Yevroparlament e’tirofi: Asosiy qonunda asosiy e’tibor inson huquqi va erkinligini ta’minlashga qaratilgan

Shu kunlarda Yevropa parlamentining Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mo‘g‘uliston bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi raisi Fulvio Martushello rahbarligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi.

Mehmonlar dastlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga tashrif buyurishdi.

Quyi palatada bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” parlament hamkorlik qo‘mitasining navbatdagi majlisida so‘nggi yillarda hamkorlik sezilarli darajada faollashgani ta’kidlandi. Shu bilan birga ijtimoiy-iqtisodiy, investitsiya, moliya va huquq sohalariga doir, shuningdek, inson huquqini himoya qilish bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Spikerning birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov Qonunchilik palatasining tarkibiy tuzilishi, qonun ijodkorligi yo‘nalishidagi faoliyati, qo‘mitalar, komissiyalar va deputatlarning asosiy vazifasi, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston va YeI o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (KSHHB) ishlab chiqish bo‘yicha muzokara muvaffaqiyatli yakunlangan. 2019 yil fevralda boshlangan faol muloqot natijasida KSHHB loyihasi 2022 yil 6 iyulda parafirlanishi o‘zaro munosabat tarixida muhim voqeadir. Hamkorlikning barcha sohalarini qamrab olgan ushbu muhim hujjatning imzolanishi va kuchga kirishi O‘zbekiston — YeI aloqalarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi.

Uchrashuv davomida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohot, joriy yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy tadbir – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgarish va qo‘shimcha kiritish bo‘yicha umumxalq referendumiga tayyorgarlik haqida ham so‘zlab berildi.

Darhaqiqat, yangilanayotgan Konstitutsiya taraqqiy etgan davlat – Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida butun jamiyatni jipslashtiradi. Barcha qatlam manfaati inobatga olingan loyihani ishlab chiqishda keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ekspertlar, ilmiy doira vakillari, ziyolilar faol ishtirok etdi. Yangi Konstitutsiyada Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatiga kiradigan masalalar 5 tadan 12 taga, Senatning mutlaq vakolatidagi masalalar esa 14 tadan 18 taga oshishi kutilyapti.

Yevropa parlamenti vakillari yurtimizda olib borilayotgan islohotlarni, jumladan, Asosiy qonunda inson huquqi va erkinligiga oid normalar soni 3.5 barobar oshayotganini yuqori baholadi. Ayniqsa, insonning shaxsiy huquqi va erkinligi kafolati eng ilg‘or xalqaro standartga muvofiq kuchaytirilayotgani e’tirof etildi.

Muloqot davomida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi parlamentlararo hamkorligining joriy holati va istiqboli borasida ham fikr almashildi.

Tashrif doirasida mehmonlar qator vazirlik, idoralarda, ta’lim muassasalarida ham uchrashuv, muzokara o‘tkazishadi.

G.Sattorova, O‘zA

Powered by GSpeech