O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to'qqizinchi yalpi majlisi 2020 yil 20 noyabr` kuni boshlanadi. Videokonferentsaloqa tarzida o'tkaziladigan yalpi majlisda bir qator masalalar ko'rib chiqilishi rejalashtirilgan.
Oliy Majlisi Senatining 2020 yil 21 oktyabr` kuni bshlib shtgan sakkizinchi yalpi majlisida 17 ta masala, shu jumladan, 4 ta qonun muhokama qilingandi. Shu jumladan, Senat a'zolari tomonidan yo'l harakati xavfsizligini ta'minlash va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so'rovi natijalari ko'rib chiqildi.
Ta'kidlanganidek, Bosh vazir tomonidan 2020 yil 25 avgustda taqdim etilgan javobga ko'ra, parlament so'rovida ko'tarilgan masalalar mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birga atroflicha o'rganilib, Vazirlar Mahkamasining Rayosatida ko'rib chiqilgan.
Parlament so'rovida ko'tarilgan bir qator masalalar bo'yicha Vazirlar Mahkamasi tomonidan amaliy chora-tadbirlar dasturi qabul qilingan. Unda jumladan, qoidabuzarliklarni avtomatik aniqlaydigan foto va videomoslamalar, shuningdek, onlayn rejimida ishlovchi qo'shimcha fotoradarlar o'rnatish belgilagan.
Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirligining yo'l harakati xavfsizligini ta'minlash bo'yicha keng ko'lamli va asosiy vazifalarini amalga oshiruvchi Davlat yo'l harakati xavfsizligi xizmatining yo'l harakatini tashkil etishni nazorat qilish bo'limi va bo'linmalari shtat birliklarining yetishmasligini bartaraf etish bo'yicha tadbirlar o'tkazilishi nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, umumta'lim maktablarida Yo'l harakati qoidalari va harakat xavfsizligi asoslarini o'rgatish, xalq ta'limi xodimlarining o'quvchilarga Yo'l harakati qoidalarini o'rgatish bo'yicha malakasini oshirish ham rejalashtirilgan.
Majlisda senatorlar tomonidan parlament so'rovida ko'tarilgan ba'zi masalalarning yechimiga e'tibor qaratilmagani ta'kidlandi.
Xususan, O'zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil` yo'llari qo'mitasi tomonidan 2019 yilda tasdiqlangan yo'l harakati xavfsizligi standartlari yuzaki ishlab chiqilgan.
Ushbu standartlardagi yo'l belgilarining tartib raqamlari ham to'g'ri belgilanmaganligi, bu esa yo'l harakatining asosiy va ustuvor qoidalaridan hisoblanishi ta'kidlab o'tildi.
Ya'ni mazkur standartlar boshqa davlatlarning standartlaridan to'g'ridan-to'g'ri ko'chirib olingan. Oqibatda boshqa davlatlarning amaldagi yo'l harakati qoidalaridagi mavjud yo'l belgilari ushbu standartlarning ilovalariga ham kiritilgan. Vaholanki, mazkur yo'l belgilari O'zbekiston Respublikasi Yo'l harakati qoidalarida mavjud emas.
Shuningdek, Davlat yo'l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan harakat xavfsizligini ta'minlash, yo'l-transport hodisalarining oldini olish, harakat ishtirokchilariga qulayliklar yaratish yuzasidan mahalliy hokimliklar hamda tegishli tashkilot va idoralarga 2017–2020 yillar davomida jami 6 709 ta taqdimnoma kiritilgan bo'lsa-da, ularning 3 173 tasi yoki 45 foizi belgilangan muddatlarda ko'rib chiqilmagan.
Bundan tashqari, mutaxassislar tomonidan yo'l-transport hodisalarining kelib chiqishiga sabab bo'layotgan avtomobil` yo'llarini zarur darajada ta'mirlashga e'tibor qaratilmagani oqibatida 2019 yilda va 2020 yilning 8 oyi davomida 532 ta yo'l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 511 nafar fuqaro jarohatlangan va 191 nafar fuqaro halok bo'lgan.
Bu kabi kamchiliklar Davlat yo'l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan kiritilayotgan taqdimnomalar ijrosini ta'minlamagan mutasaddilarga nisbatan ta'sirchan choralar ko'rishni taqozo etmoqda.
Shu jihatdan Senat a'zolari aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli qaror qabul qildi.
Bunda:
- O'zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo'llari qo'mitasi tomonidan 2019 yilda tasdiqlangan yo'l harakati xavfsizligiga oid normativ-huquqiy hujjatlar va standartlarni 2021 yil 15 yanvarga qadar takomillashtirish;
- Avtomobil` yo'llarining nosozligi oqibatida sodir bo'layotgan yo'l-transport hodisalarining oldini olish bo'yicha bir oy muddatda aniq chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish;
- Davlat yo'l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan mutasaddi idoralar rahbarlariga kiritilayotgan taqdimnomalar ijrosini ta'minlashda sustkashlikka yo'l qo'ygan mutasaddi xodimlarning mas'uliyatini oshirish yuzasidan zarur choralarni ko'rish;
- O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar ijrosining borishi to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda Ichki ishlar vazirligi tomonidan mutasaddi idoralar rahbarlariga kiritilayotgan taqdimnomalar ijrosi yuzasidan har chorak yakuni bo'yicha taqdim etilgan ma'lumotlarni qo'mitada tahlil qilib, chora-tadbirlar dasturi hamda kiritilayotgan taqdimnomalar ijrosini o'z vaqtida bajarmagan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarini Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasi majlisiga taklif qilib, muhokama qilib borish belgilandi.
Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Shu ma'noda, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimi Nonna Safarovaning "Pravda Vostoka" gazetasining 2020 yil 14 noyabr` sonida e'lon qilingan "Yo'llardagi xavfsizlik uchun barchamiz mas'ulmiz" ("Bezopasnost` na dorogax - nasha obshaya zabota") sarlavhali maqolasi dolzarbligi bilan muhim ahamiyatga ega.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 17.11.2020
- Ko'rishlar: 3998
- Chop etish