Buxoroda “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kursi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida o‘tkazildi.
Unda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Davlat va huquq instituti, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti rahbariyati va professor-o‘qituvchilari, Buxoro viloyati prokuraturasi va ichki ishlar tizimi xodimlari qatnashdi.
O‘quv kursi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturiga asosan o‘tkazilgani alohida ahamiyat kasb etdi.
Shuningdek, tadbirda Konstitutsiyaning yangi tahririni referendumga chiqarish haqidagi qarorning maqsadi, yangi tahrirga asosan, O‘zbekiston Konstitutsiyasidagi moddalar soni hozirgi 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshirilayotgani, 128 ta moddaning 91 tasiga konseptual o‘zgarishlar kiritilayotgani haqida ma’lumotlar berildi. Mashg‘ulotlar avvalida insonni qiynoqqa solishdan maqsad uning shaxsi va sha’nini oyoq osti qilish, or-nomusi va qadr-qimmatini toptash hamda xo‘rlashdan iborat ekaniga e’tibor qaratildi.
– Har bitta xodim qiynoq bilan bog‘liq bo‘lgan xalqaro standartlarni yaxshi bilishi kerak, – deydi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi professori Olimjon Matchonov. –Mana shu standartlarni ular yaxshi o‘zlashtirib, kelgusida o‘zini xizmat faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ymasligi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni hal qiladi. Bular trening sifatida o‘zini xodimlarini ichida mana shunga o‘xshagan seminar-treninglarni tashkil etib, olingan bilim va ko‘nikmalarni, ma’lumotlarni yetkazishlari mumkin bo‘ladi.
Aslida, tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etilishining o‘zi ham mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash tamoyilining keng kuloch yoyayotganidan dalolatdir.
– Tergov va surishtiruv jarayonlarida insonga bo‘lgan e’tibor ya’ni unga yaxshi muomalada bo‘lib, qonundan chiqmagan holatda haq-huquqlarini buzmagan holatda uni tergov va surishtiruv harakatlarini olib borish kerak, – deydi Departamentning Shofirkon tumani bo‘limi surishtiruvchisi Rustam Ochilov. – Inson qadrini qadrlashga qaratish kerak. O‘quv kursi ham bizni kelajakdagi ish faoliyatimizga juda ham katta foydasi tegadi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, mazkur o‘quv kursi BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda o‘tkazilmoqda. Mashg‘ulotlar qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmlarni takomillashtirish sohasida tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining xalqaro amaliyot va milliy tajriba asosidagi amaliy ko‘nikmalarini oshirilishiga ko‘maklashadi.
– Mazkur tashkil etilgan o‘quv kursi davomida biz xodimlarga qiynoq va muomala, jazolashning qattiq, shafqatsiz va insoniylikka zid bo‘lgan turlariga qarshi Konvetsiyaning mazmun mohiyati, qamoqqa olishga oid xalqaro tajribalar va standartlar keng muhokama qilindi, –deydi Buxoro shahar IIO FMB TB tergovchisi Bexruz Hayitov. – Amaliyotda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar birma bir tushuntirildi. Ushbu tashkil etilgan o‘quv kursi davomida biz xodimlar o‘zimizga kerak bo‘ladigan va amaliyotda ayni damda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, egallagan bilimlarimizni kelgusi amaliyotda tatbiq etish bo‘yicha bilimlarimizni egallab oldik.
Ikki kunlik qisqa o‘quv kursi davomida egallangan nazariy bilimlar amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlandi. Mashg‘ulotlar yakunida test sinovlari o‘tkazildi. Shundan so‘ng tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA
- Qo'shildi: 04.04.2023
- Ko'rishlar: 3920
- Chop etish