Shu yil 12-13 noyabr kunlari Shveytsariya poytaxti – Jeneva shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qiynoqlarga qarshi qo'mitasining 68-sessiyasi bo'lib o'tdi. Sessiya ishida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etdi.
BMT Qiynoqlarga qarshi qo'mitasi sessiyasi ishtirokchilariga BMTning Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konventsiyasini bajarish bo'yicha O'zbekistonning Beshinchi ma'ruzasi taqdim etildi. BMT Qiynoqlarga qarshi qo'mitasi sessiyasida O'zbekiston delegatsiyasi rahbari kirish nutqi so'zladi.
BMT Qiynoqlarga qarshi qo'mitasining sessiyasida bu borada O'zbekiston delegatsiyasi va Qo'mita a'zolari o'rtasida jonli hamda qizg'in interfaol muloqot bo'lib o'tdi. Muzokaralar davomida, ayniqsa, F.Gaer, D.Rodrigez-Pinzon, Y.Modvig, E.Bel`mir, A.Xani, A.Rachu va B.Tuzmuxamedov tomonidan ijobiy va xolis sharhlar hamda tanqidiy va aniqlashtiruvchi savollar berildi.
Afsuski, ushbu ishchan muloqot jarayonlari “Bi-bi-si” o'zbek xizmatining “bbc.com” veb-saytida 13 noyabr kuni e'lon qilingan “O'zbekiston: Qiynoqlar shikoyatlari 1000 dan oshgan, lekin nega bu yil faqat 1 kishi jazolandi?” nomli maqolasida biryoqlama yoritilgan.
Birinchidan, maqolada “Saidov chiqishi ortidan so'z olgan Qiynoqqa qarshi qo'mita raisi o'rinbosari Felis Gaer O'zbekiston hukumati tayyorlagan hisobotlardan qoniqmaganini bildirdi”, degan xulosa chiqarilgan.
Aslida, F.Gaer xonim “Bugungi O'zbekiston oldingisidan mutlaqo farq qiladi. Joriy sessiyada o'zbek nohukumat tashkilotlari vakillari qatnashdi, ilgari buni tasavvur ham etib bo'lmasdi”, deb e'tirof etdi. Shuningdek, u O'zbekiston Hukumatining ikki nafar BMT maxsus ma'ruzachisini qabul qilishga doir qarorini va O'zbekiston tomoni ularning takroriy tashrifiga tayyorligini ijobiy baholadi.
Ikkinchidan, “bbc.com” veb-sayti “Gaerning aytishicha, ayni damda qiynoqlar bo'yicha yuqori darajali yangi holatlar bo'yicha ham o'zbek tomonidan javob olinmadi”, deyilgan axborotni tarqatgan.
Vaholanki, O'zbekiston delegatsiyasiga Konventsiya qoidalariga oid 150 tadan ortiq savol berildi va O'zbekiston tomoni yakuniy majlisda ana shu ko'psonli savollarning barchasiga batafsil javoblar taqdim etdi. Bundan tashqari sessiya Kotibiyatiga Qo'mita a'zolarining bir qancha qo'shimcha savollari yuzasidan yozma javoblar yetkazildi.
Uchinchidan, maqolada “Rais muovini Essadiya Belmir o'z chiqishida aytishicha, O'zbekistonda sud tizimi islohotiga kirishilgan bo'lsa ham, u hali ham "Sovet merosi" ostida qolmoqda. Unga ko'ra, o'zbek sud tizimi mustaqil emas”, deyilgan.
O'zbekiston tomoni mamlakat sud tizimida "sovet merosi"ning ayrim salbiy jihatlari saqlanib qolayotganini inkor etmaydi. Prezident Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan keyingi 3 yildan buyon sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlar ana shu salbiy ta'sirga to'la barham berib, O'zbekiston sud tizimini tom ma'nodagi mustaqil, xolis va odil sudlov tizimiga aylantirishga qaratilgan.
Bu haqda O'zbekiston delegatsiyasi BMT Qiynoqlarga qarshi qo'mitasining sessiyasida ham so'z bordi. Xususan, O'zbekistonning sud-huquq tizmini isloh etish borasidagi sezilarli sa'y-harakatlari ham alohida ta'kidlandi. Ozodlikdan mahrum qilish muassasalaridagi mahkumlar soni keskin qisqargani sud-huquq islohotlarining aniq va real natijalaridan biri sifatida qayd etildi. O'zbekistonning “Jasliq” koloniyasini yopish haqidagi qaroriga katta e'tibor berildi.
Jenevadagi sessiyada, shuningdek, BMT Inson huquqlari kengashining sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayanning 2019 yil 19-25 sentyabr` kunlari O'zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yuqori baholandi. D. Garsiya-Sayan ushbu tashrifi yakunida: “O'zbekistonda sud-huquq sohasidagi islohotlar, xususan, ularning shaffofligi va ochiqligini ta'minlash, aholining huquqiy savodxonligini oshirish borasida sa'y-harakatlar e'tirofga loyiqdir” deya ta'kidlagan.
Mazkur veb-sayt ijodkorlarini o'zlarining “BBC Uzbek ( Bi-bi-si O'zbek xizmati) O'zbekiston, mintaqa va jahon yangiliklari uchun xolis hamda ishonchli manbadir” degan shioriga amal qilishga chaqiramiz.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 16.11.2019
- Ko'rishlar: 5019
- Chop etish