Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlat va jamiyat korrupsiyaga qarshi kurashda birgalikda harakat qilmas ekan, uning oldini olish qiyin bo‘lishini qayd etdi. Bu jarayonda jamoatchilik qanday o‘rin tutishi kerak?
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Foziljon Otaxonov shu haqdagi fikrlarini bildirdi:
– Korrupsiya – jamiyat taraqqiyotiga jiddiy tahdid solayotgan illatlardan biri. U fuqarolarning davlat va jamiyatga bo‘lgan ishonchini so‘ndirib, qonun ustuvorligiga putur yetkazadi. Shu sababli, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi keskin kurash olib borish ustuvor vazifalardan biriga aylandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda nafaqat jazo choralari, balki uning oldini olish mexanizmlarini ishlab chiqish va samarali joriy etish ham muhim ahamiyatga ega. Bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirishning ahamiyati esa beqiyos. Chunki jamoatchilik nazorati bor joyda, ochiqlik, qonun ustuvorligi ta’minlanadi.
Fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari orqali korrupsiyaga qarshi kurashishda samarali jamoatchilik nazorati mexanizmlarini joriy etish talab etiladi. Shu bilan birga, sud va huquq-tartibot organlarida adolat va shaffoflikni ta’minlash orqali jinoyatchilikka qarshi murosasiz munosabatni kuchaytirish muhim ahamiyatga ega.
Zamonaviy texnologiyalardan foydalanish ham korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib borishda muhim o‘rin tutadi. Elektron hukumat tizimini rivojlantirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish, byurokratik to‘siqlarni yo‘qotish orqali korrupsiyaning oldini olish mumkin.
Davlat organlari huzuridagi Jamoatchilik kengashlari davlat va jamiyat o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajaradi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlari faol ishtirok etishi, jamoatchilik nazorati mexanizmlari yanada kuchaytirilishi zarur. Jamoatchilik kengashi va komplayens xizmatlari hamkorlikda ish yuritish orqali davlat organlari va xususiy sektorda korrupsiya xavflarini aniqlashi, ularni bartaraf etish bo‘yicha tizimli yondashuvni amalga oshirishlari zarur.
Buning uchun quyidagi vazifalarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega:
Birinchidan, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish – davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, davlat tashkilotlari va mansabdor shaxslar ustidan jamoatchilik nazoratini olib borish, korrupsiya va byurokratiyaga qarshi fuqarolar ishtirokini oshirish zarur.
Ikkinchidan, taklif va tashabbuslar ishlab chiqish – korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik fikrini o‘rganish, tegishli qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritish kerak.
Uchinchidan, axborot-tahliliy ishlarni olib borish – fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha monitoring o‘tkazish, ijtimoiy tadqiqotlar va so‘rovnomalar tashkil qilish, mavjud muammolarga yechim topish lozim.
To‘rtinchidan, huquqiy madaniyatni oshirish – aholi orasida huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali huquqiy savodxonlikni oshirish, davlat xizmatlari va islohotlar haqida ma’lumot berishni yo‘lga qo‘yish kerak.
Beshinchidan, fuqarolik jamiyati institutlari bilan aloqalarni mustahkamlash, jamoatchilik fikrini shakllantirish uchun davra suhbatlari, forumlar va konferensiyalar tashkil etish zarur.
Oltinchidan, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash – fuqarolar murojaatlarini qabul qilish, tahlil qilish va hal etish, davlat organlari va aholi o‘rtasida vositachilik qilish, fuqarolarning shikoyatlarini tegishli tashkilotlarga yetkazish lozim.
Yettinchidan, islohotlar monitoringi va baholash – qabul qilingan qarorlarning ijrosini monitoring qilish, davlat va jamiyat rivoji uchun amalga oshirilgan ishlar samaradorligini tahlil qilish, fuqarolarning davlat siyosatidan roziligini oshirish uchun samarali mexanizmlar yaratish bu boradagi ishlar samarali bo‘lishini ta’minlaydi.
Shuningdek, jamoatchilik kengashlarining komplayens xizmatlari bilan hamkorligi korrupsiya xavflarini kamaytirishga, korporativ boshqaruv va davlat boshqaruvida shaffoflikni oshirishga katta hissa qo‘shadi. Komplayens tizimini rivojlantirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqali davlat va xususiy sektorda korrupsiyaga qarshi kurashish imkoniyatlari yanada ortadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish – faqat huquqni muhofaza qilish organlari vazifasi emas, balki har bir fuqaroning burchidir. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, korrupsiyaga qarshi kurashishda jiddiy islohotlar va qat’iy choralar zarur. Shu boisdan, qabul qilingan chora-tadbirlarni qat’iy nazorat qilish, tizimli islohotlarni davom ettirish maqsadga muvofiq.
Davlat va jamiyat birgalikda harakat qilganda, korrupsiyaga qarshi samarali kurashish mumkin bo‘ladi. Shuning uchun ham korrupsiyaga qarshi kurashishda faol bo‘lishimiz va mamlakatimizning rivojiga hissa qo‘shishimiz zarur.
Norgul Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 11.03.2025
- Ko'rishlar: 542
- Chop etish