AQSHda har yili 4 iyul sanasi mustaqillik kuni sifatida keng nishonlanadi. Ma’lumki, 1776 yil 4 iyul kuni mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilinib, Amerika Qo‘shma Shtatlari tashkil etilgan. Bugun ushbu voqeaga 248 yil bo‘ldi.
O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992 yilda o‘rnatilgan. So‘nggi yillarda o‘zaro aloqalar strategik sheriklikning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Ikki tomonlama savdo, oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot, qishloq xo‘jaligi va energetika sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatlarimiz hamkorligini mustahkamlashda mamlakat rahbarlari, qolaversa, elchilar muhim rol o‘ynaydi. 2022 yil oxirida AQSHning O‘zbekistondagi elchisi etib tayinlangan Jonatan Xenik ham qisqa muddatda ayni jarayonning faol ishtirokchilaridan biriga aylandi.
E’tiborli jihati elchi Xenik, xalq vakillari, ayniqsa OAV xodimlari bilan tez-tez, samimiy muloqot qilib turadi. Jurnalistlar bilan uchrashuvlarda u har doim muloqotga tayyorligi, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarga e’tiborliligini namoyon etadi, muayyan jarayonga nisbatan munosabati, qarashini bildiradi.
Anglaganingizdek, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAning “Diplomatik rakurs” loyihasi orqali bu gal AQSHning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Xenik bilan suhbatlashamiz.
– Elchi janoblari, O‘zbekistonda so‘z erkinligini ta’minlash borasidagi islohotlar haqida qanday fikrdasiz? AQSH bilan hamkorlikda OAV xodimlari malakasini oshirish bo‘yicha qanday loyihalar amalga oshirish mumkin, deb o‘ylaysiz?
– 2016 yildan buyon O‘zbekiston media makonida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Prezident Mirziyoyev ta’kidlaganidek, davlatning xalqqa xizmat qilishini ta’minlash, amaldorlar mas’uliyati va javobgarligini oshirishga qaratilgan har qachongidan ham samarali, shaffof mexanizm yo‘lga qo‘yilmoqda. Shu bilan birga ommaviy axborot vositalariga oid qonunlarni takomillashtirish, jurnalistlarning, ayniqsa, nozik siyosiy masalalarda dadil fikr bildirishiga erishish uchun hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar bor.
Hukumatingiz jurnalist va blogerlar uchun yanada yaxshi sharoit yaratishda davom etadi, degan umiddaman. Biz esa qo‘shma seminarlar o‘tkazish maqsadida amerikalik media ekspertlarini yurtingizga olib kelishda davom etamiz. Shuningdek, ilg‘or tajribani o‘rganish va almashish uchun O‘zbekistondan jurnalist va blogerlarni AQSHga yuborish loyihalarini ham amalga oshiramiz.
Mening bu serquyosh zaminga ilk safarim o‘tgan asrning 90-yillari boshiga to‘g‘ri kelgan. O‘shanda tarixiy Samarqand va yana bir necha go‘zal shaharlarni ziyorat qilgandim. Endi esa elchi sifatida O‘zbekistonda o‘zimni uyimdagidek his qilyapman.
E’tirof etish kerak, keyingi yillarda mamlakat tubdan o‘zgardi. Masalan, biz uchun quvonarlisi, ingliz tilini o‘rganayotgan, tilimizda so‘zlashayotganlar soni keskin ko‘paygan. Iqtisodiyot o‘sishda davom etar ekan, ingliz tili yoshlar uchun muhim ko‘nikma bo‘lib qolaveradi. Elchixonamiz butun mamlakat bo‘ylab ingliz tilini o‘qitishni kengaytirish borasidagi ishlarni qo‘llaydi. Bir jihatga alohida urg‘u berish mumkin. Yurtingizda yillar o‘tsa-da, o‘zgarmaydigan qadriyatlar bor. Bu – o‘zbek xalqining mehribonligi, mehmondo‘stligi. Qayerga bormay, meni o‘zaro munosabatni mustahkamlashga intilayotgan samimiy, ko‘ngli ochiq odamlar kutib oladi. Bundan juda xursand bo‘laman.
– O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida qanday fikrdasiz? Sizningcha, qaysi sohalar e’tibordan chetda qolmoqda?
– Oxirgi bir necha oy ichida O‘zbekistonga AQSH hukumatidan bir necha yuqori darajali mehmon keldi. Ularning hammasi iqtisodiy imkoniyatni kengaytirish, inson huquqini ilgari surish va qonun ustuvorligini mustahkamlash borasidagi islohotlar dasturi to‘liq amalga oshirilayotganini e’tirof etdi. Bu jarayon xalqning farovonligi, inklyuziv kelajagini ro‘yobga chiqarishda muhim omildir.
Tabiiyki, biror qonunni qabul qilish oson kechishi mumkin. Binobarin, xatti-harakatni o‘zgartirish, yangi qonunni amaliyotda qo‘llash oson bo‘lmaydi. Masalan, so‘nggi iqtisodiy islohotlar sarmoyaviy muhitni sezilarli darajada yaxshiladi. Natijada AQSH biznesining mamlakatga qiziqishi ortdi. Bu islohotlar e’tiborni tortayotgani belgisidir. Hali oldinda ish ko‘p. Keyingi islohotlar O‘zbekistonga yanada ko‘proq sarmoya, texnik tajriba olib keladi.
– O‘zbekiston va AQSH munosabatlarida avvalgi davrga nisbatan qanday o‘zgarish yuz berdi?
– O‘zbekiston va AQSH hamkorligi hozir har qachongidan mustahkam. Bu jarayonda har kuni yangi natijaga guvoh bo‘lyapmiz. Xavfsizlikni ta’minlash, iqtisodiyotni rivojlantirish, ta’lim sohasini rivojlantirishda dadil qadamlar tashlanyapti. Ikki tomonlama kun tartibining barcha jabhalarida o‘sish namoyon. Toshkent va Vashington kelgusida ham o‘zaro manfaatni ilgari surish va yangi imkoniyatlar yaratish yo‘lida hamjihatlik bilan ish olib borishga intilmoqda.
– Sheriklikda amalga oshirilayotgan ishlar, samara berayotgan loyihalar haqida gapirib bersangiz?
– O‘tgan 32 yil mobaynida AQSH va O‘zbekiston birgalikda sezilarli muvaffaqiyatga erishdi. Ko‘plab umumiy loyiha va tashabbuslar ilgari surildi. Prezident Mirziyoyev boshchiligidagi islohotlar dasturi amalga oshirilishini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Ushbu qadamlar inson huquqini, qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan. O‘zbekiston yoshlari uchun imkoniyat har tomonlama kengaytirilmoqda, XXI asr muammolariga yechim topish uchun zarur ko‘nikma va texnik tajribaga ega zamonaviy ishchi kuchi salohiyati yuzaga chiqmoqda. Biz ushbu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlayotganimizdan faxrlanamiz.
– Sir emas, so‘nggi yillarda o‘zbekistonlik yoshlar orasida AQSHga borib o‘qish istagi keskin kuchaygan. Shundan kelib chiqib, ta’lim sohasidagi hamkorlik mavzusiga to‘xtalsak...
– Talabalarimiz yonma-yon o‘qishi har ikki davlatda ijobiy muhit shakllanishiga xizmat qiladi. AQSH hukumati o‘zbekistonlik talabalarni Qo‘shma Shtatlarga olib kelish bo‘yicha almashinuv dasturlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Hozir universitetlar ko‘magida yurtingizda amerikalik talabalar va olimlar sonini ko‘paytirish ustida ham ishlayapmiz. Universitetlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirish, stipendiya miqdorini oshirishga yordam beramiz. Ayniqsa, AQSH o‘rta maktablarida o‘qib, mezbon oilalar bilan yashash nazarda tutilgan bir yillik “Future Leaders Exchange” dasturi diqqatga sazovor. Bunday loyihalar tufayli o‘zbekistonlik talabalar mamlakatga innovatsion g‘oyalar bilan qaytadi.
Elchixonamiz Qo‘shma Shtatlarda o‘qishni istaganlarga bepul yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan “EducationUSA Advising Center” maslahat markazi faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Markaz har bir murojaatchi uchun mos universitet topish, ularga hujjat topshirish, kirish imtihonini topshirish va Amerikadagi talabalik hayotiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ko‘mak dasturlarini taqdim etadi.
– Siyosatchi, diplomat sifatida dunyoda sodir bo‘layotgan notinchlik xususida qanday fikrdasiz? Urush jahon, jumladan, O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin?
– Qo‘shma Shtatlar urushlar keltirib chiqaradigan qiyinchilikni, ziddiyatlar Markaziy Osiyodagi mahalliy hayotga, tirikchilik vositalariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishini tan oladi. Biz Markaziy Osiyodagi hamkorlarimizga iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va mustahkamlashda yordam berishga sodiqmiz. Masalan, sanksiyaning Rossiyadan boshqa davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyoga ta’sirini minimallashtirish ustida ishlashda davom etyapmiz.
Xulosa shuki, O‘zbekiston rivojlanishining yangi bosqichidagi tashqi siyosatda AQSH alohida o‘rin tutadi. O‘zaro hurmat, bir birining milliy manfaatini inobatga olishga asoslangan hamkorlik bundan keyin ham rivojlanib borishiga shubha yo‘q.
O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova suhbatlashdi.
- Qo'shildi: 04.07.2024
- Ko'rishlar: 1424
- Chop etish