Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT)da viloyatdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari orasidan tanlov asosida saralangan o‘quvchilar uchun Koreyadagi o‘rta maktab (Gimcheon High School) ga tayyorgarlik kurslari boshlandi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida yurtimiz yoshlarini talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitish orqali kambag‘allik darajasini 2 barobar kamaytirish belgilangan. Bu maqsadga erishish uchun mamlakatimizdagi maktablarning iqtidorli o‘quvchilarini dunyodagi nufuzli maktablarda o‘qitish belgilangan.
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti mazkur ijtimoiy loyihani amalga oshirish uchun Koreyaning Gimcheon o‘rta maktabi bilan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolagan. Unga ko‘ra, SIUT tomonidan Samarqand viloyatidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari orasidan tanlov asosida saralangan o‘quvchilar Gimcheon o‘rta maktabida o‘qiydi.
Yaqinda SIUT tarkibidagi Koreya texnologiya va madaniyati instituti (KITC), Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda “Temir daftar”da ro‘yxatda turgan oilalarning 31 nafar farzandi o‘rtasida zehn test sinovi o‘tkazildi. Ushbu bosqichdan o‘tgan 7 nafar iste’dodli o‘quvchi ikkinchi bosqichda intervyu asosida yana bir bor sinovdan o‘tdi va ularning 5 nafari Koreyaga o‘qishga tavsiya etildi.
– Viloyatning Ishtixon, Oqdaryo, Kattaqo‘rg‘on va Urgut tumanlarida yashovchi bu besh nafar o‘quvchi endi SIUT Vasiylik kengashi raisi Baxtiyor Fazilovning maxsus granti asosida 6 oy mobaynida, ya’ni shu yilning dekabriga qadar universitetimiz professor-o‘qituvchilari tomonidan boshlang‘ich koreys tili, matematika va ingliz tili fanlaridan maxsus kurslarda o‘qiydi – deydi Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori, professor Yusuf Abdullayev. – O‘quv kursi davomida o‘quvchilar turar joy va uch mahal issiq ovqat bilan ta’minlanadi. So‘ngra ular Gimcheon o‘rta maktabiga o‘qishga yuboriladi. O‘quvchilarga uch yil davomida Gimcheon o‘rta maktabida stipendiya beriladi, o‘qishi, turar joyi, Koreyaga borish chiptasi, darsliklar bilan ta’minlanishi kafolatlanadi. Maktabni bitirganlaridan so‘ng o‘quvchilar nufuzli universitetlarda o‘qish huquqiga ega bo‘lishadi. Jumladan, bizning universitetga imtihonsiz qabul qilinadi. Yaqinda Koreya Respublikasiga safarimiz davomida ushbu maktabda ham bo‘lib, u yerdagi o‘qish jarayonlari bilan tanishdik, rahbarlar bilan uchrashib, o‘zaro fikr almashdik.
Samarqand xalqaro texnologiya universitetida Gimcheon o‘rta maktabiga tayyorgarlik o‘quv kursi boshlanishi munosabati bilan tanlovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilarning ota-onalari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
– Nabiram Shohimardon Koreya maktabida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lganidan butun oilamiz xursandmiz, – deydi Urgut tumani Beshkapa mahallasida yashovchi Sharof Qurbonov. – Bu imkoniyatni yaratib bergan Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rahbariyatiga minnatdorlik bildiramiz. Bugun universitetga kelib, nabiralarimizga yaratilgan sharoit bilan tanishdik, professor-o‘qituvchilar bilan suhbatlashdik. Hammasi juda yaxshi tashkil etilgan. Nasib etsa, bu yigitlar Koreyada yaxshi o‘qib, yurtimiz ravnaqiga xizmat qiladigan mutaxassis bo‘lishadi.
– Bizga qo‘ng‘iroq qilib tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tganimni aytishgani hayotimdagi tarixiy kun bo‘ldi, – deydi Oqdaryo tumani Temirak mahallasida yashovchi Ozodbek Yo‘ldoshev. – Hozir beshovlon Koreyaga ketish oldidan universitetda boshlang‘ich kurslarda o‘qiyapmiz. Ta’lim olishimiz uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berildi. Darslarimiz ham a’lo darajada tashkil etilmoqda. Bizdan yagona talab – faqat yaxshi o‘qib Gimcheonda ham yorug‘ yuz bilan o‘qishni davom ettirishdir.
G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 05.07.2024
- Ko'rishlar: 1433
- Chop etish