cha fikrlar ana shu ikkita gap zamirida oʻz quvvatiga ega ekanini tushunib yetish mumkin. Demak, muqoyasa qilsak, iqtisodiyot — tirikchilik, maʼnaviyat — oʻzlik ekan.

Bugun yuksalish yoʻlining murakkab chorrahasidan oʻtib, navbatdagi katta yoʻlga tushgan yangi Oʻzbekistonning ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-mafkuraviy, iqtisodiy hamda falsafiy evrilishlaridan taralayotgan ohanglar bizga, xalqimizga, umuman, keng dunyo jismiga yangi-yangi axborotlarni singdirmoqda.

Bular nimalarda namoyon boʻladi? Milliy taraqqiyotimizning avval hech kuzatilmagan mutlaqo yangi davri — oʻtgan sakkiz yil mobaynida biz nimalarga erishdik?

Ushbu savollarga biz, yuqorida aytganimiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy hafta avvalidagi uchta nutqidan javob topishga harakat qildik.

Bu haqda soʻz yuritishdan oldin, yana bir oʻrinli mulohaza yodga tushdi.

2016-yil yakunlanib borayotgandagi gap. Prezidentimiz butun xalqimiz uchun mutlaqo kutilmagan, oʻylab oʻyiga kelmagan katta islohotlarga tamal toshini qoʻygan vaqtlar edi. Yaqin-yiroq davlatlar nigohi Oʻzbekistonga qadalgan oʻsha chogʻlar koʻpchilik xalqaro tahlilchilar, siyosatshunos olimlar, mintaqashunos ekspertlar Shavkat Mirziyoyevga oʻta ogʻir siyosiy va iqtisodiy meros qolgani haqida fikrlar bildirgandi, mamlakatda boshlangan islohotlarga ishonchsizlik bilan qaraganlar ham kam emasdi.

Hozir buni dafʼatan eslaganimiz boisi shundaki, biz avval-boshdanoq marrani baland oldik. Oldimizga katta-katta maqsadlar qoʻydik, hayotimizni ulkan rejalar bilan qurishga kirishdik. Chunki oldimizda boshqa yoʻl yoʻq, shundoq ham uzoq vaqt boy berilgan yillar zahmatiga barham berish kerak edi.

Bugun biz erishgan natijalar bundan sakkiz yil oldingi koʻrsatkichlardan yer bilan osmoncha farq qiladi. Ozgina mubolagʻa bilan aytadigan boʻlsak, shu sakkiz yilda sakson yillik ishni uddalay oldik.

Biz iqtisodchi emasmiz, shu bois, raqamlar tilida gaplashishda qiynalamiz. Ammo baʼzi raqamlar oddiy odamlarni ham oʻylantirib qoʻyishi bor gap. Masalan, oʻtgan yillarda iqtisodiyotimiz 2 karra oʻsib, 100 milliard dollarlik tarixiy marradan oshdi, shu tariqa 2016-yilda mamlakati-mizda aholi jon boshiga daromad 1,5 ming dollar atrofida boʻlsa, hozir 3 ming dollarga yetishi kutilmoqda.

Bu butun mamlakat boʻylab yashash sifati ikki karra yaxshilandi, yurtdoshlarimiz hayoti, sakkiz yil oldingi davr bilan solishtirganda, ikki barobar farovonlashdi, degani.

Yoki yana bir misol keltiraylik.

Yaqinda Jahon banki tomonidan eʼlon qilingan maʼruzada Oʻzbekiston 2024-yilda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida yalpi ichki mahsulotning eng yuqori oʻsishi kuzatilayotgan uch davlatdan biri sifatida eʼtirof etildi.

Shunday boʻlishini hech xayolimizga keltirganmizmi? Menimcha, yoʻq.

Xoʻsh, dunyo iqtisodiyoti va mamlakatlar rivojida oʻziga xos oʻringa ega obroʻli xalqaro tashkilotning yurtimiz haqida bunday xulosaga kelishiga nima sabab boʻldi?

Aytish kerakki, bunga, avvalo, yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi islohotlar sabab. Chunki butun mazmun-mohiyati yuqoridan pastga, yaʼni xalq orasiga kirib borishga yoʻnaltirilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar xalqimiz hayotini tubdan oʻzgartirib yubordi. Aniq maqsadli chora va rejalar, muloqotlar orqali jamiyat hayoti chuqur tahlil qilindi. Sodda qilib aytganda, odamlar turmushining pastu balandi atroflicha oʻrganildi. Tahlil va oʻrganishlar amaliy harakatlarga koʻchdi.

Shularni oʻylab, bugungi hayotimizni oʻtgan davr bilan taqqoslab yaxshi yashashga zavqimiz yuz chandon oshadi-da, axir. Lekin bu hali biz uchun marra emas. Oldimizda juda katta imkoniyatlar, maqsadlar bor.

Hayotda turfa taqdirga ega odamlar boʻladi. Ular feʼliga yarasha yashaydi. Yaxshini, yaxshilikni gapirsang, yomonlikka yoʻyadiganlar ham topiladi. Ammo hozir bizning maqsadimiz boshqa: adolat nuqtayi nazaridan gapirish.

Shuning bilan boshqa mavzuga oʻtamiz.

Prezidentimiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida “Baʼzi xalqlar uchun bir kunni, bir daqiqani tinch va osoyishta oʻtkazish orzu-armonga aylanmoqda”, dedi.

Zamonni qoralama, derdi ota-bobolarimiz. Bu hikmatni endi-endi anglab yetyapmizki, zamonni quruvchi oʻzimiz ekanmiz. Bunda, yuqorida aytganimizdek, nafsni tarbiyalash, oʻzlik mohiyatini quvvatlantirish hayot-mamot masalasiga aylanib boraveradi.

Shukronalikda gap koʻp. Mana qarang, jonajon yurtimizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda. Kun sayin zamon bilan hamnafas, tabiat bilan uygʻun, kelishib yashash yoʻlidamiz.

Alloh bergan neʼmatlardan unumli foydalanishimiz kerak. Faqat tabiat qonunlariga qarshi chiqmagan holda. Buning tagida gap koʻp, falsafasi buyuk.

Prezidentimiz 2025-yilni mamlakatimizda «Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili», deb eʼlon qildi. Bu oʻz-oʻzidan, tasodifan bildirilgan taklif emas. Buning zamirida biz hozir aytayotgan fikrlarga qanchalik hamohanglik borligini keng mushohada qilib koʻrishimiz kerak boʻladi.

«Biz moʻtabar ona zotini qanday yuksak hurmat-ehtirom qilsak, oʻzimizni qurshab turgan tabiatga ham shunday munosabatda boʻlishimiz zarur. Zero, tabiatni asrash — insonni asrash demakdir», dedi davlatimiz rahbari.

“Ona — tabiat — inson” halqasi yorugʻ olamdagi tiriklik asosidir. Bu uch xilqatsiz dunyo oʻz maqomini yoʻqotadi, mohiyatan va shaklan oʻzga bir dunyo paydo boʻladi. Shu bois, tabiat va inson oʻrtasidagi muvozanat buzilmasligi tarafdorimiz.

Bugun biz ana shu yoʻlni tanlamoqdamiz. Keling, fikrimizni bir misol bilan izohlaylik.

Yangi Oʻzbekiston tashabbuskori — Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 7-noyabr kuni qishloq xoʻjaligida suv va energiya manbalaridan oqilona foydalanish hamda yoʻqotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida kanallarda yiliga 13 milliard kub metr (33 foiz) suv yoʻqotilayotganini aytgan edi.

Bunday sharoitda nima qilish kerak? Yechim aytildi: agar kanallar betonlansa, yoʻqotishlar sezilarli darajada kamayadi.

Albatta, bu oʻz-oʻzidan boʻlmaydi, betonlash ishlari kattagina mablagʻ soʻraydi. Shu mablagʻ oʻzini qoplaydimi? Qoplar ekan. Betonlangan kanallarda suv oqimi tezlashadi. Natijada ularda kichik GESlar qurish va bu orqali muqobil energiya ishlab chiqarish mumkin. Bu ichki imkoniyatdan unumli va oʻz oʻrnida foydalanish deyiladi.

Sezyapsizmi, bular mamlakatimizda aniq va puxta rejalar asosida izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini ochib beryapti. Bugungi va ertangi taraqqiyotimizga daxldor tasavvurlarimizni yanada boyityapti. Mohiyatni chuqur anglash esa islohotlar samaradorligiga ham yaxshi taʼsir koʻrsatadi.

Darvoqe, samaradorlik haqida. Davlatimiz rahbari kambagʻallik darajasiga tushib qolgan odamlarning ongini oʻzgartirish, ularda ertangi kunga ishonch va kelajakka intilish hissini uygʻotish haqida ham gapirdi. Ishni mahallabay tashkil qilib, 2025-yilda 1 million aholini kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha navbatdagi katta marra belgilab olindi.

Inson ongini oʻzgartirish oson ish emas. Ayniqsa, u tushkunlik girdobida boʻlsa. Ammo hamma ishni uddalasa boʻladi. Buni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ayrim saʼy-harakat samarasi misolida koʻrib chiqamiz.

Mamlakatimizda Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va Gʻijduvon tumanlarida amalga oshirilgan ishlarning ijobiy natijalari asosida “Kambagʻallikdan farovonlik sari” kompleks dasturi qabul qilinganiga hali koʻp boʻlgani yoʻq. Lekin eʼtibor qiling, dastur nomining oʻziyoq kishida ertangi fa-rovon kunlarga umid va koʻtarinki kayfiyat ulashadi.

Prezidentimiz tashabbusiga koʻra, endi-likda koʻp qirrali yondashuvlar asosida kambagʻallar aʼzolariga sifatli taʼlim berish, ularni kasbga oʻqitish, ish bilan taʼminlash, sogʻligʻini yaxshilash, psixologik yordam koʻrsatish boʻyicha koʻmak berish paketlari individual boʻladi. Bundan tashqari, ijtimoiy ahvoli ogʻir mahallalarda infratuzilma yaxshilanadi.

Oʻzingiz oʻylab koʻring, kambagʻal oila farzandlari sifatli taʼlim olsa, oliy maʼlumot, kasb-hunar egallasa, ertaga u butun boshli oilasini tushkun muhitdan olib chiqib ketishga qodir boʻladi.

Mahallalar infratuzilmasi yaxshilanishi esa, avvalo, oʻsha hududda istiqomat qilayotgan aholini doimiy va daromadli ish oʻrni bilan taʼminlash, deganidir.

Umuman olganda, bu kabi iqtisodiyot, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish borasidagi islohotlar koʻlami juda keng. Ular haqida soatlab gaplashish mumkin. Lekin shu narsani aniq va loʻnda aytish mumkinki, mamlakat taraqqiyotini, hayot tarozisi muvozanatini taʼminlovchi kuch bu — iqtisodiyot. Uning har tarmogʻidagi oʻzgarish barchamizning hayotimizda sezilyapti. Buni sezish uchun esa kishida tahlil qila olish qobiliyati boʻlishi kerak, xolos.

Oʻzbekistonning butun dunyoda nufuzi yuksalib borayotgani ham tahlilga arzirli yutuqdir. Bugun dunyo Oʻzbekistonni tashabbuskor davlat sifatida bilmoqda va tan olmoqda. Oʻtgan davrda bevosita Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari asosida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 11 ta rezolyutsiya qabul qilingani ham yangi Oʻzbekiston solnomasida tarixiy hodisadir.

Bu ham tasodif emas. Har bir eʼtirof oʻz asosiga ega. Boisi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev butun insoniyat taqdiriga daxldor tashabbuslarni ilgari suryapti. Bundan dunyo mamlakatlari, yer yuzi aholisi manfaatdor. Shu maʼnoda, bizning Prezident dunyoning qaysi mamlakatiga bormasin, qaysi bir xalqaro nufuzli tadbirda ishtirok etmasin, nafaqat oliy martabali shaxslar, taniqli davlat va siyosat arboblari, balki oʻsha mamlakat odamlari ham u kishini juda katta ehtirom va hurmat bilan kutib oladi.

QALBIMIZDA BIR BUTUN XALQ TUYGʻUSI BOR

Biz bugun “taʼsirlar” ogʻushidan chiqib ketdik. Oʻz yoʻlimizni topdik va shu yoʻlda dadil, azmu shijoat bilan ketib boryapmiz.

Agar kimdir chetdan kelib, Oʻzbekiston oʻtgan sakkiz yilda nimaga erishdi, deya savol bersa, javobimiz shudir: biz oʻtgan davrda hamjihatlikda, birgalikda harakat qilib, ulkan marralarni zabt etishga erishdik.

Buning asosi nima, deyishsa, yana aytamiz: maʼnaviy yuksalish hodisasi. Qalbimizda bir butun xalq tuygʻusi uygʻongani.

Bu qutlugʻ hodisa inson qalbini poklaydi. Yuragi toza odam vatanparvar boʻladi. Hozirgiday tahlikali davrda eng yaxshi himoya vositasi — vatanparvarlik ruhida kamol topgan yuksak salohiyatli kadrlardan iborat ahil jamiyatdir.

Mamlakatimizda yosh avlodni yurtga sadoqat, vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga katta eʼtibor berilayotgani bejiz emas. Hozir xalqaro maydonda milliy egoizm avj oldi. Insoniy fikratga zid boʻlgan yot gʻoyalar, mafkuraviy kurashlarning turi ham, usullari ham koʻpaydi.

Bunday vaqtda aholisining katta qismi yoshlardan iborat boʻlgan mamlakatlar hal qiluvchi kuchga ega boʻladi. Negaki, ular yoshlarga toʻgʻri va sifatli taʼlim-tarbiya berish orqali bebaho boylik — inson kapitaliga ega boʻladi.

Yangi Oʻzbekistonda inson kapitalini yuksaltirish uchun qator ishlar amalga oshirilmoqda. Islohotlar avvalida odamlarni rozi qilishga jiddiy eʼtibor qaratildi. Barcha darajadagi masʼul rahbarlar xalqning xizmatchisiman, degan masʼuliyat bilan faoliyat yuritishni boshladi.

Keyingi yillardagi islohotlar sabab mavjud masalalar mahallaning oʻzida yechim topa boshladi. Shu tariqa birlamchi, maishiy masalalardan bir pogʻona yuqoriga koʻtarildik.

Buni bejiz taʼkidlayotganimiz yoʻq, maishiy masalalar bilan band insonlarda ulkan orzular boʻlmaydi. Xalqni ulugʻ maqsadlarga boshlay olish, ertangi kunga boʻlgan mustahkam ishonchga bogʻliq. Ana shunday ishonch bilan mustahkamlangan jamiyatda birdamlik, vatanparvarlik ruhi jadal shakllana boradi. Bu buyuk hodisani xalqimiz bugun bevosita Prezident Shavkat Mirziyoyev fenomeni bilan ulugʻlaydi.

Iqtisod va maʼnaviyat ikkita ustun ekani bejiz aytilmadi. Hayot haqiqati shuki, bu ustunlar yurt ravnaqi, xalq manfaati uchun xizmat qiladi. Goʻyoki qush qanotlari parvoz ishonchli va bardavom boʻlishini taʼminlaganidek, bu qoʻsh ustun ham bir-biridan quvvat oladi.

Tarix guvoh, iqtisodiy jihatdan yuksalgan, ammo axloqsizlik, maʼnaviy tanazzulga yuz tutgan imperiyalar qisqa vaqtda parokanda boʻlgan. Bunday holatlarni yuksak tafakkur bilan tahlil etgan qadimgi donishmandlardan biri Pomponiy «Ayrimlar shu qadar zulmatga botganlarki, yorugʻlikdagi hamma narsani noaniq koʻradilar», deydi.

Yorugʻlikdagi narsalarni noaniq koʻrish — ertangi kunga boʻlgan ishonchning yoʻqolishidir. Ishonch yoʻqolgan joyda fitnalar avj oladi. Maqol ohangi bilan aytganda, yetsang koʻrolmaslar, yetmasang berolmaslar koʻpayadi.

Yutuqlarimiz sababi dastlabki kunlardan xalqimiz ongida oʻsha ishonchni amaliy ishlar orqali oqlay olganimizda boʻldi. Endi bu ishlarni yangi davrga mos tarzda davom ettirmoqchimiz. Zero, yoshlar, umuman, butun jamiyatda yurt uchun bor quvvatini sarf etishga tayyor boʻlish ana shu ishonchga bogʻliq.

Buning uchun, avvalo, iqtisodiy masalalarni hal etishga jiddiy eʼtibor berildi. Masalan, oilaviy tadbirkorlik, hunar oʻrganish uchun juda katta imtiyozlar, imkoniyatlar yaratildi. Hatto ikkita ish oʻrni yaratgan tadbirkor davlat rahbari eʼtiboridagi shaxs boʻlishi bot-bot takrorlandi.

Tarixda ilk bor yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda Oʻzbekiston ijtimoiy davlat ekani belgilandi. Shu bilan bir qatorda taʼlim olishga keng imkoniyatlar yaratildi. Yoshlar, ayniqsa, xotin-qizlarning oliy maʼlumot olishi uchun imtiyozlar, qabul kvotalari oshirildi.

Faktlarga murojaat qilsak, oʻtgan davrda 25 mingdan ziyod xususiy bogʻcha, 70 ga yaqin nodavlat oliygoh tashkil etildi. Natijada bolalarni maktabgacha taʼlimga qamrab olish 74 foizdan, yoshlarning oliy taʼlimga jalb qilish ulushi 39 foizdan oshdi. Qisqa vaqtda bunday katta koʻrsatkichga erishish oʻz-oʻzidan boʻlgani yoʻq, albatta.

Birgina nodavlat MTT faoliyat koʻrsatishni boshlagan paytdan boshlab 10-yil muddatga barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalardan ozod qilindi. Bundan tashqari, ular DXSH toʻgʻrisida bitim tuzilgan kundan boshlab 2-yil muddatga — tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha olib kelinadigan asbob-uskunalar, inventar, oʻquv qoʻllanmalari va oʻyin zonalari uchun bojxona toʻlovlarini ham toʻlamaydi. Agar hisob-kitob qilinsa, bular juda katta miqdordagi mablagʻga aylanadi.

Bu birgina xususiy bogʻchalar uchun berilgan imtiyozlardan ikkitasi, xolos. Sanoqni, oʻqituvchilarning maoshini oshirish, minglab taʼlim dargohlarining taʼmirlanishi, ilmiy daraja olishdagi imtiyoz va imkoniyatlar kengayishi kabi jihatlar bilan uzoq davom ettirish mumkin.

Yana bir muhim jihat, navqiron avlod kitobxonligi uchun yuksak mukofot bilan taqdirlanadigan boʻldi. “Yosh kitobxon”, “Kitobxon oila” tanlovlari mutolaa madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz haqli ravishda kitobxonlikning eng faol targʻibotchisi, deya eʼtirof etildi. Demoqchimizki, islohotlarning dastlabki davridayoq barcha jabhalarda uzoq istiqbolga moʻljallangan aniq rejalar belgilab olingan edi. Bu oʻzgarishlar orqali Uchinchi Renessans poydevorini yaratyapmiz. Buning uchun yuqorida aytilganiday, juda koʻp asoslar yaratildi.

Zamon tezkor, davr bilan hamnafas boʻlish oson emas. Shunday vaqtda boshlangan islohotlarni jadal davom ettirish, muhimi, ularning samaradorligini oshirish zarur. Buning uchun bugunimizga munosib tarzdagi islohotlarning yangi davrini boshlash ehtiyoji bor edi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning nutqida ilgari surilgan tashabbuslar tom maʼnoda islohotlarning yangi davrini boshlab berdi.

Eʼtiborlisi, yangi Oʻzbekistonda Uchinchi Renessansni yaratish uchun hech narsani ayamasdan, bor kuch va imkoniyatlar safarbar etilishi koʻzlanmoqda. Buning uchun, avvalo, yoshlarimiz ongu tafakkurida milliy gʻurur bilan birga umumbashariy qadriyatlarga hurmat hissini kamol toptirish zarur. Maqsadlar amaliy qiyofa kasb etishi uchun esa yoshlarga oid davlat siyosati takomillashtiriladi.

«Bugun faqat mana shunday ilgʻor yosh-larga, mana shunday jonkuyar ziyolilarga, Vatan ravnaqi yoʻlida birlashgan xalqqa ega boʻlgan davlatgina oʻz milliy man-faatlarini taʼminlashga erisha oladi», dedi davlatimiz rahbari.

Yangi Oʻzbekistondagi iqtisodiy yuksalishni maʼnaviy qudrat bilan boyitishga qaratilgan islohotlardan shunday yoshlarni kamol toptirish, jonkuyar ziyolilarni oldingi safga chiqarish koʻzlangan. Buning uchun koʻpmillatli xalqimiz yagona Vatan, ahil oila boʻlib olgʻa intilmogʻi lozim. Bugun xalqaro maydonda va ichki siyosatimizda ilgari surilayotgan tashabbuslar, olib borilayotgan islohotlar qalbimizda bir butun xalq boʻlish tuygʻusi-ni uygʻotishga qaratilgani bilan ham aha-miyatli.

Zero, yuksak maʼnaviyatli jamiyatda odamlar qonunlarga ogʻishmay rioya qiladi. Natijada turli qonunbuzarliklar kamayadi. Halol mehnat qiladiganlar safi kengayadi. Bu barqaror iqtisodiyotni taʼminlaydi. Qolaversa, har bir insonning ishga, mehnat qilishga boʻlgan munosabati maʼnaviy dunyoqarashiga bogʻliq. Maʼnaviyatli insonlar oʻz ishini masʼuliyat bilan bajaradi, bu esa umumiy ishlab chiqarishni oshiradi. Ayni paytda bunday insonlar bilim olishga, yangi texnologiyalar yaratishga va zamon bilan hamqadam boʻlishga intiladi. Bunday sifat-lar oʻz-oʻzidan jamiyatda inson qadrini oshi-radi. Hamjihatlikni mustahkamlab, iqtiso-diy oʻsishning izchilligini taʼminlaydi.

Buning uchun qonuniy asoslarni mustahkamlab oldik. Mamlakatimizda yangilangan Konstitutsiyamizga muvofiq ilk bor parlament saylovini aralash saylov tizimida oʻtkazdik. Koʻplab davlatlarda bunday islohotlarni oʻtkazish uchun oʻn yillar kerak boʻladi. Ammo bizdagi shiddat, yangilangan jamiyatimiz va xalqimizning oʻz taqdiriga ishonch ruhi bu yoʻlda bizga katta kuch, zoʻr motivatsiya berdi, deyishimizga bugun toʻlaqonli haqlimiz.

Yana bir gap, bugun biz har bir yutuqqa erishishda buyuk xalqimizga tayanamiz. Buyuk xalqning iqtisodiyoti ham buyuk boʻladi. Bir yoqadan bosh chiqarib, barchamiz birlashib harakat qilishimiz kerak. Bunday tarixiy imkoniyatlar ilgari hammamizga orzu edi. Bugun esa bu orzularni amalga oshirish imkoniyatlari yuzaga keldi. Mana shu qutlugʻ yoʻl har bir yurtdoshimiz koʻksida navbatdagi yorqin orzu-umidlar nishoni boʻlib porlagay.

Salim DONIYOROV

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech